“Qudratimizga shubha qilsang, biz qurgan imoratlarga boq!”

“Qudratimizga shubha qilsang, biz qurgan imoratlarga boq!”

“Sen — qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!”

Bashariyat paydo bo‘lganiga ming-ming yillar bo‘ldi. Bu vaqt mobaynida qanchadan-qancha shaharlar, davlatlar, imperiyalar paydo bo‘ldi. Qaysidir davlatlar yillar silsilasida o‘tmish qa’riga singdi. Ammo milliy o‘zligini yo‘qotmagan, tarixan boy, ma’nan, aqlan yetuk, buyuk xalqlar tomonidan bunyod etilgan imoratlar, obidalar vaqt chig‘irig‘idan zamonamizga qadar yetib keldi. Yurtimiz ham ana shunday buyuk xalqlardan hisoblanadi. Ota-bobolarimiz tomonidan qurilgan inshootlar bugun ham o‘zining tarovati va mahobatini yo‘qotgani yo‘q. Samarqanddagi Registon, Buxorodagi Minorai Kalon, Xivadagi butun boshli qadimiy shahar, respublikamizning har bir burchagidagi imoratlar dunyo me’morchiligining yuksak namunalari qatorida qad rostlab turibdi.

Chindan ham, istiqlol oldimizda ulkan imkoniyatlar ochdi va xalqimiz uchun erkin va farovon hayot barpo etish, dunyo hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashdek yuksak maqsadlar yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Tarixan qisqa, biroq mazmunan asrlarga teng bu yillar davomida xalqimiz milliy taraqqiyot yo‘lidan izchil va qat’iyat bilan borib, barcha sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tyapti. Yutuq va marralarga erishmoqda. Bu o‘z navbatida yurtdoshlarimizning irodasi, kuch-qudrati hamda yurtimizda olib borilayotgan oqilona siyosatga berilgan haqqoniy baho deb o‘ylayman. Quvonarlisi, bugun ajdodlarga munosib voris bo‘layotgan xalqimiz tomonidan bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimiz ulkan qurilish maydoniga aylandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan poytaxtimizning yangi qiyofasini yaratishga qaratilgan “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi qurilmoqda.

Bu yil mamlakatimiz uchun sinov yili bo‘ldi. Qurilish sohasi uchun haqiqatan sinovli va mas’uliyatli davr bo‘lganiga hammamiz guvohmiz. Ammo mahoratli quruvchilarimiz dastlab Buxoro viloyatida, so‘ngra “Sardoba” suv omborida yuz bergan tabiiy ofat va toshqin oqibatlarini bartaraf qilish, ijtimoiy obyektlarni tiklash va ta’mirlash, ming-minglab oilalar uchun zamonaviy uy-joylar barpo etish ishlarida haqiqiy matonat va shijoat namunalarini ko‘rsatdi.

Bundan tashqari, butun dunyoga raxna solgan koronavirus pandemiyasi davrida g‘oyat qisqa fursatda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 4 ming o‘rinli ko‘p tarmoqli maxsus shifoxona, Yuqori Chirchiq tumanida aholini vaqtincha karantinda saqlash majmuasi kabi o‘nlab inshootlar hamda taqsimlash punktlari barpo etildi. Bemorlarni davolashda nafaqat shifokorlar, balki inshootlarni belgilangan muddatda, pishiq-puxta qurayotgan mohir quruvchilarimiz ham hissa qo‘shyapti.

Ayni vaqtda ulkan qurilish maydoniga aylangan ona diyorimizda bunyodkorlik ishlari jadal davom etyapti. Uzunligi 52,1 kilometr bo‘lgan Toshkent yer usti halqa metro yo‘li, Yunusobod va Sergelidagi yangi metro yo‘nalishlari, Yashnobod tumanidagi uch qavatli muhtasham ko‘prik, Islom sivilizatsiyasi markazi va boshqa ko‘plab muhim obyektlar yurtimiz ulkan bunyodkorlik maydoniga aylanganidan dalolat beradi.

Yirik megapolis shaharga aylanayotgan poytaxtimizning shoh ko‘chalari kengaytirilmoqda. Viloyatlarni bir-biriga bog‘laydigan yo‘llar ta’mirlanmoqda. Har bir viloyat, shahar, tumanlarda ijtimoiy, madaniy inshootlar qad ko‘tarmoqda. Qishloq-ovullarda shahardagi uylardan qolishmaydigan sharoitlarga ega namunali uylar qurilyapti. Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan xalqimiz, ayniqsa, aholining kam ta’minlangan qatlamlari, yosh oilalar uchun arzon va shinam uy-joylar qurish dasturi izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilda ana shu dastur bo‘yicha qishloq joylarda 12 mingdan ziyod, shaharlarda 18 mingdan ortiq ko‘p xonali uy-joylar barpo etilmoqda. Hozirgi vaqtda yurtimizda 2 ming 400 ga yaqin ijtimoiy obyekt, jumladan, 427 ta bog‘cha, 477 ta maktab, 216 ta sog‘liqni saqlash, 29 ta jismoniy tarbiya va sport muassasasi va 100 ga yaqin boshqa turli inshootlarda qurilish-montaj ishlari olib borilayotganini alohida qayd etish lozim.

Joriy yilning may oyida Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk Gʻalabaning 75 yilligiga bag‘ishlab poytaxtimizning Olmazor tumanida 12 gektardan ziyod maydonda qad rostlagan Gʻalaba bog‘i ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining har qanday qiyin sharoitda ham buyuk ishlarni amalga oshirishga qodir ekanini yaqqol namoyon etdi. Mazkur me’moriy obida bugungi kunda xalqimizning fashizmga qarshi kurashda ko‘rsatgan mislsiz qahramonligini tarix sahifalariga muhrlagan betakror majmuaga aylangani bilan har qancha faxrlansak arziydi. Gʻalaba bog‘i O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida g‘alabani ta’minlashga qo‘shgan ulkan hissasini, jasoratini bor ko‘lami bilan ko‘rsatib beradigan yaxlit majmuaga aylandi.

Bundan tashqari, poytaxtimizning qoq markazida 8 gektardan ziyod hududda Adiblar xiyobonining yaxlit me’moriy ansambli yaratilgani unutilmas voqea bo‘ldi. Xiyobonni g‘oyaviy-­badiiy jihatdan yanada boyitish maqsadida Bobur, Ogahiy, Berdaq, Muqimiy, Furqat, Behbudiy, Avloniy, Cho‘lpon, Qodiriy, To‘lepbergen Qayipbergenov, Ibroyim Yusupov, Aleksandr Faynberg singari atoqli namoyandalar xotirasiga bag‘ishlangan yangi yodgorlik majmualari ham yaratildi.

Joriy yilning 20 aprel kuni Prezidentimiz rahbarligida sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qurilish sanoati, koronavirus pandemiyasi ta’sirini yumshatish, aholi bandligini ta’minlash va iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish borasida katta imkoniyatlarga ega bo‘lgan “drayver” sohalardan biri ekanini ta’kidlagan edi.

Darhaqiqat, qurilish sohasi mamlakatimizning yetakchi sohalaridan biri sanaladi. Beixtiyor ulug‘ bobokalonimiz Amir Temurning Shahrisabzda qad rostlagan Oqsaroy peshtoqiga yozilgan “Agar bizning qudratimizga shubha qilsang, biz qurdirgan imoratlarga boq!” degan so‘zlari yodga tushadi. Bu so‘zlar Sohibqironning har bir me’morlik namunasi mamlakat kuch-qudrati, xalqning birligini o‘zida ifoda etishini chuqur his qilganini anglatadi.

Isbot talab etmas haqiqat shuki, rivojlanish bor joyda o‘zgarishlar bo‘ladi. Mamlakat gullab, yashnaydi. O‘zbekistonda esa ana shu muhim va istiqbolli jarayon davom etmoqda.

Barno SHAMSEMATOVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Chet tillari” kafedrasi mudiri


Print   Email