Yurtimizda ulug‘ ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularga hurmat ko‘rsatish kabi xayrli islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili milliy ta’lim va tarbiya tizimini yaratishga beqiyos hissa qo‘shgan mutafakkir, Turkiston jadidchilik harakati yetakchilaridan biri bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 145 yilligi hukumatimiz tomonidan keng miqyosda nishonlanib, alloma “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangani buning yorqin dalilidir.
Millat ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan ma’rifatparvar xotirasiga bo‘lgan hurmat, ehtirom bardavom bo‘lmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 146 yilligi munosabati bilan “Mahmudxo‘ja Behbudiyning ma’rifatparvarlik faoliyati” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Akademiya Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Munira Qahhorova, “Islom tarixi va manbashunosligi – IRCICA” kafedrasi professori Saidakbar Agzamxo‘jayev, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori Baxtiyor Hasanov, akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.