Xorijiy abituriyentlar qabuli suhbat asosida o‘tdi

Xorijiy abituriyentlar qabuli suhbat asosida o‘tdi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriat hamda magistratura bosqichlariga o‘z tanlagan mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qish maqsadida onlayn ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy abituriyentlar uchun suhbat o‘tkazildi.

Avval xabar berganimizdek, butun dunyoda bo‘lgani kabi COVID-19 pandemiyasi sharoitida abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida qabul jarayonlari onlayn tarzda tashkil etildi. E’tiborlisi, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisining 2-sonli Bayoni qaroriga muvofiq, (https://bit.ly/3laYwlj) xorijlik fuqarolar Akademiyaga suhbat asosida talabalikka qabul qilinishi belgilangan edi(!).

Shu bois bugun akademiyada o‘qish istagini bildirib, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan 14 nafar xorijlik abituriyent bilan Maxsus komissiya a’zolari onlayn ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbat o‘tkazishdi.

Suhbatda abituriyentlarning kasbiy ishtiyoqi va o‘qishga kirish sabablarini aniq va lo‘nda ifodalashi, ta’lim yo‘nalishiga muvofiq keluvchi fanlar majmuasi bo‘yicha egallangan bilimlari namoyishi, umumiy intellektual darajasi ko‘rsatkichlari — umumiy 100 ballik mezon asosida baholandi.

Oshkoralik, shaffoflik, xolislik va betaraflik tamoyillari asosida o‘tkazilgan suhbatda abituriyentlar o‘z xohishiga ko‘ra, o‘zbek, rus hamda ingliz tilida muloqotga kirishdi. “ZOOM” platformasi orqali abituriyentlarning navbat bo‘yicha suhbatga kirishi ta’minlandi. Suhbat avvalida abituriyentga hech bir chalg‘ituvchi vositalardan foydalanmasligi hamda muloqot natijasiga ko‘ra 55 va undan yuqori ball to‘plaganda talabalikka qabul qilinishi yana bir bor ma’lum qilindi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, 2020/2021 o‘quv yilida Akademiyada o‘qish istagini bildirib 8 ta davlatdan jami 131 nafar xorijiy abituriyent murojaat qildi. Ular qatorida Gretsiya, Indoneziya, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Afg‘oniston hamda Qirg‘iziston davlatlari fuqarolari mavjud.

Suhbat jarayonlari bilan bog‘liq yakuniy natijalar tez kunlarda akademiyaning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida e’lon qilinadi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email