Turkiya olimlarining Moturidiy merosiga qiziqishi tobora ortmoqda

Turkiya olimlarining Moturidiy merosiga qiziqishi tobora ortmoqda

O‘zbekiston qadimdan ilm-u ma’rifat markazi, madaniyat o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Shu bois, yurtimizdan yetishib chiqqan allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. O‘rta asrlarda yashab ijod qilgan Sharq allomalari va mutafakkirlarining ilmiy-ma’naviy merosi, jahon ilm-fani, sivilizatsiya rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi dunyo olimlari hamda jahon hamjamiyati tomonidan hamisha yuksak e’tirof etiladi.

Shu ma’noda, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari taraqqiyotning yangi bosqichiga intilayotgan xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy barkamolligini namoyon qilishi bilan bir qatorda, Uchinchi Renessans davri poydevori vazifasini bajaruvchi ilm-ma’rifat maskanlari bo‘lishi shubhasiz.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Anqara universiteti “Ilohiyot” fakulteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish borasida ZOOM platformasi orqali onlayn ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Unda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davron Maxsudov “Moturidiylik ta’limotini o‘rganishning bugungi kundagi ahamiyati” mavzusida ma’ruza qildi. Shuningdek, Anqara universiteti Ilohiyot fakulteti dekani Shamil Dag‘ji “Movarounnahr hanafiy faqihlarining Islom huquqshunosligida tutgan o‘rni” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.

Anjuman davomida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, xususan, Abu Mansur Moturidiyning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng jamoatchilikka targ‘ib qilish hamda xorijiy ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot markazlari bilan xalqaro hamkorlik loyihalarini yanada  kengaytirish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Turkiyaning Anqara universiteti o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi asosida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Turkiyaning Anqara universiteti “Ilohiyot” fakulteti o‘rtasida kelishuv shartnomasi imzolandi.

 

Ikki tomonlama hamkorlik yaqin orada yuksak ilmiy samaralarga erishishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email