Qozog‘istonning Pavlodar davlat universiteti tajribasi o‘rganildi

Qozog‘istonning Pavlodar davlat universiteti tajribasi o‘rganildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Din psixologiyasi va pedagogika” hamda Qozog‘iston Pavlodar davlat universiteti “Psixologiya va pedagogika” kafedralari hamkorligida onlayn davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

“Covid-19 pandemiyasi sharoitida Psixologiya va pedagogika fanlarini o‘qitish masalalari” mavzusida tashkil etilgan tadbirni “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Zebo Kasimova olib bordi.

Ma’lumki, pandemiya tufayli yakunlangan o‘quv yilining bahorgi mavsumi noodatiy, masofaviy tarzda o‘tkazildi. Bu o‘ziga xos murakkabliklarni keltirib chiqargani tabiiy. Shu bois yangi o‘quv mavsumiga ham oz fursat qolayotgan bir vaqtda masofaviy o‘qitish jarayonida yuzaga kelgan kamchiliklarni bartaraf etish muhim ahamiyatga ega. Bunda xorijiy oliy ta’lim muassasalari tajribasini o‘rganish foydadan xoli bo‘lmaydi.

Video anjumanda Pavlodar davlat universitetining “Psixologiya va pedagogika” kafedrasi professori, psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa fanlari doktori Adil Samekin “Pandemiya davrida Qozog‘istonda talabalar uchun masofaviy o‘qishni tashkil etishning Toraygirov universiteti misolida” ma’ruzasi bilan qatnashdi.

— Har bir mamlakatda bo‘lgani kabi Qozog‘iston oliy ta’lim tizimi ham onlayn ma’ruzalar tizimiga o‘tdi, — deydi falsafa fanlari doktori Adil Samekin. — Zoom, WebEx internet platformalari, Telegram, Whatsapp kabi messenjerlar orqali darslar o‘tkazildi. Yangi o‘quv yilida har bir talabaning elektron pochtasiga dars ma’ruzalari, nazorat savollari yuboriladi. Ayni paytda Qozog‘istonda birinchi semestrni onlayn shaklda o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Albatta, an’anaviy o‘qitish tizimidan butunlay farq qiladigan bunday darslarda nafaqat o‘qituvchilar, balki talabalardan ham faollik talab etiladi. Video ma’ruzalarni qisqa, interfaol usulda olib borish ko‘zda tutilyapti.

Mazmunli o‘tgan tadbirda Adil Samekin mavzu yuzasidan berilgan savollarga batafsil javob berdi. Ishtirokchilar maroqli o‘tgan seminar uchun olimga o‘z minnatdorligini bildirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email