Psixologiya fanini o‘qitishda xorij tajribasi

Psixologiya fanini o‘qitishda xorij tajribasi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi tomonidan 4-bosqich talabalari uchun ZOOM platformasi orqali onlayn mahorat darsi tashkil etildi.

Seminarda M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi dotsenti, psixologiya fanlari nomzodi Igor Mojarovskiy “Psixologiyani o‘qitish usullari” mavzusida ma’ruza qildi. Tadbirda “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi mudiri Zebo Qosimova, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Mahorat darsini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi katta o‘qituvchisi, psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Adil Samekin kirish so‘zi bilan ochib, barcha ishtirokchilarga o‘qish va izlanishlarida muvaffaqiyat tiladi.

– Hozirgi vaqtda pedagogik psixologiyaning eng muhim vazifalaridan biri ta’lim jarayonini yanada takomillashtirishning psixologik asoslarini ishlab chiqishdan iborat, – deydi Igor Mojarovskiy. – Pedagogik psixologiya ta’lim-tarbiya jarayonining tashkilotchisi bo‘lgan o‘qituvchi shaxsini, uning pedagogik faoliyat xususiyatlarini o‘rganadi. Bunda o‘qituvchining ta’lim-tarbiya ishlaridagi yutuqlarni ta’minlovchi sifatlarni ajratib ko‘rsatish bilan birga uning bilim, ko‘nikma, malaka va qobiliyatlari aniqlanadi. Bu jihatga bitiruvchi kurs talabalari e’tibor berishlari kerak.

Mahorat darsi davomida psixologiya fanlari nomzodi Igor Mojarovskiy mazkur fanni o‘qitish uchun bo‘lajak psixologlar qaysi jihatlarga e’tibor berishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

Dars yakunida talabalar tomonidan ma’ruzachiga mavzu yuzasidan savollar berildi. Ishtirokchilar mazmunli dars uchun ma’ruzachi Igor Mojarovskiyga minnatdorchilik bildirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email