O‘zbekiston — Germaniya: Allomalar ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganishda hamkorlik

O‘zbekiston — Germaniya: Allomalar ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganishda hamkorlik

Hozirgi pandemiya sharoitiga qaramasdan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, sohada rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish, ularning professor-o‘qituvchi, olimlari, turli soha vakillari bilan onlayn muloqotlarni tashkil etish ishlari davom etmoqda.

Kuni kecha O‘zbekistonning Germaniyadagi Bosh konsulligi hamkorligida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Germaniyaning Myunster universiteti vakillari ishtirokida o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda har ikki nufuzli xalqaro oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy-pedagogik faoliyat hamda islom dini ilm-ma’rifatini tadqiq etish, undan jahondagi bugungi global muammolarni hal etishda ilmiy foydalanish borasidagi amaliy ishlarni kengaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Muloqotda O‘zbekistonning Germaniyadagi Bosh konsulligi vakili N.Mamajonov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar markazi direktori J.Karimov, “Islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi mudiri D.Maxsudov, “Chet tillari” kafedrasi mudiri B.Shamsimetova, tarix fanlari doktori I.Bekmirzayev, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i B.Xo‘jayev, bo‘lim uslubchisi J.Sobirov hamda Germaniyaning Myunster universiteti Islom ilohiyoti markazi rahbari Mouxanad Korxide, universitet o‘qituvchisi Albina Xass, Xalqaro koordinator Katrina Rachik, Islomshunoslik bo‘yicha tadqiqotchi Raid al-Dagistani, Qur’on va Islom tarixi bo‘yicha tadqiqotchilar — Yasin Yahyo, Silviya Roukamp ishtirok etdi.

Samimiy o‘tgan onlayn muloqotlarda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida har tomonlama hamkorlik aloqalarining kengayib borayotgani, ta’lim tizimida erishgan yutuqlari bo‘yicha har ikki tomonlarning soha mutaxassislari tajriba almashinuvi, allomalarining ilmiy-ma’naviy asarlarini tadqiq etishni tizimli yo‘lga qo‘yish, olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalaridan bahramand etish, birgalikda turli ilmiy-amaliy anjumanlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish va bildirilgan takliflar bo‘yicha hamkorlik kelishuvlariga erishish kabi masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuvda akademiyaning Ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar markazi direktori J.Karimov ishtirokchilarga akademiya faoliyati, amalga oshirayotgan ishlari haqida batafsil ma’lumot berib, o‘zbek ma’rifatparvar allomalarining nodir asarlari turli tillarga tarjima qilinayotgani va bundan Germaniyadagi ta’lim muassasalari ham keng foydalanishlari mumkinligini bildirdi.

O‘z o‘rnida Germaniyaning Myunster universiteti vakillari ham o‘z ta’lim dargohidagi ilmiy-pedagogik, tadqiqotchilik faoliyati, bu borada erishilayotgan yutuqlar haqida axborot berib o‘tishdi. Jumladan, Islom ilohiyoti markazi tomonidan oxirgi yillarda samarali ishlar amalga oshirilgani, ilmiy-ma’rifiy qo‘llanmalar chop etilgani, nemis tadqiqotchilarining o‘zbek allomalari asarlariga qiziqishi yuqori ekani ta’kidlab o‘tildi.

—  Imom Moturidiy merosini o‘rganish Yevropa olimlari uchun katta qiziqishga sabab bo‘ladi, — deydi Mouxanad Korxide. — Uning o‘rganilmagan asarlarini tadqiq etish, o‘zbek va nemis olimlari hamkorligida yangi ilmiy risolalarni chop etish, ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish muhim ahamiyatga ega.

Muzokaralar davomida har ikki oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasasi o‘rtasidagi yaqin hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashinuvga oid amaliy tadbirlarni muntazam o‘tkazish va ularning yakunlari bo‘yicha bildirilgan takliflar yuzasidan aniq rejalarni ishlab chiqish soha rivoji uchun o‘z samarasini berishi aytildi.

Do‘stona o‘tgan muloqot so‘ngida har ikki tomon vakillari uchrashuv bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishdi. Hamkorlikda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati 

 


Print   Email