O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasida vatandoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasida vatandoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Mamlakatimizning Misrdagi elchixonasida vatandoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi professori, siyosiy fanlar doktori Muhammadolim Muhammadsidiqov taklif qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Ishtirokchilarga O‘zbekiston rahbariyati tomonidan diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, respublikada turli dinlar va konfessiyalarning tinch-totuv yashashi, diniy ekstremistik tashkilotlarning buzg‘unchi mafkuralari, yoshlarni mazkur xurujlardan asrash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Buzg‘unchi kuchlar, ularning ommaviy axborot, g‘oyaviy va psixologik ta’siri haqida so‘z yuritildi.

Uchrashuvda yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z bordi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi doirasida “Uchinchi Renessans” poydevorini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, so‘nggi 5 yilda ta’lim tizimi tubdan isloh etilib, yoshlarni maktabgacha ta’limdan to oliy ta’lim bilan qamrab olish bo‘yicha qat’iy chora-tadbirlar ko‘rilayotgani e’tirof etildi. Shu maqsadda Toshkent hamda viloyat markazlarida ko‘plab xorijiy universitetlarning filiallari ochilib, mavjud ta’lim muassasalariga qabul kvotalari ko‘paytirildi.

Shuningdek, professor Muhammadolim Muhammadsidiqov tomonidan respublikada yuqori sifatli diniy ta’lim olish uchun sharoit yaratishga katta e’tibor berilayotgani, buning yorqin namunasi sifatida 2018-yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Samarqand hamda Surxondaryo viloyatlarida malaka oshirish Markazlari filiallari tashkil etilgani ta’kidlandi.

O‘zbekistonda ajdodlarning diniy va ilmiy merosini o‘rganish, keng jamoatchilikka islom dinining chinakam insonparvarlik mohiyatini etkazish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar tinglovchilarning diqqat-e’tibor markazida bo‘ldi. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Nasafiy, Imom Termiziy va boshqa olimlar va ilohiyotchilarning ko‘plab asarlari o‘zbek tilida qayta nashr etilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis markazi, shuningdek, mintaqalardagi o‘rta maxsus ilmiy maktablar tashkil etildi.

Davra suhbati davomida elchixona xodimlari so‘zga chiqdi. Ular O‘zbekiston Prezidentining Ramazon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigi haqida to‘xtalib, yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish zarurligi, bunda ota-ona hamda ta’lim muassasalari roli muhimligiga e’tibor qaratishdi. Dunyoviy ilmlar va chet tillarini o‘rgatish, shuningdek, din va zamonaviy bilimlarga asoslanib, yot mafkuraga qarshi kuchli immunitetni shakllantirishga da’vat qilindi.

Uchrashuvda o‘zbek pedagogi Mahmudxo‘ja Behbudiyning o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan hikmatli “Bu dunyoda sobit turmoq uchun bizga ma’naviy qadriyatlar qatorida dunyoviy bilimlar kerak”, degan fikrlari keltirildi.

Bundan tashqari, tadbir davomida O‘zbekistondagi tadbirkorlik faoliyatini faollashtirish, ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish, eksport qilinadigan mahalliy tovarlarni Misr bozoriga diversifikatsiya qilish kabi masalalar yig‘ilganlar e’tiborida bo‘ldi. Qayd etilishicha, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholini ish bilan ta’minlash mamlakat iqtisodiy siyosatida katta ahamiyatga ega.

Shu nuqtai nazardan, Misrdagi o‘zbek diasporasi ishtirokida mamlakatimizda yangi loyihalarni amalga oshirishda O‘zbekiston elchixonasi har qanday yordamga tayyor ekanligi ta’kidlandi. Misrlik sayyohlarni O‘zbekistonga jalb qilish masalalariga alohida e’tibor berilmoqda. Shu sababli ularga Misr fuqarolari orasida tarqatish uchun respublikaning turistik joylari to‘g‘risida tarqatma materiallar topshirildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zaro fikr almashish va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email