O‘zbekiston va Germaniya islomshunos olimlari hamkorligi kengayadi

O‘zbekiston va Germaniya islomshunos olimlari hamkorligi kengayadi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Germaniyaning Myunster universiteti qoshidagi Islomshunoslik markazi vakillari o‘rtasida muloqot o‘tkazildi.

Onlayn shaklda tashkil etilgan tadbirda o‘zbekistonlik va germaniyalik islomshunos olimlar 2018-yilda o‘rnatilgan hamkorlik aloqalarining rivojlanish jarayonini tahlil qilgan holda, avval kelishilgan loyihalarning istiqbolini muhokama qildi, kelajakda o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab olish yuzasidan fikr almashdi.

Jumladan, islom dunyosining buyuk allomasi, vatandoshimiz Imom Moturidiy asarlarini birgalikda o‘rganish, yoshlar orasida diniy radikalizm g‘oyalariga qarshi samarali kurashishda aynan ushbu o‘zbek mutafakkir olimining ilmiy merosidan foydalanish, uni dunyoga tarqatish, ushbu tadqiqot markazlarida islomshunoslikka oid chop etiladigan nashrlarda Moturidiy asarlari va islom dinini o‘rganishga qaratilgan izlanishlar natijalari, ilmiy maqolalar chop etib borish yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishdi.

Tomonlar mazkur doirada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Imom Moturidiy markazida germaniyalik islomshunoslarning tahsil olishi va ilmiy izlanishlar yuritishi, o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilarning esa nemis kasbdoshlariga kasb mahorati ko‘rsatish maqsadida Myunster universitetida tajriba almashishi hamda ushbu loyihalar uchun o‘zaro stipendiyalar ajratish masalalarini atroflicha muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida ikki oliy bilim yurti vakillari hamkorlikning navbatdagi loyihasi sifatida joriy yil oktabr oyida dunyo bo‘yicha Imom Moturidiy merosini o‘rganayotgan yosh olimlarga o‘zaro aloqalar o‘rnatish va yanada rivojlantirishga imkon beruvchi xalqaro konferensiya tashkil etishga kelishdi.

Sermahsul va amaliy kelishuvlarga boy bo‘lgan uchrashuv yakunida tomonlar bundan buyon ham loyihalarni amalga oshirilishini muntazam monitoring qilib borish to‘g‘risida kelishib olishdi, hamkorlikni kengaytirishga doir qo‘shimcha ma’lumotlar almashildi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email