O‘zbekiston-Tatariston: Turizm davlat qo‘mitasi raisi bilan uchrashuv, ziyorat turizm taqdimoti, B2B

O‘zbekiston-Tatariston: Turizm davlat qo‘mitasi raisi bilan uchrashuv, ziyorat turizm taqdimoti, B2B

O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Xalqaro islom akademiyasi, Musulmonlar idorasi, O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi vakillaridan iborat delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasiga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif doirasida Tatariston Respublikasi Turizm davlat qo‘mitasi raisi Sergey Ivanov bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida ziyorat turizmi va gastronomik turizm bo‘yicha hamkorlik istiqbollari, soha uchun kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ikki tomon nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni faollashtirish, targ‘ibotni kuchaytirish, shuningdek Qozon shahridan charter reyslar tashkil etish orqali sayyohlarning O‘zbekstonga kelishi kabi qator masalalar muhokama qilindi.

Shundan so‘ng, Qozon shahridagi “Miraj” mehmonxonasi anjumanlar zalida O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot hamda ikki tomon turoperatorlari o‘rtasida B2B uchrashuvlar o‘tkazildi. Tadbirlarda Tatariston Respublikasining 70 ga yaqin turoperatori ishtirok etib, tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha zarur kelishuvlarga erishildi.

“Oxirgi yillarda O‘zbekistonga borayotgan sayyohlar soni keskin oshgani barchamizga ma’lum, tataristonlik sayyohlar ham shular jumlasidandir. Bu yil ham O‘zbekistonda ijobiy tendensiyalar davom etishiga ishonamiz. Tatariston aholisi uchun nafaqat madaniy-tarixiy, gastronomik turizm, balki ziyorat turizm yo‘nalishi ham qiziq bo‘lishi shubhasiz”, - dedi hamda mahalliy turoperatorlarni o‘zbekistonlik hamkasblari bilan faol hamkorlik qilishga chorladi.

Shundan so‘ng Turizm va sport vazirligi tomonidan ziyorat turizm taqdimoti o‘tkazildi. Tadbir doirasida taniqli hattot Habibulloh Solih tomonidan namoyish etilgan mahorat darsi tataristonliklarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulligi tashabbusi bilan Tataristondagi vatandoshlarimiz ishtirokida madaniy dastur namoyish etilib, o‘zbekona dasturxon yozildi.

Ta’kidlash joizki, RF shaharlarida bo‘lib o‘tayotgan ushbu tadbirlar Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining “Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov topshirig‘iga muvofiq o‘tkazilmoqda.

Turizm va sport vazirligi Tatariston Respublikasidagi ziyorat turizm targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishda yaqindan yordam bergan O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi hamda Qozon shahridagi Bosh konsulligiga minnatdorchilik bildiradi.

Manba: uzbektourism.uz


Print   Email