Moturidiy ilmiy merosi va navro‘z sayllari indoneziyaliklar nigohida

Moturidiy ilmiy merosi va navro‘z sayllari indoneziyaliklar nigohida

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Indoneziya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda Indoneziya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi, Protokol va Konsullik ishlari bo‘limi boshlig‘i – Ika Yuniar Vulandari xonim, Indoneziya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi ikkinchi kotibi, Ijtimoiy-madaniyat bo‘limi boshlig‘i - Rahendro Vitomo hamda elchixona xodimi - Maqsud Xoshimov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davron Maxsudov, markaz xalqaro bo‘lim boshlig‘i Javoxir Sobirov va Jamoliddin Karimov ishtirok etdi.

Mazkur uchrashuv doirasida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Indoneziya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi bilan birgalikda ikki tomonlama o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, xususan, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Indoneziyadagi ilmiy tadqiqot muassasalari, ta’lim muassasalari bilan ilmiy hamkorlik loyihalarini yanada kengaytirish, moturidiylik ta’limoti asosida moʻtadil ta’limotni, islom dinining bag‘rikenglik va bunyodkorlikka chaqiruvchi g‘oyalarini, ma’rifiy islomni Indoneziyada targ‘ib qilishda O‘zbekiston tajribasini o‘rganish, Moturidiy va uning izdoshlari bo‘lgan allomalarning boy ilmiy merosini indonez tiliga tarjima qilish, sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan mutaxassislarning o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi muhim masalalar muhokama qilindi hamda ikki tomonlama hamkorlikni doimiy tarzda amalga oshirishga kelishib olindi.

Uchrashuv davomida mehmonlar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasidagi manbalar xazinasi va u yerdagi qadimgi qo‘lyozma asarlar bilan tanishdilar. Shuningdek, Akademiya hududidagi Shayx Xovand Tohur va Qaldirg‘ochbiy maqbaralarini ham ziyorat qildilar.

Tashrif davomida mehmonlar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Navro‘z sayli oldidan ko‘rilayotgan taraddud bilan qiziqishdi. O‘zbek xalqining o‘ziga xos milliy taomi sumalak tayyorlanish va “Navro‘z” umumxalq bayramining nishonlanishi mehmonlarda katta taassurot uyg‘otdi.

 Mehmonlar ana shunday yuqori kayfiyatda, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasiga yoddan chiqmas  uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirishdi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 


Print   Email