Misrning “Al-Xabar al-youm” gazetasida O‘zbekistondagi  diniy-ma’rifiy soha islohotlari e’tirof etildi

Misrning “Al-Xabar al-youm” gazetasida O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy soha islohotlari e’tirof etildi

Misr Arab Respublikasining har kuni qariyb 2 million nusxada chop etib kelinayotgan nufuzli “Al-Xabar al-youm” (Kun xabari) gazetasida “O‘zbekistonda Imom al-Moturidi nomidagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tashkil etildi” sarlavhali maqola (https://bit.ly/34uLrx7) chop etildi.

Maqolada 2020-yil 11-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori asosida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida yana bir nufuzli ilm-ma’rifat maskani tashkil etilgani keng yoritilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar keng tahlil etilgan maqolada islom olamidagi buyuk alloma Imom Moturidiy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlodni umumiy ezgu insoniy g‘oyalar ruhida tarbiyalash va mafkuraviy immunitetni shakllantirishda ushbu markaz faoliyati muhim ahamiyat kasb etishi haqida so‘z boradi. Ayni paytda Davlatimiz rahbarining bu tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan munosib e’tirof etilmoqda.

Maqolada aqida va kalom ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Imom Moturidiy va uning izdoshlari bo‘lgan allomalarning ulkan ilmiy, diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, xalq va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ushbu mavzularga doir ilmiy tadqiqotlarni tizimli tashkil etish kabi muhim masalalarga e’tibor qaratiladi.

Xabaringiz bor, joriy yilning 11-avgustida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilingandi. Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish ko‘zda tutilgandi.

Mazkur qaror zamirida islom dini, xususan, aqida va kalom ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ alloma – Imom Moturidiy hamda unga izdosh dunyo olimlarining ilmiy, diniy-ma’naviy merosi chuqur o‘rganish, uni yoshlarga keng targ‘ib qilish kabi ezgu maqsad yotibdi.

Qaror matnida markaz va muassasalar o‘rtasida samarali xalqaro hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rsatilgan. Muxtasar aytganda, O‘zbekistonda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi diniy-ma’naviy sohadagi islohotlarning yangi bosqichini o‘rganishga imkon beradi.

Darhaqiqat, Abu Mansur Moturidiy merosi islom dinining asl fitratini namoyon qilib, jahon tamadduniga katta hissa qo‘shadigan noyob manba hisoblanadi. Zero, bu kabi bebaho ma’naviy mahzanni o‘rganish va uni keng jamoatchilikka yetkazishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email