Misrdan munosabat: Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ma’naviy-marifiy sohalarda boshlangan muhim yangilanishlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda

Misrdan munosabat: Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ma’naviy-marifiy sohalarda boshlangan muhim yangilanishlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda

O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi tomonidan Qohiradagi  «Hivor» siyosiy va axborot tadqiqotlar markazida «Xalqaro va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash O‘zbekistonda Uchinchi Renessans asosidir» mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tadbirdan maqsad mamlakatimizda  millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni Misr jamoatchiligiga yetkazishdan iborat.

Ilmiy-amaliy anjumanda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, «Hivor» siyosiy va axborot tadqiqotlar markazi mutasaddilari, Misrdagi yirik ommaviy axborot vositalari rahbarlari va xodimlari  ishtirok etdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, siyosiy fanlar doktori Muhammadolim Muhammadsidiqov Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yurtimizda  ta’lim, ma’naviy-ma’rifiy, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. U mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni alohida ta’kidladi.

Respublikamizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining ochilishi, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda hadis maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi buyuk ajdodlar merosini o‘rganish, avaylab asrash, yosh avlodga yetkazishda muhim o‘rin tutayotgani ma’lum qilindi.

 «Al-Gumhuriya» gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Muhammad Tal’at o‘z ma’ruzasida O‘zbekiston-Misr hamkorligi borasida to‘xtalib, so‘nggi yillarda ikki tomonlama aloqalar turli sohalarda jadal rivojlanayotganini bildirdi. Xususan, Prezident Abdulfattoh as-Sisining 2018-yil sentabr oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrifi o‘zaro munosabatlar tarixida yangi sahifa ochganini qayd etdi. Toshkentda  Prezident  Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar natijasida erishilgan kelishuvlar siyosiy, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, madaniy, ilm-fan, turizm va diniy sohalardagi hamkorlikni jadal rivojlantirishga mustahkam zamin yaratgani alohida ta’kidlandi.

«Hivor» axborot va siyosiy tadqiqotlar markazi direktori Ahmad Tohir O‘zbekiston rahbariyatining Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini, 40 yildan ziyod davr mobaynida davom etayotgan nizoni bevosita afg‘onlarning o‘zlari tashqi aralashuvsiz siyosiy vositalar bilan hal etish zarurligiga oid qat’iy tashabbusini yuqori baholadi. «O‘zbekiston qo‘shnisi Afg‘onistonga notinchlik va xavf-xatar manbasi emas, balki birodar mamlakat va iqtisodiy hamkor sifatida munosabatda bo‘layotgani, uni mintaqaviy jarayonlarga jalb qilayotgani e’tiborga molik», - dedi u.

A.Tohir joriy yilda o‘tkaziladigan  «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiyada iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma transport-logistika loyihalarini amalga oshirish kabi masalalarni muhokama qilish va bu borada amaliy tavsiyalar ishlab chiqilishi jihatidan muhim tadbir ekanini ta’kidladi. U, shuningdek, O‘zbekistonda millatlararo totuvlikni ta’minlash, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar mamlakat va butun mintaqa barqarorligini ta’minlashda dolzarb ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi.

«Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida «Shonli tarixdan – buyuk kelajak sari» shiori ostida ma’naviy-marifiy sohalarda boshlangan juda muhim yangilanishlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Chunonchi, buyuk ajdodlar xotirasiga, ular qoldirgan bebaho merosga e’tibor, yosh avlodni ularga munosib bo‘lishga intilish ruhida tarbiyalash bo‘yicha olib borilayotgan tub o‘zgarishlar natijasida O‘zbekistonda Uchinchi Renessans uchun mustahkam poydevor qurilmoqda», - dedi «Hivor» markazi rahbari.

Ilmiy-amaliy seminar yakunida Misrda buyuk o‘zbek ulamolari merosiga bag‘ishlangan anjumanlar, yoshlarga oid davlat siyosati, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi bag‘ishlangan «davra suhbati»ni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.


Print   Email