Kompyuter to‘g‘risidagi bilimlar otasi yoxud insonning koinot va sayyoralarga yo‘l topishi uchun xizmat qilgan alloma

Kompyuter to‘g‘risidagi bilimlar otasi yoxud insonning koinot va sayyoralarga yo‘l topishi uchun xizmat qilgan alloma

O‘tmishda ilmparvar Xorazm diyoridan ko‘plab olim-u ulamolar, yozuvchi-yu shoirlar, madaniyat va san’at namoyandalari yetishib chiqqan. Shunday buyuk shaxslardan biri mashhur matematik, astronom va geograf Muhammad ibn Muso Xorazmiydir. Uni butun jahonda algebra fani asoschisi sifatida tan olishadi.

Matematikaning fan sohasi sifatida yozma tarzda o‘rganilishi va o‘rgatilishi Muhammad Xorazmiy faoliyati bilan boshlab berildi. Bu olim Yunoniston, Eron va Hindiston matematika maktablari usullarini birlashtirish orqali o‘zining eng muhim asari bo‘lmish «Al-Jabr va-l-Muqobala» asarini yaratdi.

Ushbu asar o‘sha davrda xalqning kundalik ehtiyojlari hamda olimlar va tadqiqotchilarda vujudga kelgan savollarga javob tariqasida yozilgan. Asar meros va mol-mulkni bo‘lib olish, turli oldi-berdilarni amalga oshirish va suv kanallarini qazish masalasida manba sifatida yaratilgan.

Darvoqe, ushbu kitobning birinchi bobi Algebra fani asosiga bag‘ishlangan deb bilish mumkin. Kitobning ikkinchi bobida ilmiy o‘lchovlar, uchinchi bo‘limida esa vasiyat, meros va mol-mulkni taqsimlash masalalari to‘g‘risida so‘z yuritiladi.

Xorazmiy «Al-Jabr va-l-Muqobala» asari debochasida shunday yozadi:

«Alloh Hazrat Muhammad (s.a.v.)ni odamlarning payg‘ambarlar bilan rishtasi uzilgan va ular Haqni tanimay qolgan bir chog‘ida payg‘ambar qilib yubordi. Bu payg‘ambarning kelishi bilan qalb ko‘zi ko‘rlar ko‘radigan bo‘lib, yo‘ldan adashganlar yo‘q bo‘lib ketishdan qutqarilib qoldilar. Alloh Muhammad (s.a.v.) va ul zotning xonadoni ahliga salovat yo‘llasin».

Belgiyalik mashhur tarixchi Jorj Sarton (1884-1956) o‘zining fan tarixiga bag‘ishlangan kitobida milodiy to‘qqizinchi asrni Xorazmiy asri va davri deb atagan. Atoqli fransuz tadqiqotchisi Aristid Marr (1823-1918) esa Muhammad ibn Muso Xorazmiyni yangi Yevropa xalqlarining algebra fanidagi haqiqiy muallimi deb biladi.

Xorazmiyning matematika va trigonometriya, astronomiya va geografiya fanlariga kiritgan hamda bu sohalar olimlarining tadqiqotlari uchun kerak bo‘lgan asboblar yaratishda amalga oshirgan yangiliklari hayratlanarli va tahsinga loyiq.

Sivilizatsiyalar tarixiga oid o‘n bir jildlik asar yozgan tarixchi Uilyam Dyurant (1885-1981) u to‘g‘risida shunday yozadi: «Xorazmiy haqiqatda quyidagi besh fan sohasida dunyo xalqlariga xizmat ko‘rsatgan: birinchisi – hind raqamlari va sonlari deb ataluvchi tizimni jahon matematika faniga kirgizdi; ikkinchisi – boshqa olimlarning astronomik jadvallarini takomillashtirdi; uchinchisi – bizga ma’lum bo‘lgan eng qadimiy trigonometrik jadvallarni tuzdi; to‘rtinchisi – boshqa olimlar bilan birgalikda dunyo mamlakatlari geografiyasiga bag‘ishlangan ilk qomusni yozdi; beshinchisi – qo‘shuv va tenglama hisobiga bag‘ishlangan asarida ikkinchi darajali tenglamalar uchun tahliliy va geometrik yechim yo‘llarini ishlab chiqdi».

Muhammad Xorazmiy Hindistonga qilgan safarida hind matematiklari kashfiyotlariga tayangan holda «Kitob hisob al-hindiy» («Hind hisobi haqida kitob») va «al-Kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr va al-muqobala» («To‘ldirish va qarama-qarshi qo‘yish hisobi haqida qisqacha kitob») nomli asarlarini yaratdi.

Xorazmiy belgili sonlarni qo‘llagan birinchi matematik hisoblanadi. U ushbu ish uchun o‘ziga xos atamalar qo‘llagan bo‘lib, manfiy sonlarni «noqis», musbat sonlarni esa «zoyid» deb atagandi. O‘sha davrga qadar matematikada harflarni qo‘llash odat tusiga kirmagandi.

Xorazmiyning matematika faniga kiritgan yana bir yangiligi noma’lum son tushunchasidir. U o‘z asarida «shiyʼ» («narsa») so‘zini noma’lum son ma’nosida qo‘llaydi. Keyinchalik Yevropa va jahon matematiklari ushbu tushunchani qo‘llay boshlashadi.

Xorazmiy tomonidan amalga oshirilgan muhim ishlardan yana biri – yer meridiani bir darajasining uzunligini aniqlash bo‘lib, shuning o‘zi yerning sharsimon ekanligini ko‘rsatardi.

Aytishlaricha, u As’hobi Kahf to‘g‘risida tadqiqot va izlanishlar olib borgan kishilar jumlasidan ham bo‘lgan.

Xorazmiy astronomiya sohasida ham nom chiqargan va alohida kitob yozgan. Uning astronomik va trigonometrik jadvallarni o‘z ichiga oluvchi «Zij» («Yulduzlar jadvali») asari 1126 yili lotin tiliga tarjima qilinib, Ispaniya orqali butun Yevropaga tarqaldi.

 Xorazmiy Eronning Sosoniylar davridagi taqvimini xronologiya uchun asos qilib oldi. U eroncha taqvimni 365 kunga bo‘lib, uni hind va Ptolomey taqvimi bilan muvofiqlashtirdi.

Xorazmiyning «Kitob ar-ruxoma» («Quyosh soati») asari quyosh soatiga bag‘ishlangan. Ushbu kitob dunyoning turli geografik gorizontlarida musulmonlarning namoz o‘qishlari uchun namoz vaqtlarini belgilash maqsadida yozilgan. Mazkur kitob keyinchalik doiraviy trigonometriyaga oid hisoblashlar uchun asos bo‘lib xizmat qildi.

Xorazmiy astronomiya sohasida usturlob va u bilan ishlashga bag‘ishlangan ikki asar yaratdi hamda usturlobni takomillashtirdi. Usturlob o‘tmishda osmon jismlari o‘rtasidagi masofani aniqlashda foydalanilgan aniq va ilmiy asbobdir.

Ayrim tadqiqotchilarning aytishlaricha, astronomiya fani Xorazmiy tomonidan yulduzlarni o‘rganish va ularning joylashuvini aniqlashtirishda qo‘llaniladigan devornamo (devor kvadranti) uskunasini yaratishdagi novatorligi natijasida sezilarli tarzda rivojlandi.

Uning astronomiya sohasiga kiritgan yana bir yangiligi «chorak» (sekstant) nomi bilan mashhur bo‘lgan uskuna bo‘lib, u o‘zining bundan oldin yunonistonlik astronom Ptolemey tomonidan yaratilgan qadimiy variantidan anchagina takomillashtirilgan edi.

Chorak osmon va yulduzlarni kuzatishda noldan to‘qson darajagacha bo‘lgan burchaklarni o‘lchashda foydalaniladi. Chorak kuzatish asboblarining usturlobdan mukammalrog‘i bo‘lib, uning yordamida quyoshning gorizontdan balandligini o‘lchash ham mumkin.

Xorazmiy shuningdek yer va osmon xaritalari atlasini tuzish ishiga ham mas’ul qilib tayinlangan bo‘lib, bunda u mashhur yunon astronomi Ptolemey tomonidan yaratilgan atlaslarni tuzatib, takomillashtiradi.

Ushbu buyuk olimning jahonga va insoniyatga qilgan xizmatlari ulkan va tengsiz bo‘lib, shu sababli ham oydagi makonlarning biri uning nomi bilan ataladi.

Xorazmiy eronliklarning hurmat-ehtiromini qozongan bebaho olimdir. Eronda o‘tkaziladigan eng muhim ilmiy festival ushbu atoqli olim nomi bilan ataladi.

Xorazmiy nomidagi festival Eronda muntazam tarzda o‘tkaziladigan muhim ilmiy tadbir bo‘lib, tadqiqotchilar va novatorlarni taqdirlash maqsadida tashkillashtiriladi. Ushbu festival har yili ikki bosqichda o‘tkaziladi. Uning birinchi bosqichi o‘ttiz besh yoshgacha bo‘lgan yosh tadqiqotchilar va olimlarga bag‘ishlangan bo‘lib, unda o‘quvchilarga mo‘ljallangan alohida bo‘lim ham mavjud.

Festivalda Eron Islom Respublikasi prezidenti ishtirokida g‘oliblar taqdirlanadi. Unda eronlik va jahonning turli mamlakatlari vakillari texnik-muhandislik sohasidagi fundamental fanlar bo‘yicha loyihalari bilan ishtirok etadi.

Eronda har oktyabr oyining yigirma oltinchi kuni Xorazmiy sharafiga «Algebra kuni» sifatida nishonlanadi.

Tehrondagi universitetlardan biri ham Xorazmiy nomidadir. Tehrondagi Amir Kabir nomli universitetning matematika fakulteti ro‘parasida Xorazmiyning haykali o‘rnatilgan. Bundan tashqari, Erondagi ko‘plab ko‘chalar, maktablar, ilmiy va madaniy muassasalarga Xorazmiy nomi berilgan.

Eronning UNESCO bo‘yicha milliy komissiyasi tomonidan Xorazmiy tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan Tehronda "festshrift" nashr etildi.

Xorazmiy asarlari kam sonli bo‘lsa-da, ularning ilmiy salmog‘i ulkandir. Shubhasiz uning matematika faniga kiritgan yangiliklari, olimlar va tadqiqotchilar tomonidan amalga oshiriladigan hisob-kitoblar aniqligi astronomiya fanida o‘sishning yuz berishi hamda insonning koinot va boshqa sayyoralarga yo‘l topishi uchun asos bo‘lib xizmat qildi.

Uning amalga oshirgan tadqiqotlari va kiritgan yangiliklari hozirga qadar talabalar va tadqiqotchilar tomonidan foydalanib kelayotgan bo‘lib, «Al-Jabr va-l-Muqobala» asari hanuzgacha ko‘plab matematiklar uchun qimmatli manba hisoblanadi.

Bugungi kunda masala yechish bosqichma-bosqich usulining nomlanishi sifatida qo‘llaniladigan «algoritm» atamasi Xorazmiy nomidan olingan. Biz bilamizki, algoritmlar dasturiy ta’minot kabi yangi fan hamda kompyuter dasturlarini yaratishda asosiy rol o‘ynaydi. Shunga ko‘ra ayrimlar Xorazmiyni kompyuter to‘g‘risidagi bilimlarning otasi va asoschisi ham deb bilishadi.

Astronom olim va novator-matematik Xorazmiy barchamiz uchun faxr-iftixor ramzidir. Ushbu buyuk olim tadqiqotchilar va ilm o‘rganuvchilar uchun bilim va fan cho‘qqilariga chiqish hamda turli fan sohalarida hayratlanarli innovatsiya yaratmalariga erishish uchun munosib o‘rnak bo‘la oladi.

 

Hamid NAYYIROBODIY,

Eron Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi

Favqulodda va muxtor elchisi

MANBA


Print   Email