Imom Termiziy ilmiy merosiga bag‘ishlangan anjuman

Imom Termiziy ilmiy merosiga bag‘ishlangan anjuman

Joriy yilning 21-may kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Imom Termiziyning hadis ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatida Afg‘oniston Islom Respublikasi Oliy milliy yarashuv kengashi raisi maslahatchisi, Milliy birdamlik partiyasining Shimoliy hududlar bo‘yicha rahbari Muhammad Muhsin Donesh, Balx viloyati haj va vaqf boshqarmasi boshlig‘i Mahmud Doneshju Muhammad Bunyod, Afg‘oniston shimoliy hududlari shia mazhabi ulamolar kengashi raisi Said Muhammad Said Muhsin Husayniy, Afg‘oniston ulamolar kengashi a’zosi Abdulvahhob Abdulbosit Payg‘omiy, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari O‘tkir Hasanboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Akmalxon Shokirov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shukurillo Umarov, Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi o‘qituvchilari va talabalari, ommaviy axborot vositalari vakillari va boshqalar ishtirok etishdi.

Dastavval, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shukurillo Umarov so‘zga chiqib, tadbirni ochib berar ekan, Imom Termiziy va termiziy ulamolarning boy ilmiy merosini o‘rganishda tadqiqot markazining tutgan o‘rni hamda ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov so‘zga chiqib ikki mamlakat ulamolarining ushbu uchrashuvi qadim ilmiy an’ananing davomi ekanligini, Markazning tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, bu yerdagi ilmiy xodimlar tomonidan termiziylarning ko‘plab asarlari tarjima qilingani, yaqin yillarda Termizda diniy oliy ta’lim muassasasi tashkil qilinishi, Afg‘oniston ulamolari va yoshlari bilan ilmiy aloqalarning davom etishini ma’lum qildi.

Davra suhbati davomida Muhammad Muhsin Donesh so‘zga chiqib muhaddis olim Imom Termiziy haqida gapirar ekan olimni, “nafaqat o‘zbek xalqi balki butun bashariyatning iftixoridir” deya ta’rifladi. Shuningdek u “O‘zbekiston xalqi qadim va buyuk madaniyatning merosxo‘rlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi olimlar hamda Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulug‘ davlat arboblarining davomchilari ekanligi, eng asosiysi Prezident Shavkat Mirziyoyev ana shunday buyuk xalqning baxtli rahbaridirlar” deya ta’kidladi.

Muhammad Muhsin Donesh Termiziy ulamolarning islom tamadduniga qo‘shgan ulkan hisasasini asrlar davomida dunyo xalqlari uchun ma’naviy ozuqa bo‘lib, turli diniy ixtiloflarni yuzaga chiqishini oldini olib kelayotganligini alohida qayd etdi.

Shu bilan bir qatorda Balx viloyati haj va vaqf boshqarmasi boshlig‘i Mahmud Doneshju Muhammad Bunyod Imom Termiziyning hadis ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi, olimning ustozlari va shogirdlari haqidagi noyob ma’lumotlarini yig‘ilganlar bilan o‘rtoqlashdi. U tarixdan Termiz shahrinining islom tamaddunida o‘ziga ko‘prik vazifasini bajarganini, ushbu an’anani tiklash yo‘lida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, “Imom Termiziy” nomidagi o‘rta maxsus islom bilim yurtining faoliyatini yuqori baholadi.

Afg‘oniston shimoliy hududlari shia mazhabi ulamolar kengashi raisi Said Muhammad Said Muhsin Husayniy ham O‘zbekistonda olib borilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yuqori baholab “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi termiziy allomalar hayoti va merosini o‘rganishda hamda turli adashgan guruhlarga qarshi g‘oyaviy kurashda asosiy dorulfunun vazifasini bajaradi” dedi.

Afg‘oniston ulamolar kengashi a’zosi Abdulvahhob Abdulbosit Payg‘omiy, o‘zbek tilida ma’ruza qilib, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida ilmiy ma’rifiy aloqalarning rivojlanib borayotgani hamda do‘stlik rishtalarining mustahkamlanishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning alohida o‘rni borligini ta’kidladi. Ayniqsa hozirgi kunda diniy aqidaparastlikka qarshi kurashda Afg‘oniston va O‘zbekiston ulamolarning o‘zaro hamkorligi dolzarb ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari O‘tkir Hasanboyev so‘zga chiqib “Imom Termiziy merosining mazmun-mohiyatini ochib berish, uning tarbiyaviy ahamiyatini keng yoyish hamda xalqlarimiz, ayniqsa, yosh avlodni yot g‘oyalardan himoya qilish, millatlararo totuvlik, yaxshi qo‘ni-qo‘shnichilik fazilatlarini tushuntirish kabi masalalar bugungi kunning eng ustuvor vazifalari bo‘lmoqda. Kelgusida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, diniy-ma’rifiy mavzularga bag‘ishlangan muloqotlarni ko‘paytirish, Islom dinining “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyalarini keng targ‘ib etish zarurdir”, dedi.

Tadbir davomida O‘zbekiston va Afg‘oniston ulamolarining o‘zaro ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, davra suhbatida Termizdagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi talabalari ham so‘zga chiqib ularning ta’lim olishlari uchun yaratilayotgan keng imkoniyat va qulay sharoitlar uchun O‘zbekiston hukumatiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.

Tadbir yakunida Afg‘oniston va O‘zbekiston diniy soha vakillari o‘zaro esdalik sovg‘alarini ulashishdi.

 

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

Matbuot xizmati


Print   Email