ICESCOning 41-sessiyasi yakunlandi

ICESCOning 41-sessiyasi yakunlandi

Avval xabar berganimizdek, Marokash Qirolligida Islom olami ta’lim, fan va madaniyat masalalari tashkiloti ICESCO tashkilotining 41-sessiyasi bugun ham o‘z ishini davom ettirdi.

Nufuzli tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Ibrohim Usmonov hamda Xalqaro hamkorlik bo‘lim boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev ishtirok etishdi.

Sessiyaning yakuniy – ikkinchi kunida ishtirokchilar madaniyat va aloqa, ta’lim, fan va texnika, ijtimoiy ilmlar mavzularini muhokama etishdi. Tashkilot tuzilmasi to‘g‘risidagi hisobot tinglanib, uni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar tinglandi.

Anjuman davomida yosh mutaxassislar dasturi to‘g‘risidagi nizom loyihasi kun tartibiga binoan ko‘rib chiqildi. Mazkur nizom musulmon olamidagi yosh va iqtidorli nomzodlarni tashkilotning boshqarma va bo‘limlarida malaka oshirishini ko‘zda tutadi. Bundan tashqari, tashkilotga a’zo milliy komissiyalar to‘g‘risidagi nizomi yig‘ilganlar tomonidan ko‘rib chiqildi. Milliy komissiyalarining maqsad va vazifalari, milliy komissiyalarning a’zo davlatlar oldidagi majburiyatlari haqida so‘z yuritildi.

Sessiya yakunida ijroiya kengashi byurosining saylov tartiblarini o‘rganish va navbatdagi 42-sessiyaning o‘tkazilish joyini belgilash haqida so‘z yuritildi.

Shunday qilib, onlayn formatda o‘tkazilgan ICESCO tashkilotining 41-sessiyasi yakuniga yetdi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 


Print   Email