ICESCOning 41-sessiyasi onlayn formatda o‘tkazildi

ICESCOning 41-sessiyasi onlayn formatda o‘tkazildi

Marokash Qirolligining Rabot shahrida Islom olami ta’lim, fan va madaniyat masalalari tashkiloti ICESCO tashkilotining 41-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Onlayn formatda o‘tkazilgan sessiyada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Ibrohim Usmonov hamda Xalqaro hamkorlik bo‘lim boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev ishtirok etdi.

Muloqotni ICESCO Bosh direktori doktor Salim al-Malik kirish so‘zi bilan ochib berdi. Ayni paytda ICESCOning dunyo miqyosidagi obro‘si oshib borayotganini ta’kidladi.

Shundan so‘ng a’zo davlatlarining ICESCO byudjetiga qo‘shgan hissasi hamda ICESCO moliyaviy holatini tiklash bo‘yicha 2019-yil hisoboti tinglandi. Ta’lim sohasi, ilm-fan va texnologiyalar, ijtimoiy va gumanitar fanlar, madaniyat va aloqa sektorlarining ishi muhokama etildi.

Anjuman davomida ishtirokchilar ICESCO yo‘nalishidagi sohalarga oid bilim, ijodkorlik va turli ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishni rag‘batlantirish, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy tadqiqot muassasalarining dasturlarini ishlab chiqish, zamon bilan hamqadam bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash kabi jihatlarga to‘xtalib o‘tishdi.

Tadbir davomida ICESCO milliy komissiyalar, kafedralar hamda yosh mutaxassislar dasturi to‘g‘risidagi nizomlari kun tartibidan o‘rin oldi. Shuningdek, tashkilotni raqamlashtirish va hududiy idoralarning holati, ICESCOning moliyaviy, tashkiliy va operativ hisobotlari kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 


Print   Email