Hamkorlikda xalqaro konferensiya o‘tkazildi

Hamkorlikda xalqaro konferensiya o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Fan, ta’lim va adabiyot: Alisher Navoiy, Maxtumquli, Abay va Chingiz Aytmatovlarning ilmiy merosi” mavzusida ilmiy-amaliy xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Mazkur konferensiya O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, UNESCOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti, O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi, M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti, L.Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti hamda Qirg‘iz-o‘zbek universiteti hamda Maxtumquli nomidagi Turkman davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Anjumanda UNESCOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Jan Hladik,  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi  Rustambek Qurbonov, O‘zRFA Tarix instituti direktori, professor Azamat Ziyo, O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, professor Nizomiddin Mahmudov, M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti Falsafa va madaniyatshunoslik kafedrasi mudiri Madiyar Jumabekov, L.Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti kafedra mudiri Aygerim Ospanova, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilar, magistr-doktorantlar hamda talabalar ishtirok etdi.

ZOOM platformasi orqali o‘tkazilgan onlayn konferensiyani Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochdi. Shundan so‘ng UNESCOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Jan Hladik anjuman ishiga muvaffaqiyat tilab, mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Tadbir davomida ma’ruzachilar tomonidan Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan Alisher Navoiy, Maxtumquli, Abay va Chingiz Aytmatovlarning ilmiy merosi dunyo adabiyoti xazinasidan munosib o‘rin olgani, asarlarda bashariyat, insoniyatga daxldor voqea-hodisalar, dolzarb masalalar haqida so‘z borishini ta’kidlashdi.

So‘zga chiqqanlar dunyo adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mazkur mutafakkirlarning asarlari yosh avlodning ma’naviy kamol topishida beqiyos katta ahamiyatga ega ekanligini qayd etib, ota-ona, ustoz, yoshi ulug‘larni hurmat qilish ilm-ma’rifatni egallash, yaxshi axloq egasi bo‘lish, yomonlik va yomonlardan uzoq bo‘lish singari masalalar qalamga olingani haqida so‘z yuritishdi.

Akademiyaning “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan konferensiyada so‘z yuritilgan ma’ruzalar bo‘yicha ishtirokchilarga savollar berildi. Qizg‘in munozara ostida o‘tgan konferensiya qatnashchilarda katta taassurot qoldirdi. Uchrashuv yakunida mazmunli o‘tgan anjuman uchun mutasaddilarga minnatdorlik bildirildi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email