Hamkorlikda onlayn davra suhbati

Hamkorlikda onlayn davra suhbati

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Singapur Nanyang texnologiyalar universiteti S.Rajaratnam xalqaro tadqiqotlar maktabi bilan hamkorlikda “Terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashda O‘zbekiston va Singapur yondashuvlari” mavzusida onlayn davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari, Rajaratnam xalqaro tadqiqotlar maktabi ilmiy xodimlari, mahalliy va xorijlik tadqiqotchilar, o‘zbekistonlik hamda singapurlik olimlar va soha mutaxassislari ishtirok etdilar.

Ishtirokchilar “Terrorizm va diniy radikalizmga qarshi kurashda mamlakatlar o‘rtasida hamkorlik va muloqot o‘rnatish” hamda “Terrorizmga qarshi qaratilgan global va mintaqaviy loyihalarda ishtirok etish tajribasi” deb nomlangan shoʻbalar doirasida o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar.

Singapur tomonidan so‘zga chiqqan dr. Muhammad Hanif Hasson “Singapur muhitida diniy moʻtadillik” mavzusida ma’ruza qildi. Dr. Muhammad Hanif Hasson ma’naviy tahdidlar, xususan, ekstremizm muammosiga yechim sifatida islomda moʻtadillikni targ‘ib qilish muhim vazifa ekanligini alohida  ta’kidlab o‘tdi.

Singapurda moʻtadillikning muhim g‘oyalari va tamoyillarini qaror toptirish maqsadida ikki muhim tashabbus amalga oshirilganligi singapurlik mutaxassislar tomonidan alohida qayd etildi. Ushbu ikki muhim tashabbus doirasida 2004-yilda “Singapur musulmon ulamolari assotsiatsiyasi”, 2006-yilda “Singapur islom diniy kengashi” tashkil etilgan bo‘lib, mazkur ulamolar kengashi Singapur musulmon jamiyatida muhim o‘rin tutadi. Xususan, 2003, 2017 va 2021-yillarda qabul qilingan “Ulamolar konvensiyalari”, “Moʻtadillik xartiyasi” asosida tayyorlangan nashrlar Singapur ulamolar kengashi tomonidan amalga tatbiq etilgan yirik ma’rifiy loyihalar jumlasidandir.

Shuningdek, dr. Muhammad Faysal Hasson “Terrorizmga qarshi kurashda Singapur tajribasi – radikallashuvni oldini olish va reabilitatsiya” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada terrorizmga qarshi kurashda bugungi kunga qadar Singapurda reabilitatsiya tadbirlari uchta yo‘nalishda amalga oshirilayotganligi haqida ma’lumot berib o‘tildi. Bular: diniy, ijtimoiy va psixologik yo‘nalishlardir.

Dr. Muhammad Faysal Hasson mazkur yo‘nalishlarda Singapurda radikallashuvni oldini olish va reabilitatsiya qilish borasida “Diniy reabilitatsiya guruhi”, psixologik yo‘nalishga ichki ishlar vazirligining psixologlari faoliyati, ijtimoiy yo‘nalishdagi loyihalarda esa “Idoralararo g‘amxo‘rlik qo‘mitasi” mutaxassislari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berib o‘tdi.

Shu bilan birga, diniy reabilitatsiya guruhi tarkibidagi ko‘ngilli ulamo va o‘qituvchilar tomonidan aholi o‘rtasida ekstremizmga qarshi immunitetni shakllantirish bo‘yicha doimiy tushuntirish ishlari olib borilayotganligi, xususan,  singapurlik mutaxassislar aholi o‘rtasida ekstremizmga qarshi immunitetni shakllantirish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borishda ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishga intilayotganliklari alohida ta’kidlandi.

Tadbir davomida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari ishtirokchilarga jamiyatda terrorizm va ekstremizmni oldini olish hamda ma’rifiy islomni keng jamoatchilikka yetkazish borasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Tadbir ishtirokchilari kelgusida ikki tomonlama o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish va ana shunday formatdagi uchrashuvlarni  doimiy o‘tkazib borishga kelishib oldilar.

 

Manba


Print   Email