Akademiya vakili nufuzli xalqaro ilmiy konferensiyada ishtirok etmoqda

Akademiya vakili nufuzli xalqaro ilmiy konferensiyada ishtirok etmoqda

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda “Nur-muborak” Misr Islom madaniyati universiteti o‘rtasida 2018-yil 7-mart sanasida Qozog‘istonning Olma-ota shahrida O‘zaro Anglashuv Memorandumi imzolanib, har ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘targan edi. Shundan so‘ng ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muntazam tashkil etib kelinmoqda.

Ayni paytda Qozog‘iston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi hamda “Nur-muborak” Misr Islom madaniyati universitetining 20 yilligiga bag‘ishlangan “Diniy ta’limning milliy diniy birlikni mustahkamlashdagi o‘rni” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilmoqda.

Mazkur anjumanda mahalliy va xorijiy ilmiy markazlarning yetakchi mutaxassislari, universitet rivojiga katta hissa qo‘shgan olimlar va jamoat arboblari bilan bir qatorda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Diniy-ma’rifiy faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha birinchi prorektor Shuhrat Yovqochev ham o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etyapti.

Konferensiyada “Milliy-ma’naviy yaxlitlikni ta’minlashning asosiy muammolari: global va mintaqaviy muammolar”, “Qozoq islomshunoslik maktabining shakllanishi: o‘tmishi, hoziri, kelajagi”, “Dinshunoslik bo‘yicha zamonaviy dasturlar va tadqiqotlarning metodologiyasi va tajribasi”, “Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda diniy ta’limning o‘rni” kabi mavzularda so‘z yuritiladi.

Qozog‘iston Respublikasi mustaqilligi yillarida milliy-ma’naviy yaxlitlikni ta’minlashda diniy ta’limning o‘rni hamda rivojlanish chora-tadbirlarni amalga oshirishda Nur-Muborak universitetining yutuqlari va rolini baholash mazkur konferensiyaning bosh maqsadi hisoblanadi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email