Afg‘oniston delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi

Afg‘oniston delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi

Joriy yil 18-may kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi Milliy yarashuv oliy kengashi raisi maslahatchisi Muhammad Muhsin Donesh boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida mehmonlarni muftiy Usmonxon Alimov qabul qildi. Muftiy hazratlari Afg‘oniston ulamolarini tashrif bilan qutlab, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida so‘z yuritdilar. O‘zbekiston hukumati va xalqi Afg‘onistonda doimo tinchlik bo‘lishi tarafdori ekani va bu yo‘lda qo‘lidan kelgan barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishi, ekstremizmga qarshi kurashda ulamolarning hamkorligini rivojlantirish har tomonlama manfaatli ekani, bunday ishlar bundan keyin ham davom etishini ta’kidladilar.

Muhammad Muhsin Donesh samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki xalqni mushtarak ildizlar birlashtirib turishi, oxirgi yillarda do‘stoni aloqalar rivojlanib borayotgani haqida so‘zladilar. Shuningdek, ushbu tashrifdan maqsad ikki davlat ulamolari hamkorligini rivojlantirish, ekstremizmga qarshi kurash ishlarida aloqalarni mustahkamlash, diniy soha xodimlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish ekanini qayd etdilar.

Shuningdek, uchrashuvda Balh viloyati haj va vaqf boshqarmasi boshlig‘i Mahmud Doneshju Muhammad Bunyod so‘z olib, O‘zbekiston zamini qadimdan Islom dini tamadduni markazi bo‘lib kelgani, Movarounnahr va Balh ulamolarining asarlari 200 dan ziyod mamlakatda o‘qitilishi, ularning ilmiy merosi taraqqiyot uchun zamin bo‘lishini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida mehmonlar O‘zbekistonda diniy sohadagi ishlar, xususan, masjid-madrasalar faoliyati, ilmiy markazlar va ixtisoslashgan maktablar ishlari haqida eshitib, juda ham quvonganlari, Islom dinining moʻtadil g‘oyalarini xalqqa yetkazilishi o‘zining ijobiy samarasini berayotgani, qadimda O‘zbekiston zamini Islom dinining siymosi, ulamolari esa din peshvosi bo‘lgani, bugungi kunda ham O‘zbekiston ana shu yo‘ldan ketayotganini yana bir bor tasdiqladilar.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv davomida muhokama etilgan mavzularda hamkorlik qilish bo‘yicha o‘zaro kelishib olindi.

 

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati


Print   Email