“Din va psixologiya: zamonaviy qarashlar va chaqiriqlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

“Din va psixologiya: zamonaviy qarashlar va chaqiriqlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda L.N.Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti hamkorligida “Din va psixologiya: zamonaviy qarashlar va chaqiriqlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Seminarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Xo‘jageldi Alimov hamda Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Almat Nuradinov, har ikki oliy ta’lim muassasi o‘qituvchi-talabalari ishtirok etdi.

Davra suhbatini “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi mudiri Zebo Qosimova ochib berdi. Shundan so‘ng “Din psixologiyasidagi ilmiy izlanishlar va amaliyotning asosiy yo‘nalishlari” hamda “Diniy fanatizm shakllanishining ijtimoiy-psixologik xususiyatlari” mavzusida ma’ruzalar olib borildi.

– So‘nggi o‘n yilliklarda ko‘plab mamlakatlarda diniy ong va individual dindorlikning intensiv o‘sishi kuzatildi, – deydi Almat Nuradinov. – Ma’lumki, ko‘plab mamlakatlarda yuz bergan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy o‘zgarishlar bunday o‘zgarishlarga olib keldi. Butun dunyoda terrorizm har qanday ko‘rinishda kuchayib bordi. Dunyoda yuz bergan g‘alayonlar odamlarning diniy ongi va xulq-atvoriga ta’sir qilmoqda. Din – jamiyatning ma’naviy asosi bo‘lib, odamlarning ongi va xulq-atvoriga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan, ba’zan shunday qarama-qarshi bo‘lgan o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Din ba’zi odamlar yoki guruhlarning siyosiy maqsadlariga erishish uchun kuchli qurolga aylanmoqda. Bunday ta’sirlarning oqibatlari barchamizga yaxshi ma’lum.

Qizg‘in bahs-munozara va muhokamalar ostida o‘tgan tadbir yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Davra suhbati yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan ma’ruzachilarga murojaat qilishdi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati


Print   Email