O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi butun umrini ilm-fanga baxshida qilgan taniqli olim, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatovning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Ona Vatanimiz tarix va uning dunyo tamadduniga munosib hissa qo‘shgan ulug‘ allomalari ma’naviy merosini tadqiq etib, manbashunoslik fanlari rivojiga ulkan hissa qo‘shgan olim, ajdodlarimiz merosini keng targ‘ib etish, yosh avlodni barkamol voyaga yetkazish yo‘lida samarali faoliyat ko‘rsatib keldi.
Ubaydulla Uvatov yurtimiz allomalari ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan 200dan ortiq maqola, 50ga yaqin kitob va risolalar nashr ettirgan va ko‘plab shogirdlar tayyorlagan.
Olimning xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib qadrlanib, “Mehnat shuhrati” ordeni va “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Joriy yilning 22-fevralida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Ubaydulla Murodovich Uvatovni “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi Farmoni qabul qilingani tantanali e’lon qilindi.