Hidoyat yo‘lidan ozganlarni qaytargan alloma

Hidoyat yo‘lidan ozganlarni qaytargan alloma

Shu yil 12-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi. Qarorning asosiy maqsadi – buyuk mutafakkir ajdodimiz, moturidiylik ta’limoti asoschisi Imom Abu Mansur Moturidiy va uning izdoshlari merosini chuqur o‘rganish, ularning aqida va kalom ilmi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini tadqiq etish va keng targ‘ib qilish, yosh avlodni ezgu umuminsoniy g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularda ma’naviy-ma’rifiy qarashlarimizga yot bo‘lgan zararli ta’sirlarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishdir.

Qaror asosida Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya ta’sis etilgani, 2020-2024-yillarda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»da tashkiliy, ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot yo‘nalishlarida kompleks chora-tadbirlar belgilangani ana shu ezgu ishlarga xizmat qiladi. Ularning ijrosini ta’minlash orqali Imom Moturidiy va izdoshlarining musulmon olamidagi mashhur asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinadi va xalqimizga yetkaziladi; moturidiyshunos olimlarimizning xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyalarda doimiy ishtiroki ta’minlanadi; «Moturidiylik» ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-adabiy jurnali nashr etiladi; dunyo qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid qo‘lyozma asarlar nusxalari jamlanadi hamda ularning katalogi yaratiladi; moturidiylik ta’limotiga oid ensiklopediya tayyorlanadi; Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi allomalarning hayoti va ilmiy merosi haqida badiiy va hujjatli filmlar tayyorlanadi.

Yurtimiz azal-azaldan ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifat beshigi bo‘lib kelgan. Ayniqsa, bu tabarruk zaminda IX-XII asrlarda o‘z kashfiyotlari va ta’limotlari bilan jumlai jahonni lol qoldirgan yuzlab ulug‘ zotlar yetishib chiqqan. Mana shunday mashhur siymolar silsilasida kalom ilmining asoschilaridan biri Imom Abu Mansur Moturidiy alohida o‘rin egallaydi.

Hayot falsafasini qarangki, aynan 870 yilda buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlari vafot etgan yili azim Samarqandning Moturid degan mahallasida ilohiyot ilmining yorqin yulduzlaridan biri imom Abu Mansur Moturidiy dunyoga keladi.

Har bir tarixiy shaxsning hayotini o‘rganishda uning yashagan davrini sinchiklab ko‘rib chiqish alohida ahamiyat kasb etadi. Imomul — hudo (Hidoyatga eltuvchi imom), Qudratu-ahlis-sunna (Ahli sunna peshvosi), Musahhihu aqoidil-muslimin (Musulmonlar aqidasini isloh etuvchisi), Imomul mutakallim (Kalom ilmi olimlarining peshvosi), Rabibu ahlis-sunna (Ahli sunna val-jamoa tarbiyasini olgan), Al-Imom az-Zohid (Tarki dunyo qilgan imom), Ash-Shayx al-Imom kabi sharafli unvonlar sohibi Abu Mansur Moturidiyning hayoti va faoliyatini o‘rganar ekanmiz, Allohning mislsiz qudrati ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Bundan Moturidiy yashagan davrning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy holati va vaziyati shunday ulug‘ mutafakkirga ehtiyoj sezayotganini anglash mumkin. Shunday ekan, bu ulug‘ allomaning eng zarur makon va zamonda dunyoga kelib, moturidiya ta’limotiga asos solganining o‘zi bir ilohiy moʻjizadir.

Abu Mansur Moturidiy yashagan davrda islom olamida e’tiqod masalasida bir-biriga zid xilma-xil g‘oyalar keng tarqalgan edi. Qadariylar, shialar, jahmiylar, mu’taziliylar, rofiziylar kabi o‘nlab oqimlar o‘rtasidagi tortishuvlar ba’zan qonli mojarolar bilan yakunlanar edi. Ana shunday murakkab davrda Samarqandda Imom Moturidiy va u kabi ulug‘ ulamolar chiqib, o‘zlarining ilmu ma’rifati, chuqur va teran tafakkuri bilan jaholatni yengishga harakat qildi. Shu tariqa, sof islomiy aqidani saqlab qolish uchun o‘zlarining bor salohiyati va kuch-quvvatini ayamadilar. Shuni alohida ta’kidlash joizki, ular Qur’oni karim va Sunnat ta’limotlari asosida hamda Muhammad (s.a.v) sahobalari uslubida aqida masalalarini yorita boshladi. Ular fiqhiy mazhabda ahli sunna val jamoa sifatida islom olami tan olgan hanafiylar, shofe’iylar, molikiylar, hanbaliylar, e’tiqodiy mazhabda esa moturidiya va ash’ariya kalom maktablariga asos soldi.

Xususan, musulmonlarni tarqoqlikka olib keluvchi aqidaviy oqimlarga qarshi kurashda Abu Mansur Moturidiy birinchilar safida bo‘ldi.

Imom Moturidiy yashagan davr — to‘qqizinchi asrning ikkinchi, o‘ninchi asrning birinchi yarmi tom ma’noda islomiy ilm-ma’rifatning turli sohalari, jumladan, kalom ilmi gullab-yashnagan, aytish mumkinki, ushbu ilmning oltin asri bo‘lgan edi. Zamon taqozosi bilan ayni shu davrga kelib ilm-fanda hurfikrlik yoyiladi. Olimu ulamolar o‘z qarashlaridan kelib chiqib, diniy e’tiqod va uning usullari haqida o‘z fikr-mulohazalarini emin-erkin ifoda qila boshlaydilar. Bu hol o‘z navbatida turli-tuman guruh va firqalar, ularning tarafdorlariga o‘z aqidalarini oshkora izhor qilish imkoniyatini yaratadi. Aynan shu asrlarda Movarounnahrda turli-tuman diniy guruh va firqalar paydo bo‘ladi. Ulardan keng tarqalganlaridan biri mu’tazila oqimi edi.

Aslida mu’tazila oqimi kalom ilmidagi dastlabki yirik yo‘nalish sifatida VIII-IX asrlarda arab xalifaligining diniy-siyosiy hayotida salmoqli o‘ringa ega bo‘lgan. Undan keyin paydo bo‘lgan qator oqimlar — jahmiylar, qaramiylar, murji’lar va boshqa toifalar iymon-e’tiqod va bilish nazariyasidagi xato qarashlarga ega edilar. Binobarin, Imom Moturidiyning ilmiy-ma’naviy merosida aqliy dalil va isbotlarga tayangan holda islom dini aqidasining sofligini himoya qilish va hidoyat yo‘lidan adashgan mazkur oqimlarga qarshi qurash alohida ahamiyat kasb etgan.

Imom Moturidiyning bizgacha yetib kelgan ikki yirik asari — “Kitob at-Tavhiyd” va “Ta’viylot ahli as-sunna” buyuk alloma merosini o‘rganishda alohida ahamiyatga ega. Mazkur asarlarda islom dini falsafasini tashkil etuvchi kalom ilmining turli masalalarida to‘g‘ri fikrlar ilgari surilgan, aqidaviy haqiqatdan adashgan firqalar ilmiy nuqtai nazardan tanqid qilingan.

Imom Moturidiy fikricha, insonlarning yomon xulqli ishlari, gunohlari Allohning irodasi bilan (chunki Alloh shu ishlarni taqdir qilgan), lekin uning roziligisiz amalga oshiriladi. Alloh taolo insonlarga o‘z erkini qo‘liga bergan holda yaratgan, ya’ni uning harakatlari azaldan taqdir etib qo‘yilgan bo‘lsa-da, insonning ba’zi ishlariga sohib ixtiyorligini ham bergandir. Bu ishlarni Imom Moturidiy “af’oli ixtiyoriy, ya’ni insonda iroda erkinligi mavjud” deb ataydi.

Buyuk vatandoshimizning bundan o‘n bir asr muqaddam aytgan bu ajoyib fikri bugungi kunda ham g‘oyat dolzarb bo‘lib, inson aql-zakovati va tafakkurining imkoniyatlari cheksiz ekaniga ishoradir. Alloma faoliyatida yuqorida aytilganidek, muborak islom dinining hayotbaxsh mazmun-mohiyatini to‘g‘ri talqin qilish, turli bid’at va xurofotlarga botgan guruhlarga qarshi kurash alohida o‘rin egallaydi. Shu nuqtai nazardan ham Imom Moturidiy ilgari surgan g‘oyalar bugungi kunda ham g‘oyatda dolzarb bo‘lib, nafaqat ilmiy, balki katta amaliy ahamiyatga egadir.

Xullas, Imom Moturidiy hazratlari e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan aqliy va naqliy dalillarga tayanib, islom ahli aqidasini sog‘lom fikrga, rushdi-hidoyatga va dini islomning asl mazmun-mohiyatiga mos keladigan mustaqil yo‘lga boshladi. O‘zining hayotbaxsh ta’limoti bilan millionlab musulmon ahli aqidasini bir-biriga zid bo‘lgan buzg‘unchi, fosiq g‘oyalardan saqlab qoldi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, buyuk vatandoshimiz aqidaviy masalalardagi benazir xizmatlari uchun, ehtimol, jahonning bironta ham allomasiga nasib etmagan “Musulmonlar aqidasini tuzatuvchisi” (“Musahhih aqoid al-muslimiyn”), “Xurofot va bid’atga asoslangan uydirmalarni ildizi bilan qo‘poruvchisi” (“Qoli’ azoliyn al-fitna val-bid’at”) degan o‘ta sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan allomadir.

Chunonchi Imom Moturidiy tayangan asosiy manba – bu Qur’oni karimning chuqur ma’noli yorqin oyatlaridir. Alloma turli aqidaviy masalalarni mana shu keng qamrovli ahkomlarni to‘g‘ri dalillar bilan uyg‘unlashtirgan holda talqin qiladi, zarur hollarda o‘z g‘oyaviy muxoliflariga keskin va asosli raddiyalar bilan javob qaytaradi.

Keltirilgan mulohazalardan ayon bo‘lmoqdaki, Imom Moturidiy bir tomonlama fikr yuritib, zalolat yo‘liga kirib ketgan turli guruhlarni, xato qarashlarni qiyosiy ravishda chuqur o‘rganib, ulardan mantiqiy, adolatli xulosalar chiqardi va o‘ziga xos maktabga asos soldi, o‘zining to‘g‘ri, ilmiy qarashlarini sunniylar aqidasiga singdirdi. U kishi o‘z zamonasidagi musulmonlar orasida paydo bo‘lgan noto‘g‘ri tushunchalarga yechim topdi. O‘sha vaqtdagi buzg‘unchi oqimlar aqida bobida sochayotgan zaharlardan paydo bo‘lgan aqiydaviy dardlarni davolashga harakat qildi. Dushmanlarning kirdikorlarini fosh qilib, Ahli sunna val jamoa mazhabining haqiqatini ochiq-oydin ko‘rsatib berdi.

Imom Moturidiyning o‘lmas ta’limoti dastlab Movarounnahrda, so‘ngra Turkiya, Afg‘oniston, Hindiston, Xitoy va boshqa qo‘shni yurtlarda ham keng tarqaldi. Millionlab musulmonlar qalbiga muborak islom dinining hayotbaxsh g‘oyalarini singdirishda buyuk vatandoshimiz va u asos solgan moturidiya maktabiga mansub allomalarning xizmatlari benihoya kattadir.

Imom Moturidiy faoliyatida muborak islom dinining hayotbaxsh g‘oyalari sofligi, e’tiqodiy masalalarini bir tomonlama va xato talqin zalolatga botgan har xil toifalar va oqimlarga qarshi kurash, Qur’oni karim va Hadisi sharifga tayangan holda asosli raddiyalar berish salmoqli o‘rinni egallaydi. Shu bois allomaning o‘lmas ta’limoti bugungi kun uchun ham katta ahamiyat kasb etib, hidoyat yo‘lidan adashgan ba’zi buzg‘unchi guruhlarni fosh etishda munosib hissasini qo‘shishi shubhasiz.

Allomaning o‘ziga xos ta’limotini o‘rganish uchun olimlarimiz katta imkoniyatlarga egadirlar. Chunonchi uning asosiy asari qo‘lyozmalari va ularga yozilgan ba’zi sharhlar nafaqat Misr, Turkiya, Hindiston, Angliya kabi mamlakatlarda, balki yurtimizdagi qo‘lyozmalar xazinasida ham saqlanadi.

Demakki, Prezidentimizning qarori buyuk alloma asarlarini chuqur o‘rganish, ularni xalqimiz orasida va jahonda keng targ‘ib etish, yosh avlodni ezgu umuminsoniy g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ma’naviy-ma’rifiy qarashlarimizga yot zararli ta’sirlarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Toshpo‘lat MATIBAYEV,

sotsiologiya fanlari doktori, professor

 


Print   Email