HIJOBGA ISHTIYOQMANDLIK: TANLASH ERKINLIGI VA QONUN TALABLARI

HIJOBGA ISHTIYOQMANDLIK: TANLASH ERKINLIGI VA QONUN TALABLARI

O‘zbekistonda bugungi kunda keng ko‘lamdagi islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakat rahbariyati fuqarolik jamiyati asoslarini yanada takomillashtirishda, davlatning ichki siyosatida, ma’muriy va hukumat idoralari faoliyatida, xususan, jamoat tashkilotlari faoliyatida yoki xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligiga erishishga jiddiy e’tibor qaratmoqda.

Bu juda murakkab masala bo‘lib, bu borada hovliqish va shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilinmaydi. Eng muhimi, hatto mamlakat ichida yoki uning tashqarisida biron kimsaga bu holat yoqmayotgan bo‘lsa-da, fuqarolik jamiyatini qurishning eng asosiy tayanchi bo‘lgan davlat qonuniga itoat etish, unga rioya qilishni unutmasligimiz kerak. Buni nafaqat qonun nazoratini amalga oshiradiganlar, balki amaldorlar, jamoat arboblari, oddiy fuqarolar, bizning hamkorlarimiz va bizga do‘st bo‘lmaganlar ham unutmasligi shart.

Qonun ustuvorligi haqida mamlakat rasmiy minbarlarida, ommaviy axborot vositalarida, mass-media kanallarida ko‘p gapiriladi. Shuningdek, qonun talabini ko‘pincha har xil tushunadilar, shundaylar ham topiladiki, ular qonunni chetlab o‘tishga, uni o‘zlarining foydalariga sharhlashga urinadilar, hatto huquqiy me’yorning ma’nosi aniq va ravshan ifodalangan bo‘lsa ham, uni huquqshunoslar tilida aytganda, ikki ma’noda talqin etilmoqda.

Lekin, albatta, qonunchilik sohasidagi eng murakkab masala – bu diniy tashkilotlarga oid qonunlarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirish, shuningdek, davlat bilan dinning munosabatlarini tartibga solish va bu sohada fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini qo‘llashdir.

Shuni yodda tutish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bizning mamlakatimiz suveren demokratik respublika ekanligi aniq belgilab qo‘yilgan (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 1-moddasi), shuningdek, hamma uchun vijdon erkinligining kafolatlanishini va har bir insonning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqini tan oladi (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasi). Davlatning Asosiy Qonuni bilan prozelitizm taqiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 57-moddasi), ya’ni, diniy adovatni targ‘ib qilish, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Barcha omillar shuni ko‘rsatadiki, ko‘p asrlik xalqaro tajriba va xalqaro majburiyatlardan kelib chiqib, davlatimizda turli qatlamlarining manfaatlari muvozanatiga rioya etiladi.

Shu bilan birga, davlatning din sohasidagi siyosati nozikligi bois muvozanatni tartibga solish juda qiyin, chunki qonunning asosiy sub’yektlari (oddiy fuqarolar kabi tashkilotlar ham) shaxsiy manfaatlaridan kelib chiqib, o‘z huquqlarini himoya qiladilar, huquqning ongli faoliyat ekanini tushunishni istamaydilar, aslida esa mamlakat Qonuniga rioya qilish muhim zaruriyat hisoblanadi. Bizning hayotimizda diniy sohada muvozanatni saqlab turishning yagona vositasi (davlat rivojlanishida dunyoviylik tamoyillariga amal qilish!) hatto qonun biror kimsaga yoqmasa ham, unga qat’iy rioya qilishdir.

Din sohasidagi nozik munosabatlarni tartibga solishning barcha murakkabliklarini esga olish uchun yaqinda ommaviy axborot vositalarida jiddiy aks sado bergan voqeaga e’tiborni qaratsak (“O‘zbekiston sudida birinchi marta hijob ishi ko‘rib chiqilmoqda”). Eslatib o‘tamiz, 5 fevral kuni Toshkent shahar Shayxontohur ma’muriy sudida xalqaro islom akademiyasi qoshidagi litseyida tahsil olayotgan 17 yoshli o‘quvchining otasi o‘quv muassasasining rahbariyati hijobda mashg‘ulotlarda ishtirok etishni man qilganligi uchun sudga bergan da’vosini ko‘rib chiqishni boshladi. O‘quvchining manfaatini uning otasi yurist bo‘lganligi uchun himoya qildi. 

Biroq, biz o‘z nuqtai nazarimizni ifoda etishimiz zarur. Shubhasiz, bu ish murakkab, ammo uni baholashda biz yana bir bor ob’yektivlik va bosiqlik bilan yondashuvga chaqiramiz. Dastlab shuni ta’kidlashimiz lozimki, sudning bunday da’voni ko‘rib chiqish uchun sudga qabul qilishi bir necha yillar oldin mumkin bo‘lmagan. Bu mamlakatdagi o‘zgarishlar amalda qo‘llanilayotganligidan va qonun ustuvorligi – quruq gap emasligidan dalolat beradi. Keling, ayni paytda muammoning qonuniy, axloqiy, tarixiy, xalqaro va boshqa jihatlariga e’tibor qarataylik. Birinchidan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati ushbu va boshqa shunga o‘xshash vaziyatlarda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida” gi qonunga amal qiladi, qonunga ko‘ra jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Darhaqiqat, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi davlat muassasasi hisoblanadi va birinchi navbatda qonun hujjatlariga barcha davlat idoralari kabi bo‘ysunadi. Axir, davlat va uning yuridik organlari boshqa diniy muassasa hodimlarining kiyim-kechaklarga (Musulmonlar idorasi, Pravoslavlar Yeparxiyasi va boshqalarda) yoki ko‘chalarda, masjidlarda, madrasalarda odamlar (ayollarga shu jumladan ) tashqi ko‘rinishi masalasiga aralashmaydi, taqiqlar qo‘ymaydi. Bu ham Qonunga to‘la mos keladi! Shunday emasmi? Nima uchun hijobning g‘ayratli himoyachilaridan hech biri bu aniq dalilni eslatmaydi? Javob, albatta, aniq.

Ikkinchidan, yuqoridagi qonunda gap nafaqat xijob haqida balki qaysi konfessiya bo‘lishidan qat’i nazar, kiyinish shakli va tashqi ko‘rinish haqida ta’kidlangan. Masalan, xristian diniy kiyinish va boshqa konfessiyalar. Nima uchun bu kontekst manfaatdor ommaviy axborot vositalari tomonidan eslatilmaydi. Bu holat e’tiqod erkinligiga daxl qilish emas, balki Qonunga amal qilish xolos! Ya’ni, bunda “qovurilgan dalillar”ni ishga solib bo‘lmaydi!

Uchinchidan, davlat muassasalarida va jamoat joylarida diniy kiyim va libosda yurishning taqiqlanishi bir qator demokratik davlatlarda belgilangan va amalda qo‘llanib kelinmoqda, masalan, Fransiyada. Ammo hech kimning xayoliga Fransiyani demokratiya yo‘qligida yoki vijdon erkinligini cheklashda ayblash kelmaydi. Ayrimlar, hatto jurnalistik etiketni unutib qo‘yadigan ba’zi bir ommaviy axborot vositalarida davlat ta’lim muassasalarida diniy kiyim kiyish mumkin emasligi ob’yektiv va Qonuniy asosga ega ekanligini uqtirishni unutib qo‘yishadi. Akademiya ma’muriyati ushbu masala bo‘yicha bir qator sa’y-harakatlarni amalga oshirib, qonunni bosimsiz tushuntirish bilan qiyin vaziyatni inobatga olishga undaydi. Lekin kino qahramonining so‘zlari bilan aytganda: “Qonun – bu qonun, u hazil qilishni yoqtirmaydi”. Shuni ham ta’kidlash joizki, qonun hamma uchun bir xil, bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bir necha bor takror va takror ta’kidlamoqda. Shu o‘rinda, Akademiyadagi boshqa noxush hodisalar bilan bog‘liq bo‘lgan, ba’zi bir ommaviy axborot vositalarida faktlar o‘rganilmay yozilgan hodisalarni eslatib o‘tishni joiz, deb bilamiz.

O‘tgan yilning may-iyul oylarida, Akademiyaning sobiq rahbariyati davlat ta’lim muassasasining strategiyasini o‘zgartirishga qaror qildi, o‘qituvchi va talabalarni hijob va boshqa diniy atributlarni kiyishga majbur qildi. Milliy yoki dunyoviy an’analar ruhida tarbiyalangan ba’zi ayol va qizlar buni bajarishdan bosh tortdilar. Ammo nimagadir o‘sha ommaviy axborot vositalari bu qonunga zid bo‘lgan holatga e’tibor bermadi. Albatta, bu holat sababli Akademiyaning rahbariyati o‘zgartirildi va bu ushbu ta’lim muassasasining amaldagi qonunchilikka qaytishini anglatadi.

Ammo, shu holat yuzasidan aytish kerak-ki, davlat tashkilotlari va Akademiya ma’muriyati hijob kiyishni istamagan va tashqi ko‘rinishning milliy shakli – ro‘mol o‘rashni tanlaganlar huquqini himoya qildilar. Oldin esa bularning huquqlarini himoya qilish hech kimning esiga kelmagan edi. Vaholanki, bu qizlarning ham bu holat yuzasidan sudga da’vo qilishga to‘la haqlari bor edi. Endilikda ularning qonuniy huquqlari tinchlik-xotirjamlik bilan qayta tiklandi.

Ammo, yana bir bor takrorlaymiz, hijob masalasidan kir qidirgan ayrim OAV bu holat yuzasidan biror ma’lumot berganlari yo‘q. Huddi bunda (ko‘r-ko‘rona) hijob kiyishni xohlamagan qizlarning huquqlarini himoya qilish kerak emasdek. Ayni paytda takror aytamizki, davlat va Akademiyaning yangi rahbariyati ana shu qizlarning qonuniy huquqlarini himoya qilishga harakat qildi. Bunda hissiyotlarga berilmadi, diniy siyosatda muvozanat saqlashga amal qilib, eng muhimi – Qonun ustuvorligi tamoyiliga amal qildi. Xo‘sh, nima uchun jurnalistlar masalaning shu tomonini yoritmayapti, axir Qonun o‘z mohiyati va ruhiyatiga asosan kuchini ko‘rsatdi, vijdon erkinligiga daxl qilinishining oldi olindi-ku. Yoki ayrim hollarda qonunga zid ravishda kimgadir istisno yoki yordam qilish kerakmi? Nahotki, zamonaviy, ziyoli odamlarga bu nimalar bilan yakunlanishi mumkinligini tushuntirish kerak?

Yana bir muhim masalaga e’tiboringizni tortmoqchimiz, bu ishning yuridik tomoni bilan bog‘liq bo‘lmagan jihat. Ya’ni, mamlakatimiz rahbariyati milliy qadriyatlarni qayta tiklashda, xususan islom dini ma’naviyatini ham, bunda keng ma’nodagi an’analarimizni tiklashni nazarda tutadi. Ammo Islom ma’naviy merosini tiklashni hijob bilan bog‘lash bu ataylab uning boy ma’naviy asosiga putur yetkazish va muammoni yuzaki hal qilish, uning tashqi elementlar bilan cheklash, milliy tarixiy va ma’naviy merosimizni, jamoaviy va oilaviy axloq normalarini, kiyinish odobini inkor qilish (aniqrog‘i bilmaslik!)dir.

Ayni paytda 19- va 20-asrning oxirlarida olingan rasmlarni ko‘rib chiqaylik. Bu yerda bizning buyuk ilohiyotchilarning oilalari olingan.


Illyustrativ surat.
Masalan, Mahammad To‘raquli, muftiylar – Boboxanovlar va Shokirxo‘jayevlar oilalari va boshqalar. Bu yerda biz oila a’zolarining milliy an’analarimizga xos ro‘mol va kiyimda ekanini ko‘ramiz, aksincha chet el filmlardan ilhomlanib yaratilgan hijobda emas.

Illyustrativ surat.

Savol tug‘iladi – bu ulug‘ ulamolar shariat qoidalari musulmon ayollarning kiyinish odoblarini bilmasmidi?

O‘tmishni hurmat qilish va qadrlash, unga to‘liq qaytish kerak, degani emas. Ammo, bu o‘tmish tajribasida nafaqat bu masalaning yechimini, balki boshqa hikmatli paradigmalarga duch kelamiz, buni yoshlarimiz albatta bilishlari lozim, deb hisoblaymiz. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Akademiya ilmiy dasturlari doirasida (Islom sivilizatsiya Markazi bilan hamkorlikda) mashhur diniy soha vakillarining milliy kiyingan oilasi fotoalbomlarini nashr qilishni rejalashtirgan. Shuningdek, mazkur diniy soha vakillarining shu masala yuzasidan chiqargan bir qator fatvolarini nashr qilishni rejalashtirdik, toki barcha ishda murosa qiluvchi va oltin me’yorga amal qilgan ota-boblarimizdan qolgan an’analarni saqlab qolaylik.

Umid qilamizki, bu ajdodlar merosini ko‘rsatish va qayta tiklash asnosida biz ulardan ibrat olamiz, milliy merosimizga to‘g‘ri kelmaydigan chetdan kirib kelayotgan bizga yot qonun-qoidalar, axloq normalaridan emas.


Print   Email