Ziyorat turizmini rivojlantirish borasida dadil qadam

Ziyorat turizmini rivojlantirish borasida dadil qadam

Kuni kecha imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida ziyorat turizmini yanada rivojlantirish va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni mamlakatimizda turizm industriyasi, xususan, ziyorat turizmini har tomonlama jadal sur’atlarda rivojlantirishga tomon qo‘yilgan dadil qadam bo‘ldi. Darhaqiqat, yurtimiz o‘zining boy tarixi, madaniyati, jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan olim-u ulamolari, mutafakkir allomalari, beqiyos madaniy meros obyektlari, qadimiy me’morchilik, hunarmandchilik va pazandachilik san’ati bilan bir qatorda, ziyorat turizmi yo‘nalishida ham yuksak salohiyatga ega mintaqa hisoblanadi.

Shubhasiz, bugungi kunda O‘zbekistonda turizm industriyasi bilan bog‘liq barcha sohalar infratuzilmasini yanada takomillashtirish, xususan, turizm mahsuloti va xizmatlarini diversifikatsiya qilish, ular raqobatbardoshligini oshirish, maqbul va qulay ichki va xalqaro ziyorat turizmi muhitini yaratish, transport yo‘nalishlarini kengaytirish, turizm mahsulotlarini keng targ‘ib qilish, shuningdek, mamlakatning sayohat va dam olish uchun xavfsiz makon sifatidagi imijini mustahkamlash hamda qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish mamlakatimiz istiqboli uchun hayotiy muhim va dolzarb vazifalardan biriga aylandi.

Mazkur Farmonda 2021-yilda xizmatlar va servis sohalarini rivojlantirishning drayverlari sifatida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida ichki turizmni ommalashtirish, shuningdek, ziyorat turizmini rivojlantirish, “Umra+” ziyorat dasturini amalga oshirish vazifalari belgilab qo‘yilgan.

Yurtimizda nishonlanadigan bayramlarda dam olish kunlarining ko‘paytirilishi, jumladan, Ro‘za hayit (Iyd al-Fitr) va Qurbon hayit (Iyd al-Adha) diniy bayramlari, Navro‘z umumxalq bayrami, Mustaqillik kuni hamda Yangi yil bayramini nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlar uch kundan kam bo‘lmagan muddatga belgilanishi, bir tomondan, ichki turizmni yanada rivojlantirish, ikkinchi tomondan, mamlakatimiz aholisining ichki sayohat va ziyoratlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.

Ushbu Farmonga binoan O‘zbekiston Respublikasida mahalliy ziyoratchi sayyohlar oqimini shakllantirish va ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari dasturi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2021-yilda 1,7 million xorijiy, 7,5 million mahalliy sayyohni jalb qilish, turizm xizmatlari eksportini 370 million dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shu jumladan, mamlakatning ziyorat turizmi salohiyati imkoniyatdan foydalangan holda 700 ming ziyoratchini jalb qilish va ushbu yo‘nalishda 130 million dollarlik xizmatlar eksportini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Shuningdek, mamlakatimizning Islom sivilizatsiyasi markazi sifatidagi imijini ommalashtirish bo‘yicha Dubay (BAA), Alaniya (Turkiya), Qozon (Rossiya), Djakarta (Indoneziya) va Singapur shaharlarida o‘tkaziladigan ko‘rgazma va konferensiyalarda hamda boshqa xorijiy media-platformalar orqali keng targ‘ibot ishlari olib boriladi.

Termizdagi Imom at-Termiziy majmuasida “Shamoili Muhammadiya” xalqaro siyrat musobaqasi, Buxoro shahrida “Islom kalligrafiyasi va naqqoshlik” tanlovi o‘tkaziladi. Uning yakuni bo‘yicha “Islom kalligrafiya galereyasi” va “Minorai Kalon” xalqaro azon musobaqasi, “Ipak yo‘li ruhiyati” xalqaro ilmiy-ma’rifiy konferensiyasi, Samarqand shahrida “Imom Buxoriy” nomidagi xalqaro hadisshunoslik va “Sahihul Buxoriy” eng qadimiy va nodir qo‘lyozma nusxalarining jahon kutubxonalarida saqlanish tarixi” anjumanlari, Toshkent shahrida “Imom Moturidiy ilmiy merosining zamonaviy tadqiqotlari”, Qarshi shahrida “Abu Muin Nasafiy Markaziy Osiyo ulamolari”, Termiz shahrida “Termiziy ulamolarning islom tamadduni va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi” mavzusida anjumanlar o‘tkaziladi.

Dunyo bo‘ylab o‘tkaziladigan Qur’on hofizlari va Hadis talabalari musobaqalari g‘oliblari o‘rtasida grand-finalni O‘zbekistonda tashkil etish, Toshkentdagi “Usmon mushafi”ga atab Jakartaning markaziy bog‘ida Ginnesning rekordlar kitobiga kirish uchun kalligrafiya tadbirini tashkil etish va ziyorat obyektlari yodgorliklari, tarixiy meros durdonalari to‘g‘risida foto (video) ko‘rgazmalar tashkil etish va targ‘ibot materiallarini tayyorlash, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ibotga qaratilgan loyiha va  tadbirlar  yaqin istiqbolda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar sirasiga kiradi.

Dunyoda mashhur allomalarimizning asarlari, jumladan, Imom al-Buxoriyning hadislar to‘plami, Imom Termiziyning “Ash Shamoil an-Nabaviya” kitobi, Ibn Sinoning “Tib qonunlari”dan tanlangan bandlari to‘plami, Imom Nasafiyning “Aqoid” asari, Amir Temurning “Temur tuzuklari”, Alisher Navoiy hikmatlari to‘plami, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” va boshqa allomalar asarlarini xorijiy (ingliz, arab, turk, rus) tillarda sifatli usulda nashr etiladi hamda ziyoratgohlar, temir yo‘l vokzallarida sotuvi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Islom olamida e’tirof etilgan Imom al-Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Abu Mansur al-Moturidiy, Az-Zamaxshariy kabi buyuk allomalarning hayoti va ijodi, shuningdek, mamlakatdagi ziyorat obyektlari to‘g‘risida maqolalarni “Wikipedia” elektron ensiklopediyasi va boshqa elektron platformalarga joylashtirish ko‘zda tutilgan.

Dastur doirasida Imom at-Termiziy hayoti va merosi, xususan, “Shamoili an-Nabaviya” asari haqida maxsus ko‘rsatuvlar tashkil etish, Buxoro viloyatidagi “Yetti pir” majmualaridagi infokiosklarda joylashtirish uchun “Tariqatning yetti piri” nomli multimedia dasturini ishlab chiqish, yurtimizning ziyoratgoh va qadamjolari, turli dinlar merosini aks ettiruvchi videoroliklar tayyorlash va ularni xorijiy aviakompaniyalar, poyezdlar bortlari mediatekasiga kiritish  choralari amalga oshiriladi.

Xulosa sifatida shuni ta’kidlash joizki, yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan keng ko‘lamli ishlar yaqin kelajakda o‘zining ijobiy samarasini beradi.

Ravshan ABDULLAYEV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi”

kafedrasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori

 


Print   Email