Xojai jahon...

Xojai jahon...

Tarixiy qadamjolar

Mustaqillik o‘zbek xalqining ma’naviy uyg‘onishi uchun to‘la imkoniyat yaratdi. Istiqlol sharofati bilan yurtimizning haqiqiy tarixi, xalqimizning azaliy urf-odatlari, ma’naviy qadriyatlari qaytarib berildi. Ayniqsa, yangilanayotgan O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ma’rifiy islomni rivojlantirish, buyuk allomalar ilmiy-diniy merosini ommalashtirish, ziyoratgohlarini obod qilishga qaratilayotgan e’tibor xalqaro miqyosda tan olinmoqda.

Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha nufuzli xalqaro tashkilot — ICESCO tomonidan 2020-yilda Buxoro shahrining Islom olami madaniyati poytaxti deb e’lon qilingani ana shunday yuksak e’tirofning yana bir tasdig‘idir.

Prezidentimizning 2017-yil 11-iyuldagi “Abdulxoliq Gʻijduvoniyning 915 yilligi va Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishida yubileylarni xalqaro miqyosda nishonlash nazarda tutilgan edi.

Buxorolik tarixchilar Azalshoh Hamroyev va Mavluda Rahmonovaning “Abdulxoliq Gʻijduvoniy majmuasi: tarixi, bugungi kuni va istiqbollari” nomli yangi risolasi nashr etilgani davlatimiz rahbari ko‘rsatmalarini hayotga tatbiq etish yo‘lidagi ishlardan biridir.

Ushbu risola mualliflarning 25 yillik mehnatlari samarasidir. U xojagon tariqatining asoschisi, yetti buyuk pirning birinchisi — Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniyning tabarruk ziyoratgohlari va bu yerda Mirzo Ulug‘bek tomonidan bunyod etilgan madrasaning tarixi, uning yaqin o‘tmishdagi va bugungi kundagi holati haqidadir.

— Kitobni yozishda Mir Muhammad Amin Buxoriy, Hofiz Tanish Buxoriy, Fazlulloh ibn Ruzbehon, Abdurazzoq Samarqandiy kabi o‘rta asr muarrixlarining Gʻijduvoniy, uning ta’limoti va maqbarasi haqidagi ma’lumotlaridan foydalandik, — deydi Buxoro davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori Azalshoh Hamroyev. – Shu bilan birga, turli arxiv suratlaridan va hujjatlaridan foydalanish ham ishimizga katta ko‘mak bo‘ldi. O‘tgan asr boshlarida olingan suratlar, tuman hokimligi tomonidan chiqarilgan, majmuani ba’zan tuzish va ba’zida buzish to‘g‘risidagi qarorlar mazmunini tarixiy xronologiya asosida berdik.

Kitobda o‘tgan asrning 30-50-yillarida olingan 20 ga yaqin oq-qora va 50 dan ziyod rangli fotosurat berilgan. Gʻijduvoniy ziyoratgohining zamonaviy ko‘rinishini iste’dodli fotosuratchi Mironshoh Hazratov turli rakurslarda suratga olib, yurtimiz ustalari va me’morlari mahorati naqadar yuksak ekanini ko‘rsata bilgan. U ziyoratgohdagi bunyodkorlik ishlari ko‘lamini o‘z suratlarida to‘la aks ettirishga muvaffaq bo‘lgan. Kitobni o‘qigan, hatto varaqlagan har bir inson yangilanish davrida Gʻijduvon tumani ham o‘zining yangi tarixiy davriga qadam qo‘yganiga ishonch hosil qiladi.

Kitobda Movarounnahr hukmdori Mirzo Ulug‘bek tomonidan qurdirilgan uchta madrasaning qurilish tarixi, ta’mirlangan vaqti, ustalari, peshtoqdagi yozuvlar tarjimasi mualliflar tomonidan ochib berilgan.

Ilmni qadrlagan, o‘zi ham zukko olim, fuzalo va tasavvuf ahli bilan doimo suhbatda bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek xojagon tariqati asoschisi Abdulholiq Gʻijduvoniy ta’limotini e’zozlagan. Shuning uchun ham xalq orasida “Xojai Jahon” unvoni bilan mashhur bo‘lgan bu zoti buzrukning xotirasini abadiylashtirish maqsadida uning maqbarasi yoniga madrasa (1433 y.) qurishni buyuradi.

Oliy madrasa ikkita nomga egadir. Uning birinchi nomi Mirzo Ulug‘bek madrasasi bo‘lsa, ikkinchisi Fayziya madrasasi bo‘lgan. Maxdumi A’zam Dahbediyning “Risolai ilmiya” asaridan olingan bu kabi faktlar, ayniqsa, madrasaning ikkinchi nomi kitobxonlar uchun yangilikdir.

— Xojagon-naqshbandiya tariqatining yetti buyuk pirining ilmiy-ma’rifiy merosi va ularning tarixiy xizmatlarini ochib beradigan asarlarga ehtiyoj oshdi. Bizning ushbu asarimiz ham ana shunday kitoblar sirasiga kiradi, — deydi hammuallif Mavluda Rahmonova.

Yetti pir ziyoratlari Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy majmuasidan boshlanadi. Shunga muvofiq, bu ziyoratgohlarda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Jumladan, Abdulxoliq Gʻijduvoniy majmuasida yangi masjid va yozgi ayvon, mehmonxona qurilib, atrof obodonlashtirilgani tarixiy faktlar va suratlar asosida ko‘rsatib berilgan.

“Abdulxoliq Gʻijduvoniy majmuasi: tarixi, bugungi kuni va istiqbollari” kitobi Abdulxoliq Gʻijduvoniy majmuasi va Ulug‘bek madrasasini ziyorat qilish uchun dunyoning turli chekkalaridan tashrif buyurgan sayyohlar uchun nodir bibliografik nashr, deyish mumkin.

G.DURDIYEVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri.


Print   Email