Xalqimizda xayr va saxovat fazilati

Xalqimizda xayr va saxovat fazilati

Bori elg‘a yaxshilig‘ qilg‘ilki, mundan yaxshi yo‘q,

Kim degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘.

Zahiriddin Muhammad Bobur

Xayr va saxovat, muhtoj insonlarga yordam qo‘lini cho‘zish insonsevarlik belgisi bo‘lib, har bir shaxs uchun eng oliy sifatlardan hisoblanadi. Mehr va shafqat, kishini faqat ezgu ishlarga chorlaydi. Tor doirada qolib ketmaslik, o‘zgalar manfaatidan o‘z shaxsiy manfaatini ustun qo‘ymaslikni bildiradi. Kishini halol yashash, yaxshi amallarni bajarishga undaydi.

Hazrat Navoiy ham quyidagi misralar orqali mehr va shafqat, boshqalarning ham g‘amida bo‘lish xislatini haqiqiy insoniylik belgisi deb ko‘rsatadi:

Odamiy ersang demagil odamiy,

Oniki yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.

Navoiyning ushbu misrasida xalqimizning insonsevarlik, mehr va saxovat kabi fazilatlari o‘z aksini topgan. Chunki xayr va saxovatli va karamli bo‘lish xislati azaldan o‘zbek xalqi xarakterining ajralmas qismiga aylanib kelgan va tarix zarvaraqlarida iz qoldirgan.

Turkiy xalqlar, ayniqsa, o‘zbek xalqi davlatchiligi tarixida mehr va shafqat bilan yo‘g‘rilgan xayr va ehson, saxovat va ko‘mak qancha cheksiz bo‘lganining guvohi bo‘lamiz. Jumladan, Qoraxoniylar davrida davlat arboblari, badavlat kishilar, xayr va ehson egalari Buxoro, Samarqand shaharlari va boshqa joylarda saroylar, do‘konlar va hammomlar qurib, ba’zan o‘z yerlarini madrasalarga vaqf qilardi. Vaqf instituti, “Jamg‘arma”ning boshlang‘ich shakli sifatida birinchi marta islom mamlakatlarida yuzaga kelib, oxirgi davrlarda Gʻarb mamlakatlarida “fundishan” shaklini olgan. Vaqf etilgan mulk va joy, rasmiylashtirilgandan keyin o‘z egasi tasarrufidan chiqib, mustaqil bir mulkka aylanadi va sud orqali idora qilinib, daromadi vaqf qilingan muassasalarga topshiriladi. Hech kim, hatto davlat ham uni sotish, yoki sotib olish huquqiga ega bo‘lmaydi.

Qoraxoniylar davrida madrasa xodimlari va talabalar maoshi ushbu mulkdan keladigan daromaddan to‘lanardi. Masalan, Sankt-Peterburgdagi Saltkova-Shedrin nomidagi qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan Ibrohim Tamg‘achxon tomonidan yozilgan vaqfnomaga ko‘ra, Samarqand madrasasi mutavallisi (idorachisi)ning bir yillik maoshi 2000 dirham, fiqh ilmi mudarrisi maoshi 3600 dirham, adabiyot fanlari mudarrisi maoshi 1200 dirham, Qur’oni karim mudarrisi maoshi 1299 dirham va talabalar maoshi 360 dirham bo‘lgan. Bir mudarrisning bir oylik maoshi bilan 200-150 dona yopilgan non, 2-3 bosh boqilgan qo‘y sotib olish mumkin bo‘lgan.

Xorazmshohlar davrida yashagan buxorolik muallif Muhammad Avfiy “Javome’ ul-hikoyot va lavome’ ul-rivoyot” kitobida yozishicha, Samarqand shahrida yashovchi chet ellik bir olim, qonunga xilof ish qilgani uchun 30 darra urush jazosiga hukm qilingan ekan. Shunda Buxoro sadrlaridan biri Burhoniddin Abdulaziz ibn Umar davlat boshlig‘iga murojaat qilib, qonunbuzarga o‘riladigan har bir darra o‘rnida 1000ta oltin tanga berishga kelishadi va davlat xazinasiga 30000 qizil oltin to‘lash bilan nafaqat mahkumning, balki ilm ahlining ham obro‘sini saqlab qoladi.

Shuningdek, Muhammad ibn Ahmad Nasafiy “Jaloliddin Manguberdi siyrati” nomli kitobida qayd etishicha, Buxoroda Oli Maza (Moza oilasi)ning buyuk imomi Sadri Jahon va uning avlodlari himoyasi va nafaqasi bilan 6000 fiqh olimi hayot kechirar ekan.

 

Temuriylar davriga kelsak, o‘zbek ayollarida xayr va ehson oliy fazilatini, Bibixonim va Gavharshodbegim timsolida ko‘rish mumkin. Taniqli tarixchi To‘rg‘un Fayziyev “Temuriy malikalar” kitobida bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Temuriy malika Bibixonim Samarqand shahrida uning nomi bilan atalgan jom’ye masjid to‘g‘risida, hashamatli katta madrasa qurib, unda ta’lim olayotgan talabalarning barcha xarajatini ta’minlab turar ekan.

Temuriy malika Gavharshodbegim xayr va saxovat hamda ezgu ishlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha jahon malikalari ichida oliy maqomda turgan. U Hirot shahrida “Musallo” majmuasiga asos solib, u yerda hozirgi “Gavharshodbegim maqbarasi” yonida, Samarqand shahrida o‘g‘li Mirzo Ulug‘bek qurgan madrasadan namuna olib, Hirot shahrida “Gavharshodbegim madrasa”sini bunyod ettirgan. Madrasaning islimiy xatlari va naqshlari uning yirik xattot va san’atkor o‘g‘li Boysunqur Mirzo nazorati ostida bo‘lgani uchun go‘zallik va mukammallik namunasi bo‘lgan ekan.

Eronning Mashhad shahrida temuriy malika Gavharshodbegim tomonidan qurdirilgan “Gavharshodbegim jom’ye masjidi” ichki bezaklaridan birining ko‘rinishi

Taniqli hirotlik temuriyshunos olim Fikriy Saljuqiy (rahmatli) menga quyidagidek ma’lumot bergan edi: “Ko‘p umr ko‘rib vafot etgan rahmatli otam, yoshligida “Gavharshodbegimning hashamatli madrasa”sini, u portlatilmasidan oldin ko‘rgan ekan. Ular aytadilarki, Hirot xattotlari oralarida xat yozish qoidalari bo‘yicha ixtilof kelib chiqqanda, Gavharshodbegim madrasa kotibalariga qarab, ixtilofni hal qilardilar, ya’ni madrasa yozuvlari — to‘g‘rilik timsoli edi. Gavharshodbegim har doim madrasa va talabalar yashash sharoitini nazorat qilib, ularga yordam berib turarkan”.

Gavharshodbegimning eng oliy xayrli ishlaridan biri Erondagi Mashhad shahrida “Imom Rizo” maqbarasi yonida “Gavharshodbegim jom’ye masjidi”ni qurish edi. Gavharshodbegim qimmatli olmoslardan tarkib topgan o‘zining nihoyat qimmatbaho taqinchog‘ini sotib, Eron o‘lkasida tengi yo‘q bu azamatli jom’ye masjidni qurdirgan. Masjidning peshtoqi uning o‘g‘li Boysunqur Mirzo yozgan nihoyatda chiroyli xat bilan bezatilgan. Bu chiroyli masjidni ko‘rgani har doim ko‘plab ziyoratchilar kelib turadi.

Temuriylar davrida xayr va saxovat egalari ko‘p bo‘lgan, ulardan biri Xo‘ja Ubaydulloh Ahror Valiy edi. Abdurahmon Jomiy aytganidek, “uning minglab gektar ekinzorlari bor, lekin ularning daromadi behisht yo‘liga borish ozuqasi hisoblanadi”, ya’ni Xudo yo‘lida xayr va saxovat hamda muhtojlarga yordam ko‘rsatishga bag‘ishlangan. U qurdirgan masjid va madrasalar Toshkent va boshqa joylarda mavjud va Xojaning vaqfnomasida ko‘rsatib berilgan. Uning eng e’tiborli ezgu ishlaridan biri — Samarqand va Buxoro aholisiga ko‘mak tariqasida ular to‘lay olmagan ikki yillik yer solig‘ini davlatga to‘lashdan iborat bo‘lgandi.

Mustabid tuzum davrida ham, o‘zbek xalqi xayr va saxovat oliy xislatini hech qachon, ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi vaqtida ham unutgan emas. Ular Vatan himoyasi uchun fashizmga qarshi urushga qatnashgan o‘n minglab farzandlari va boshqa millatlar farzandlari uchun bor-u yo‘qlari, hattoki ayollar o‘z oltin va kumush taqinchoqlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash sifatida frontga yuborgan. Bu esa dunyoda misli ko‘rilmagan va odamlarni hayratlantiruvchi saxovat va ehson oliy namunasi hisoblanadi.

O‘zbekiston mustaqilligidan keyin xayr va ehson fazilati yanada o‘ziga xos tus oldi va turli sohalarda o‘z aksini topib kelmoqda. Yaqinda jamiyatimizning ekologiya, sog‘liqni saqlash, innovatsion texnologiyalar va jamoatchilik huquqi sohasidagi mutaxassislaridan iborat tashabbuskorlar guruhi, nodavlat notijorat tashkilot sifatida “Zamin” xalqaro jamoat fondiga asos soldi. Ziroat Mirziyoyeva raisligida faoliyat yuritadigan bu fondning maqsadi — ehson va ko‘makka muhtoj kishilarga yordam berishdan tashqari mamlakatning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shish va aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 16 apreldagi PF-5416-sonli “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining 8-, 9-bandida ko‘rsatilgan yo‘llanmalari asosida, O‘zbekiston diniy idorasi tarkibida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilib, amaliy ish boshladi. Bu tashabbus o‘zbek davlatchiligi tarixida unutilmas iz qoldirib, ilm-fan rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan vaqf institutining zamonaviy uslubda tiklanishidan iborat bo‘lib, barcha mo‘min-musulmon vatandoshlarimiz e’tibor va ishonchini o‘ziga jalb etmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati e’lon qilinib, muhtoj shaxslar va kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatish yo‘li ochib berildi. Bu haqda davlat rahbari shunday degan edi: “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati davlatimiz va xalqimiz qudratining amaliy namoyishi bo‘lishiga ishonaman”. Bu — haqqoniy e’tirof. “Sardoba” tumanida yuz bergan suv toshqini fojiasidan zarar ko‘rgan yuzlab oilalarga xayr va ehson egalari, insonparvar oilalar va firmalar tomonidan jo‘natilgan behisob oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar, naqd pul, hatto bolalar uchun yuborilgan o‘yinchoqlarda o‘z tasdig‘ini topdi. O‘zbekistonda yashovchi Afg‘oniston fuqarolari ham bu xayrli ishga o‘z hissasini qo‘shdi.

Shu o‘rinda bir muhim masala ustida to‘xtab o‘tish kerak. Ayrim vatandoshlarimiz bir marta Haj safarini ado qilib, zimmalaridagi farzni bajargan bo‘lsalar-da, qayta-qayta Haj va Umra ziyoratiga qiziqib, yana bir bor muqaddas safarga yo‘l oladilar. Albatta, Haj va Umra ziyoratiga qancha borilsa, savobli ish, lekin farz emas, balki sunnatdir. Ammo uning savobidan ko‘ra, haj safari uchun sarflanadigan katta mablag‘larni, savobi ko‘proq va foydasi kengroq bo‘lgan maqsadda sarflasalar, masalan qashshoq va kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatsalar, yoki muhtojlarga ko‘mak qilish uchun tashkil etilgan xayriya fondlar – jamg‘armalarga topshirsalar, albatta, Alloh roziligiga sabab bo‘lib, xayr va ehson egasiga ajri azim hosil bo‘lardi.

Islom olamida olimlar ittifoqi asosida, omma, ya’ni xalq manfaati, fardiy manfaat, shaxs manfaatidan ustun turadi. Misol uchun, nafl shaklida ijro etiladigan Haj va Umra manfaati savobi faqat bir kishiga tegishli, lekin agar o‘sha yo‘lda sarflanadigan mablag‘, xayr va ehson yo‘lida sarflanganda, foydasi yuzlab va minglab insonlarga yetib boradi va ularni ochlik, yalong‘ochlikdan qutqarib, xayr va ehson egalari uchun cheksiz ajru savob hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Takroriy yoki nafl hajini ado qilish uchun har bir mo‘min kishi hech bo‘lmasa 25-30 million so‘m sarflaydi. Endi agar takroriy haj ziyoratini niyat qilgan mo‘min-musulmonlar shu miqdordagi mablag‘larini koronavirus pandemiyasi sababli Haj marosimi to‘xtatilgan og‘ir sharoitda, hojatmand kishilarga tarqatsalar, yoki xayriya muassasalari orqali ularga yordam bersalar, albatta, Alloh tomonidan ular nomiga cheksiz ajru savob yozilishi tabiiy.

Agar xayru ehson egasi bir miqdor o‘z mulki yoki boyligini Xudo yo‘lida vaqf qilib, O‘zbekiston diniy idorasi tarkibidagi “Vaqf” xayriya jamoat fondiga topshirsa, bu xayrli ishi bilan “Xayroti joriya” yoki “Sadaqai joriya” ya’ni, doimiy ajru savob manbai bo‘ladigan amalga qo‘l urgan bo‘ladi. Masalan, agar uning mulki, kitobxonasi, sarmoyasidan har qancha odamlar foydalansa, uning savobi, albatta, o‘zi va yaqinlariga doimiy tegib turajak.

Payg‘ambarimiz degan edilar: “Inson olamdan o‘tgandan keyin u qilgan joriy sadaqadan tashqari uning barcha aloqalari dunyodan uziladi”. Yana bir hadisda “Solih farzand va sadaqai joriya insonga ajru savob yetib borishiga sabab bo‘ladi”, deyilgan.

Darhaqiqat, sadaqa va xayrli ishning savobi, undan odamlarga yetib boradigan xayru manfaat miqdori bilan o‘lchanadi. Masalan, bir qashshoq oilani oziq-ovqat bilan ta’minlash va bir kambag‘al o‘quvchiga moddiy yordam berish xayrli ish, lekin yuzlab kishi o‘qiydigan bir maktab qurish, yoki yuzlab oilaga yordam berib turgan bir xayriya jamg‘armasiga katta yordam ko‘rsatish, Alloh tomondan yuzlab marotaba ajru savob berilishiga sabab bo‘ladi.

Shu nuqtai nazardan, Temuriylar davrida yuz bergan, mavzuga tegishli bir muhim voqeani eslatib o‘tish joiz. XV asrda Temuriylar davlatining bosh vaziri hazrat Alisher Navoiy haj ibodatini ado qilish niyatida tayyorgarlik ko‘rib turgan chog‘ida, Sulton Husayn Boyqaro u kishini o‘z huzuriga chorlab, hozir ushbu safar vaqtini kelajakka cho‘zishini so‘raydi.

Navoiy buning boisi neligi bilan qiziqanida Sulton shunday deydi: “Albatta, Haj ziyoratini qilish farz, lekin uning uchun muayyan vaqt belgilangan emas, u namoz kabi vaqti o‘tib qazo bo‘lmaydi. Banda har qachon vaqt topib, uni ado qilsa bo‘ladi. Endi sababini mendan so‘ramoqchi ekansiz, aytishim kerakki, ra’yiyat muammolarini yechish bilan mamlakatda qonunni nazorat qilish, mazlumlar dodini eshitib, ularni zolimlardan najot berish kabi muhim ishlar, Sizning zimmangizda turgan asosiy vazifalardan hisoblanadi. Ayting-chi, Siz bir uzoq muddat mavjud bo‘lmagan sharoitda bu ishlarni kim bajarishi mumkin va Sizdan boshqa kimga ishonib bo‘ladi?”.

Navoiy hazratlari Husayn Boyqaroning fikrini ma’qullab, Haj safarini kelgusiga qoldiradi.

Payg‘ambarimiz aytadilar: “Adlu soatin xayrun min ibodati santin” ya’ni, bir soatlik adolat qilish, bir yillik ibodatdan ustun turadi. Siz hajni ado qilsangiz, uning savobi faqat o‘zingizga tegadi, lekin agar bu yerda turib adolat o‘rnatish va xalq xizmatida bo‘lish, barcha musulmonlarning cheksiz olqishlariga sabab bo‘ladi va bu yo‘ldan siz uchun hosil bo‘ladigan savob va ajri azim beqiyos sanaladi.

Temuriylar davrida xayr va saxovat harakati hech qachon to‘xtamagan. Alisher Navoiy ota-bobolaridan meros qolgan katta boylik daromadidan bir miqdorini o‘z ehtiyojiga sarflasa, qolgan to‘qson foizini xayriya ishlariga ajratgandi. Manbalar guvohligida u Afg‘oniston va Eron hududlarida madrasa, shifoxona, kutubxona, qiroatxona, xonaqoh, yetimxona, bog‘ va hovuzlar, ko‘prik va ariqlar kabi 370dan ortiq xayriya inshootlar qurdirib, xalq xizmatiga qo‘ygan. Tog‘lar ichidan ariq qazdirib, chashmalar ichimlik suvini Mashhad shahriga olib kelgani haqida Davlatshoh Samarqandiy “Tazkiratush-shu’aro”da hayratlanib ma’lumot beradi. Bulardan tashqari hazrat Navoiyning saxovat va karam dasturxoni shuncha keng yozilgan ediki, har yili “Ixlosiya” xonaqohsidan minglab kiyim-kechak, sarpo, to‘n, salla, po‘stin va poyabzal, kambag‘al va muhtojlarga tarqatilardi. Afg‘oniston shimolida joylashgan qadimiy Juzjon markazi bo‘lmish bizning shahrimiz – Sarpul shahri ham bu karamli inson nazaridan chetda qolmagan. Ikkiga bo‘lingan ushbu shahar qismining katta daryo ustiga hazrat Navoiy ikki qavatli katta ko‘prik qurdirgan, shu ko‘prik binosidan keyin, shahrimiz “Sari pul” otini olgan. Besh asrdan osha uzoq muddat davomida suv toshqinlari va yer silkinishlariga chidam ko‘rsatib kelgan bu obida, hazrat Navoiy ezgu xotirasini odamlar qalbida mangu saqlaydi.

Alisher Navoiy qurdirgan “Sari pul” ko‘prigi ta’mirdan oldin (Afg‘oniston)

“Sari pul” ko‘prigi ta’mirdan so‘ng

Bir so‘z bilan aytganda, xayr-saxovat, kishilarga yordam qo‘lini cho‘zish insoniylikning eng oliy xislatidir. Ajdodlarimizdan bizga meros bo‘lgan ushbu azaliy qadriyat, an’analarga rioya qilish, kelajak avlodlarga yetkazish har birimizning oldimizda turgan maqsadlarimizdan biri. Hozirgi kunda ham buning amaliy ifodasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmiz. Insoniyat boshiga kelgan bugungi koronavirus pandemiyasi sharoitida ham kishilar chin insoniylik tamoyillariga amal qilgan holda, yurtdoshlariga yordam bermoqdalar. Davlat rahbari va mas’ul mutasaddilarning bu boradagi ko‘rsatma, tavsiyalari hamda belgilangan tartib-qoidalarga fuqarolarimiz amal qilishyapti. Zero, bu sinovli kunlar ham ortda qoladi. O‘zbek xalqi ilm-ma’rifat, sabr-matonatli millat. Mana shu kunlarda ham o‘zaro hamjihatlik, bir-birimizga ko‘rsatgan mehr-muruvvat, xayr-saxovatimiz bilan ushbu sinovlarni, albatta, yengib o‘tamiz.

Abduhakim Shar’iy JUZJONIY,

yuridik fanlari doktori, professor (Shvesiya)


Print   Email