Xalq turmush sharoitini yaxshilashga intilgan ma’rifatparvar

Xalq turmush sharoitini yaxshilashga intilgan ma’rifatparvar

Millat fidoyilari

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 31-avgust — Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni Shahidlar xiyobonida nuroniylar, ulamo va ziyolilar bilan bo‘lgan muloqot chog‘ida: “Ma’rifatparvar bobolarimiz mustaqillik uchun, xalqimiz emin-erkin yashashi uchun kurashganini bilamiz. Oxirgi yillarda butun jamoatchiligimiz harakati bilan ularning nomlarini tiklash, muzeylarni yangi namunalar bilan to‘ldirish, ijod maktablari tashkil etish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinyapti. Bularning hammasi — odamlarga tarixiy adolatni, haqiqatni yetkazish uchun, xalqimiz u kunlarni bilishi va hech qachon unutmasligi, bugungi kunlarning qadriga yetishi uchun”, deya ta’kidlagan edi. Bugun biz so‘z yuritayotgan Sulton qori Jumaniyozov ham ana shunday ma’rifatparvar bobolarimizdan biri sanaladi.

Jadidlar maktabining taniqli namoyandasi Sulton qori Jumaniyozovning ma’rifatparvarlik g‘oyalari va sa’y-harakatlari haqida tarix sahifalarida e’tiborga molik chizgilar qoldirilgan. U 1878-yil ko‘hna Xorazmning Yangi Urganch shahrida dehqon oilasida dunyoga kelgan. Sultonbek bolaligidan mehnatda ko‘zi pishdi. Dastlab tikuvchiga shogird tushdi, so‘ng soatsoz ustadan mazkur hunar sirlarini o‘rgandi. Ayni paytda eski maktabga ham qatnab savod chiqardi. Uning o‘tkir zehni, quymaquloqligi va shirali ovozini ko‘rgan masjid imomi Sultonga Urganch shahridagi Hoji Toshqul qorixonasida o‘qishni davom ettirishni tavsiya qiladi. Oradan ko‘p o‘tmay, Sulton Qur’oni karimni tajvid asosida mukammal yod oldi va Sulton qori bo‘lib elning nazar-e’tiboriga tushdi. Biroq u tirikchiligini o‘zining halol mehnati — soatsozlik hunari bilan davom ettirdi.

Bu vaqtda yarim mustamlakaga aylanib qolgan Xiva xonligida bir tomondan Chor imperiyasining iqtisodiy siquvi, ikkinchi tomondan mahalliy soliqlarning muttasil ortib borishi oqibatida oddiy xalq aziyat chekardi. Shunday murakkab tarixiy sharoitda “Yosh xivaliklar” harakati vujudga keldi. Sulton qori Jumaniyozov 1916-yil mart oyida xonlikdagi milliy zulmga qarshi qo‘zg‘olonda o‘zining xalq tomonida ekanini yashirmadi. Qo‘zg‘olon chor qo‘shini yordamida vahshiylarcha bostirilgach, Sulton qori Jumaniyozov ham mavjud tuzum dushmanlari ro‘yxatidan o‘rin oldi.

“Yosh xivaliklar” partiyasining asl maqsadi Xiva xonligidagi eskirgan boshqaruv tuzumi o‘rniga boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish, soliq tizimini takomillashtirish, ishlab chiqarishda g‘arb ilmi yutuqlarini qo‘llash hamda mamlakatda zamonaviy ilm-fan rivojiga keng yo‘l ochishdan iborat edi. Biroq mavjud tuzumdan manfaatdor bo‘lgan mahalliy mutaassiblar hamda xonlikni butunlay tugatish niyatida ichki ziddiyatlarni kundan-kun avj oldirayotgan tashqi kuchlar ham “Yosh xivaliklar”ning islohotchilik faoliyatiga qarshi edi.

Xon va uning ma’murlari zulmi hamda turkman ko‘chmanchilarining talonchilik yurishlariga qarshi kurash soyasida kirib kelgan bolshevik “qizil qo‘shini” Xiva xonligini butunlay bosib oldi. Xiva xonligi tugatilib, uning o‘rnida Xorazm Xalq Respublikasi bunyod etildi. “Yosh xivaliklar”dan iborat yangi hukumatda na harbiy, na iqtisodiy salohiyat bor edi. Amalda bolsheviklarga qaram bo‘lgan hukumat “Yosh xivaliklar” partiyasini tugatib, uning a’zolarini kompartiyaga kirishga majburlay boshladi. Bolsheviklarning g‘ayriinsoniy aqidalaridan mutlaq bexabar bo‘lgan Sulton qori Jumaniyozov ham 1920-yil bo‘hronlari vaqtida kompartiyaga a’zo bo‘ldi.

Sulton qori Jumaniyozov 1920-yil yozidan 1921-yil sentabr oyigacha Urganchda tuman ijroqo‘mining raisi, 1921-yil kuzidan esa Xorazm Xalq Respublikasining Moskvadagi doimiy vakili sifatida faoliyat yuritadi. Sulton qori Jumaniyozov mazkur lavozimda ishlagan vaqtida Xorazm Xalq Respublikasi (XXR)ning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilib, keng ko‘lamli ishlar olib bordi. Xorazmlik ko‘plab yoshlarni Moskva va Peterburg shaharlarida joylashgan oliy va o‘rta maxsus kasb hunar bilim yurtlariga o‘qishga jalb etdi. 1922-yil so‘ngida Xorazmga qaytgan Sulton qori Jumaniyozov XXR maorif xalq komissari lavozimiga tayinlanadi. U sakkiz oy davom etgan nozirligi davrida ko‘plab maktablar, qator bilim yurtlari ochildi, darsliklar chop etildi.

Sulton qori Jumaniyozov 1923-yil XXR Xalq komissarlar sovetining raisi, 1923-24-yillarda XXR adliya xalq komissari, 1924-25-yillarda esa Xorazm Xalq Respublikasi Markaziy ijroiya komiteti raisi lavozimlarida ishladi.

Sulton qori Jumaniyozov elning mehrini qozongan inson edi. 1924-yil 17-mart teatr maydonida o‘tkazilgan yig‘inda Nizomiddin Xo‘jayev xalqqa murojaat qilib, Sultonqori qanday odam, deydi. El bir ovozdan yaxshi odam, deb guvohlik beradi. Shundan so‘ng Nizomiddin Xo‘jayev, Sulton qori Jumaniyozov va Sapayev ishtirokidagi komissiya 1924-yil 22-mart kuni turmaga borib, 214 kishini ozod qiladilar.

Sulton qori Jumaniyozov sovetlarning milliy chegaralanish siyosatiga qarshi chiqib, Xorazm Xalq Respublikasining mustaqilligi va hududiy yaxlitligini saqlab qolish maqsadida matonat bilan kurash olib bordi. Davlat Rizayev bilan sovetlarning XXR o‘rtasida tuzilgan shartnomalarida bergan va’dalarini eslatish uchun bir necha marta Moskvaga qatnadi. Biroq biror natijaga erisha olmadi.

Sulton qori Jumaniyozov o‘zining sodda va halol mehnatga tayangan turmush tarzidan aslo voz kechmadi. Xorazm Xalq Respublikasining rahbari bo‘lishiga qaramay, o‘zining eski kasbi — soatsozlikni tashlamadi. Hatto XXR Markaziy ijroiya komiteti raisi lavozimida bo‘lgan vaqtlarida ham Ramazon oylarida musulmon ahlining oldida turib, namozda imomlik qilishda davom etdi. Bu kabi bir qancha sabablar tufayli Sulton qori nomzodi yangidan shakllantirilayotgan hukumat tarkibiga kiritilmadi.

Sulton qori Jumaniyozov 1925-27-yillarda Yangi Urganch uyezd yer bo‘limi mudiri, 1927-29-yillarda okrug adliya bo‘limi mudiri, 1929-30-yillar Xorazm okrug mehnat bo‘limi raisi lavozimlarida ishladi. 1930-34-yillarda esa Xorazm okrug ijroqo‘mida madaniy-oqartuv bo‘limida ishlab, hududlarda aholining madaniy va maishiy turmush sharoitini yaxshilash maqsadida rejali tadbirlarni amalga oshirishga kirishadi. 1934-yil amalga oshirilgan navbatdagi “tozalash”da Sulton qori Jumaniyozov bir qancha ayblovlar bilan partiyadan haydaladi. Uning mehnat staji bekor qilinib, amaldagi barcha huquqlaridan mahrum etiladi. Sulton qori Jumaniyozov zudlik bilan Akmal Ikromov nomiga ariza yozib, uni bu adolatsizlikdan ogoh etadi. Natijada Toshkentning aralashuvi bilan holat yuzasidan qayta tekshirish o‘tkazilib, unga qo‘yilgan barcha ayblov bekor qilinadi. Hatto uning mamlakat va xalq oldidagi xizmatlari inobatga olinib, shaxsiy nafaqa belgilanadi. Sulton qori Jumaniyozov 1934-37-yillar davomida Xiva muzeyida direktor sifatida ish olib bordi.

Sulton qori Jumaniyozov Xorazm elining katta obro‘ga ega tabarruk oqsoqollaridan biri edi. 1936-yil may oyida “Yosh xivaliklar”ning sobiq rahbari, Xorazm viloyati osori atiqalar bo‘limi raisi bo‘lgan Polvonniyoz hoji Yusupov vafot etadi. Uning o‘rniga tayinlangan Jumaniyoz hoji Boboniyozov ham 1936-yilning sentabrida qamoqqa olinadi. Shundan so‘ng o‘lkada tarixiy binolar — masjid, madrasa, muqaddas qadamjolarga munosabat keskin yomonlashib, hatto muzeylarda o‘g‘rilik holatlari kuzatila boshlaydi. Sulton qori Jumaniyozov 1936-yil 8-oktabrda yana Akmal Ikromovga murojaat etadi va arizaning so‘ngida nafaqadagi do‘sti Jumaniyoz Boboniyozovning nohaq qamoqqa olinganini ma’lum qiladi. Biroq shu ariza ortidan Sulton qori Jumaniyozovga nisbatan ta’qib boshlanib, uning uyi kechay-u kunduz maxsus odamlar tomonidan kuzatila boshlaydi. Uydan chiqa olmay qolgan Sulton qori Jumaniyozov 1936-yil 3-noyabrda viloyat mas’ullariga quyidagi varaqani yo‘llab ulguradi: “Badalboyevga! Meni qidiryaptilar. Meni ham bir yolg‘on bilan qamoqqa tiqishmoqchilar. Bu bilan bolalarimga qiyin bo‘ladigan bo‘ldi. Menga amaliy yordam beringlar. Jumaniyozov qori bobo”. Faqat shu xatdan so‘nggina uni yana bir muddat tinch qo‘yadilar...

1937-yil iyun oyida Sulton qori Jumaniyozov ta’tilga chiqib, davolanish maqsadida Toshkentga yo‘l oladi. Biroq...

1937-yil 4-avgust kuni Urganch shahrida kompartiya faollari Sulton qori Jumaniyozovning 1920-37-yillardagi faoliyatini salbiy baholab, uni partiya safidan chiqaradi. 5-avgust kuni yig‘ilishda esa uni F.Xo‘jayev, A.Ikromov va boshqa “xalq dushman”lari bilan aloqada bo‘lgan, qori, namozxon deb kamsitadilar.

1937-yil 16-avgust kuni ichki ishlar xalq komissarligi Xorazm okrug boshqarmasi boshlig‘i Kalmikovning Sulton qori Jumaniyozovni aksilinqilobchi sifatida O‘zSSR JKning 66-moddasi 2-qismi bilan ayblagan qarori chiqadi. 1937-yil 25-avgust kuni berilgan order asosida u yashagan Xiva shahri, 1-burchak, 12-mahalla, 225-uyda tintuv o‘tkaziladi. Tintuvda Sulton qoriga tegishli barcha hujjat va kitoblar, xo‘jalik ashyolarigacha xatlanib, olib ketiladi. Uning turmush o‘rtog‘i Munavvarxon Qorixo‘jayeva (35 yosh), qizi Zumrad (13 yosh), o‘g‘illari Sodiq (9 yosh), Anvar (6 yosh), Ikrom (4 yosh) va Farhod (1 yosh)larga hech qanday tushuntirish berilmadi.

1937-yil 1-sentabr kuni o‘tkazilgan ilk so‘roqda Sulton qori o‘zining o‘tmishini hikoya qiladi va “Ozod Turkiston” nomli aksilinqilobiy tashkilotning a’zosi bo‘lganini qat’iyan rad etadi. 1937-yil 13-noyabr kuni o‘tkazilgan so‘nggi so‘roqda ham Sulton qori Jumaniyozov Xorazmda hech qanday aksilinqilobiy tashkilot bo‘lmaganini va aytilayotgan gaplarning hammasi tergovchilar tomonidan o‘ylab topilganini ta’kidlaydi.

Ichki ishlar xalq komissarligi Xorazm okrug boshqarmasi boshlig‘i Vasilyev tomonidan tasdiqlangan ayblov bayonnomasida sobiq imom Sulton qori Jumaniyozov 1936-yilda fashistlarni maqtaganlikda aybdor deb topiladi. 1937-yil 28-noyabr kuni ichki ishlar xalq komissarligi Xorazm okrug boshqarmasi qoshida tashkil etilgan “uchlik” sudi Sulton qori Jumaniyozov ishini ko‘rib chiqadi va aybini isbot etadigan hech bir dalil ko‘rsatilmagan holda, uni oliy jazoga hukm etadi. Hukm ijrosi 1937-yil 26-dekabr kuni Xorazmda tashkil etilgan maxfiy qatlgohlardan birida amalga oshiriladi.

1959-yil 19-yanvar kuni Anvar Sultonovning Xorazm viloyati militsiya idorasiga yozgan arizasiga javoban, Sulton qori Jumaniyozovning 1937-yil 10 yilga qamoqqa hukm etilgani va 1942-yil jazoni ijro etish davrida vafot etgani to‘g‘risida yolg‘on xabar yetkaziladi.

1959-yil 20-fevral kuni Sulton qori Jumaniyozovning turmush o‘rtog‘i Munavvarxon Jumaniyozova O‘zSSR Oliy sudi raisi Yo.Nasriddinova nomiga ariza yozadi. Unda erining 1937-yilda kurortga boraman, deb uyidan chiqib ketgani holida qaytib kelmaganini va shundan so‘ng o‘zining odamlarning nonini yopib, kirini yuvib, norasida bolalarining jonini saqlab qolganini yozadi. 1960-yil 19-aprel kuni Xorazm viloyati prokuraturasi protesti asosida Sulton qori Jumaniyozov ishi yuzasidan qayta so‘roqlar boshlab yuboriladi. 1960-yil 15-iyulda qayta so‘roqqa chaqirilgan Abdulla Boltayev: “... Uni 1923-yil Xorazmda adliya xalq komissari vaqtidan taniganman. So‘nggi yillarda Xiva muzeyida ishlaganini bilaman. Sulton qori Jumaniyozov ajoyib inson edi. 1937-yil meni guvoh sifatida ichki ishlar xalq komissarligi tergov boshqarmasiga chaqirishgan va men ularning qiynoqlari iskanjasida bir nechta qog‘ozlarga imzo chekkanman”, deydi.

Qayta so‘roqlar davomida Sulton qori Jumaniyozov hech qanday dalil-isbotsiz, bo‘htonlar asosida qatl etilgani ma’lum bo‘ladi. Atoqli ma’rifatparvar yurtdoshimiz 1960-yil 11-iyul kuni Xorazm viloyati sudi tomonidan oqlanadi.

Bahrom IRZAYEV,

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Qatag‘on qurbonlari xotirasi

davlat muzeyi katta ilmiy xodimi.

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi.


Print   Email