Vatan tuyg‘usining o‘q tomirlari

Vatan tuyg‘usining o‘q tomirlari

Mustaqillikning ilk qadamlaridanoq yurtimiz chiroy ocha boshladi. Ayniqsa, bu yil istiqlolning 29 yilligida shahar-u qishloqlar yangilanib, yanada ko‘rkamlashib, o‘ziga xos go‘zal qiyofa kasb etib boryapti. Bunday ko‘lamdagi ishlar, albatta, bir yildayoq amalga oshmay qolmaydi, mazkur ulkan o‘zgarishlarga mustaqillikning ilk odimlaridayoq poydevor qo‘yilganki, bugun uning mevasini ko‘rmoqdamiz. Obodonchilikni xalqimiz muqaddas joylardan boshlagani ham bejiz bo‘lmasa kerak.

O‘tgan qisqa davr mobaynida qancha-qancha bobokalonlarmiz — tarixiy qadriyatlarimizning ijtimoiy-ma’naviy asoslarini tashkil etuvchi azizlarning, moʻtabar hadisshunos, fiqh ilmi daholari dafn etilgan qadamjolar muqaddas ziyoratgohlarga aylantirildi. Asrlar qa’ridan yomg‘ir-u qor ostida nurab, otashnafas quyosh ta’sirida qaqshab, darbadar qush-u laylaklar makoniga aylangan maqbaralar qaytadan hayotbaxshlik kasb etdi. Mozorlar, qadamjolar obod bo‘ldi. Binobarin, ajdodlar ma’naviy merosi bebaho boylik va tengsiz xazinadir. Uning zamirida ajdodlarning ibratli hayoti, olijanob fazilatlari mujassamdir. Zero, bu xazina nafaqat o‘z davri, shuningdek, kelajak avlodlar ma’naviy hayoti uchun mustahkam zamin bo‘ladi. Jumladan, valiy zotlarning pok e’tiqodi, ilm-u irfon yo‘lidagi fidoyiligi, kamtarlik, xokisorlik, samimiylik kabi fazilatlari yosh avlodda ajdodlarga cheksiz hurmat-ehtirom tuyg‘ularini kuchaytiradi.

Istiqlolning 29 yillik bayrami “Sen qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida nishonlandi. Tantanali marosimda Prezidentimiz “Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish — Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda” deya ulug‘vor g‘oya va maqsadni ilgari surdilar. Zero, shu qisqa muddatda O‘zbekiston barcha sohalarda ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi. Ayniqsa, o‘tmishga, ajdodlarimiz merosi bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi.

Darhaqiqat, sobiq Sovet hukumati tomonidan amalga oshirilgan mustabid siyosatning natijasi o‘laroq, yetmish yil davomida tarixchilar tomonidan yozilgan asarlarda xolislik prinsipga amal qilinmay, tarixga bir tomonlama yondashuv ustunlik qilib kelingan edi. SSSRning parchalanishi tufayli erishilgan yutuqlar eng avvalo, o‘tmishga bo‘lgan munosabatimizda o‘z aksini topdi.

Mafkuraviy to‘siqlar barham topgach, tadqiqotchilarimiz nafaqat mamlakatimizda, balki dunyoning boshqa davlatlari arxivlari va kutubxonalarida o‘z mavzulariga doir ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Buning natijasida 2008-yilda tarix fanlari doktori Ashirbek Mo‘minovning ilmiy rahbarligida “Farg‘ona vodiysi aholisi turmush tarzida  ziyoratning o‘rni (Farg‘ona viloyati ziyoratgohlari materiallari asosida)” mavzusida tarix fanlari nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildim.

Mustaqilligimizning 29 yilligi arafasida “Ahmad al-Farg‘oniy”, “Burhoniddin al-Marg‘inoniy davri va uning avlodlari”, “El va yer farzandi”, “Bibi Ubayda tarixi”, “Qora yozi tarixi”, “Oltiariq ziyoratgohlari”, “Marg‘ilon haqida so‘z”, “Ko‘hna Marg‘ilon ziyoratgohlari”, “Shohimardon ziyoratgohi”, “Sadkak ota ziyoratgohi”, “Shohimardon”, “Bibi Ubayda ziyoratgohi”, “Yigit pirim — Erhubbi ziyoratgohi”, “Xojam Podshoh ziyoratgohi”, “Haziniy yurti”, “Burhoniddin Marg‘inoniy haqiqat va asotirlar”, “Yozyovonlik Suyarxon to‘ra”,  “Toshloq tarixidan lavhalar”, “Marg‘ilon mahallalari”, “Sarmozor ziyoratgohi”, “Farg‘ona tuman tarixi”, “Ajdodlar yodi” “Muhammad Yusuf Hazin” (Xonaqohiy Hazrat Marg‘inoniy), “Farg‘ona ziyoratgohlari”, “Andijon va Namangan viloyatlari ziyoratgohlari”, “Toshkent ziyoratgohlari” “Oshiq Yusuf ziyoratgohi”, “Xojajon Xoja Rojiy Marg‘inoniy”, “Abdusamad Oxund Qoil Marg‘iloniy”, “Foziljon Maxdum Marg‘iloniy”, “Fayziobod fayzlari”, “Xoja Marg‘iloniy”, “Odamiylik silsilasi”, “Bo‘rbaliq va Katput tarixidan”, “Jalabek azizlari” singari  qirqdan ortiq kitoblarni chop ettirdik.

Yaponiyalik tadqiqotchilar bilan olib borgan izlanishlar natijasida “Markaziy Osiyodagi islomga oid muqaddas joylarni tadqiq qilish: Farg‘ona va Qashg‘ar” nomli Farg‘ona vodiysidagi ziyoratgohlarga doir maqolalar to‘plami hamda uch jildli “Sinszyan va Farg‘onada topilgan mozor hujjatlari” nashri chop etildi. Ushbu to‘plamda Farg‘ona vodiysidagi mavjud muqaddas ziyoratgohlar Markaziy Osiyo xalqlarining ko‘p asrlik tarixini o‘rganishda ham muhim tadqiqot obyekti bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga o‘zbek xalqining an’anaviy madaniyatining tarixiy asoslari, taraqqiyot yo‘llari hamda tendensiyalarini oydinlashtirishda, xalqimizning turmush tarzini yaqindan yoritishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu davr ichida “Buyuk ipak yo‘li va Farg‘ona vodiysi”, “Farg‘ona va Shinjong ziyoratgohlari”, “Markaziy Osiyoda an’anaviy va zamonaviy etnomadaniy jarayonlar”, “Marg‘ilon asrlar silsilasida”, “Marg‘ilon shahrining jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni”, “Markaziy Osiyo bilan Xijoz o‘rtasidagi haj yo‘llari”, “Islom dunyosi: Tarix, jamiyat, madaniyat”, “Buyuk Ipak yo‘lidagi muqaddas ziyoratgohlar” kabi mavzularida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy anjumanlarda ishtirok etdim.

Hozirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “XIX asr ikkinchi yarmi — XX asr boshlari Marg‘ilon muhitida diniy va agiografik manbalar tadqiqi” mavzusida doktoranturaning ikkinchi bosqichida tadqiqot ishlarini olib boryapman.

Bugungi kunda jamiyatda sog‘lom e’tiqodni shakllantirish, uni takomillashtirish hamda kishilar turmush tarziga singdirish, barkamol avlod tarbiyasida ulug‘ zotlarning ma’naviy merosidan foydalanish katta ahamiyat kasb etadi. Ilm-ma’rifat rivojlangan jamiyatda ezgulik, yaxshilik, insoniylik, ishonch-e’tiqod, poklik ildiz otadi. Dunyoviy ilmlar inson tafakkurini charxlasa, diniy bilimlar inson qalbi, ruhining quvvati bo‘ladi. Dunyoviy va diniy bilimlarni uyg‘unlashtirgan inson har jihatdan komil bo‘ladi. Hadisda “Bu dunyoni deb oxiratni, oxiratni deb bu dunyoni unutmang”, deyilgan. Dunyoviy va diniy qadriyatlar bir-birini to‘ldirgan jamiyatning kelajagi buyukdir.

Prezidentimizning istiqlol bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqlari yurtimizda barcha jabhalarda mehnat qilayotgan, xususan, ilmiy-tadqiqot ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan tadqiqotchilarga ertangi kunimizga, o‘z kuch va imkoniyatlarimizga bo‘lgan ishonchimizni yanada orttirdi. Albatta, mamlakatimiz taraqqiyotining yuksak ifodasi — Uchinchi Renessansga erishishda barcha soha va tarmoqlarda kechayotgan islohotlarni amalga oshirish hal qiluvchi omil bo‘ladi.

Nodirjon ABDULAHATOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi doktoranti,

tarix fanlari nomzodi.

 


Print   Email