Umr bevafo, mardona hayot abadiy...

Umr bevafo, mardona hayot abadiy...

Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarida bunday tanbeh bor: “Kimki umrini mardlar xizmati uchun sarflasa, umri o‘tsa hamki, abadiy umr egasi bo‘ladi. O‘zingni shundaylardan uzoq tutma, boshing ketsa ham shu muddaoni unutma. Umr bevafodir, mardona hayot abadiydir”.

Bu tanbehdagi “mard” so‘zi forscha bo‘lib, inson ma’nosini anglatadi. Kimki inson nomiga munosib ish tutsa, u mard hisoblanadi. Navoiy inson baxt-saodati uchun o‘z hayotini baxshida etuvchi kishilarning ko‘proq bo‘lishini orzu qilgan. Zero, jamiyat taraqqiyoti, insoniyat tarixining porloq sahifalari faqat shunday kishilarning nomlari va ishlari bilan bog‘liqdir.

Mahmudxo‘ja Behbudiy shunday kishilar qavmidan bo‘lib, 1875-yil 19-yanvarda Samarqand yaqinidagi (Siyohob volostining) Baxshitepa qishlog‘ida tug‘ildi. Uning shajarasi, bir tomondan Ahmad Yassaviyga borib tutashsa, ikkinchi tomondan, Urganch xo‘jalariga borib taqaladi. Mahmudxo‘janing bir bobosi Solihxo‘ja bo‘lib, ular Samarqandning obro‘-e’tiborli kishilaridan hisoblangan. Qori Niyozxo‘ja XVIII asrda amir Shomurodning buyrug‘i bilan Urganchdan Samarqandga ko‘chirilgan.

Mahmudxo‘janing imom-xatiblik bilan shug‘ullangan otasi Behbudxo‘ja 1894-yili, kenja farzandi tug‘ilishidan bir oz avval vafot etgan.

6-7 yoshida tog‘asi qozi Muhammad Siddiq tufayli xat savodi chiqqan, so‘ng XIX asrning 90-yillarida Chashmaob va Kobud volostlarida mirzolik qilgan Behbudiy dunyoqarashining keskin o‘zgarishida uning Sharq va Gʻarb mamlakatlariga qilgan safarlari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. U 1899-1900-yillarda Turkiya, Misr va Hijozga, 1903-1904-yillarda esa Rossiyaning Moskva, Peterburg, Nijniy, Qozon va Ufa singari shaharlariga borib, xorijiy xalqlar hayoti bilan yaqindan tanishdi. Mustamlaka shart-sharoitida yashagan o‘zbek xalqi turmushini xorijiy xalqlar hayoti bilan qiyoslash Behbudiyni ikkiyoqlama zulmdan ezilgan vatandoshlari taqdiri haqida qayg‘urishga majbur etdi.

Bu, O‘rta Osiyoda jadidchilik harakati uyg‘ongan yillar edi. Ana shunday tarixiy-ijtimoiy davr taqozosi bilan harakatga kelgan jadidchilik xalq hayotida kechayotgan qashshoqlanish jarayonining oldini olish hamda jaholat va safohat botqog‘ida yashayotgan xalqqa madad qo‘lini cho‘zishni o‘ziga maqsad qilib oldi. Jadidlar xalqni har tomonlama ayanchli ahvoldan xalos etishning birdan-bir yo‘lini ilm-ma’rifatda ko‘rdilar.

Sovet hokimiyati davrida xuddi shu narsa jadidlar dunyoqarashi va faoliyatining cheklanganligi sifatida baholanib keldi. Holbuki, qo‘llarida na davlat idoralari, na sarmoyalari bo‘lgan jadidlar o‘zlarining fidokorliklari orqasida faqat yangi usuldagi maktablar ochib, jadid matbuoti, adabiyoti va teatriga asos solib, ular orqali o‘z g‘oya-maqsadlarini targ‘ib qilishlari va xalq ko‘ziga haqiqat ko‘zgusini tutishlari mumkin edi. Ular o‘z qo‘llarida bo‘lgan ana shu yagona imkoniyatdan g‘oyat samarali foydalanib, ma’rifiy inqilob yo‘li bilan xalqni moddiy farovonlik va boylik sari yetaklashga ham urindilar. Moddiy farovonlik va boylik esa, ular nazdida, kapitalizm bag‘rida edi. Ular xalqni feodal turmush tarzidan kapitalistik munosabatlar bosqichiga olib chiqish orqali kelajakda uni mustamlaka kishanlaridan xalos etmoqchi bo‘ldilar. Shuning uchun ham jadidchilik harakati maydonini faqat ma’rifat jabhasi bilangina chegaralab olish to‘g‘ri emas. Zero, jadidlar harakati dasturining muhim nuqtasi milliy muxtoriyat va ijtimoiy taraqqiyot bilan bevosita bog‘liqdir.

XX asr boshlarida Turkistonda jadidchilik harakatining qanot yozishida Rossiya, Turkiya va Eron inqiloblaridan tashqari, Qrim va Volgabo‘yi tatarlarining matbuoti, birinchi navbatda, Ismoilbek Gasprinskiyning “Tarjimon” gazetasi muhim ahamiyatga molik. Matbuotning taraqqiyparvar kishilar qo‘lida qudratli qurol ekanligini sezgan Behbudiy 1901-yildan boshlab “Turkiston viloyatining gazeti”, “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat”, “Osiyo”, “Tujjor” singari mahalliy hamda “Tarjimon”, “Vaqt” va “Sho‘ro” singari qardosh xalqlarning gazeta va jurnallarida 200 dan ziyod maqolalarini e’lon qildi. Va bu maqolalari bilan xalqning basir ko‘zlarini ochishga urindi. U ayni paytda Samarqandda dastlabki usuli jadid maktablarini ochishga va ular uchun qo‘llanma hamda darsliklarni yaratishga kirishdi. Behbudiy Abdulqodir Shakuriy bilan birga 1903-yilda Rajabamin qishlog‘ida yangi usuldagi birinchi maktabni ochib, so‘ng 1906-yili uni shahardagi hovlisiga ko‘chirib keldi va uni o‘z otalig‘iga oldi. Shu yillarda u “Muntaxabi jug‘rofiyai umumiy” (“Qisqacha umumiy geografiya”), “Madhali jug‘rofiyai Rusiy” (“Rusiyaning qisqacha geografiyasi”), “Kitobat ul-atfol” (“Bolalar kitobi”), “Muxtasari tarixi islom” (“Islomning qisqacha tarixi”) va “Amaliyoti islom” singari darslik hamda qo‘llanmalarini yaratdi. Bu tilga olingan asarlarning o‘ziyoq Behbudiyning ham diniy, ham dunyoviy bilimlarni puxta egallagan alloma bo‘lganidan shahodat beradi.

Jahon fani va madaniyati uchun Beruniy va Al-Xorazmiy, Ibn Sino va Al-Farg‘oniy, Ulug‘bek va Navoiy singari daholarni yetkazib bergan xalq XIX asr o‘rtalariga kelib, turli obyektiv sabablarga ko‘ra, Gʻarb va Sharqdagi eng qoloq xalqlarning biriga aylangan edi. Shuning uchun ham Behbudiy o‘zining butun kuch va g‘ayratini shu xalqni ma’rifatlashtirishga bag‘ishlab, nafaqat publitsist va pedagog sifatida, balki mohir tashkilotchi va yangi tarixiy davr g‘oyalarining jarchisi sifatida ham qizg‘in faoliyat olib bordi.

Ma’rifatparvarlik faoliyati faqat maktab doirasi bilangina cheklanmaydi. Bu haqiqatni to‘g‘ri tushungan Behbudiy 1908-yili Samarqandda Turkistondagi dastlabki zamonaviy kutubxonalardan biri – “Qiroatxonai islomiya”ni tashkil etadi. Keyinchalik “Behbudiya kutubxonasi” nomini olgan bu ma’rifat o‘chog‘i 1919-yilga qadar faoliyatda bo‘lib, samarqandlik yoshlar diniy va dunyoviy bilimlarining shakllanishida o‘z vazifasini o‘tadi. Bir kecha-kunduzda 11 nafargacha o‘quvchi shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan bu kutubxona tez orada Samarqandning yirik ziyo maskanlaridan biriga aylandi va bora-bora uning jamg‘armasida 1000 dan ziyod noyob kitoblar to‘plandi. “Behbudiy” nashriyoti esa turli darslik va qo‘llanmalardan tashqari, “Turkiston, Buxoro va Xiva xaroitasi”ni bosib chiqardi. Tinib-tinchimas inson o‘z g‘oya va qarashlarining keng xalq ommasiga yetib bormayotganligini ko‘rib, yo savodsizligi, yoxud qo‘lining kaltalik qilayotgani orqasida ma’rifat nurlaridan bebahra qolayotgan odamlar uchun milliy teatrni yaratishni lozim, deb topdi va hali dunyoga kelmagan o‘zbek teatri uchun 1911-yili “Padarkush” pyesasini yozdi.

Behbudiy boshliq o‘zbek jadidlarining xalqni ma’rifatlashtirishga qaratilgan faoliyati, bir tomondan, chor Rossiyasi, ikkinchi tomondan, Buxoro amirligining qattiq qarshiligi ostida kechdi. Jadidlarni o‘zining ashaddiy dushmani deb bilgan amir va uning mutaassib qurshovi qayerdaki bir jadidni ko‘rib qolsa, uni o‘ldirdi, kofir deb e’lon qildi, xalq ommasida jadidlarga qarshi ishonchsizlikni, noxush kayfiyatni, nafrat va g‘azabni uyg‘otib, bu nosog‘lom tuyg‘ularni alangalatib turdi.

1914-yilning 3-yanvarida Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasining jomesida o‘qilgan juma namozidan so‘ng muazzin besh-olti ming musulmon huzurida nutq so‘zlab, “usuli jadidchilarning va ruscha o‘qutmoqqa tashviq qilaturg‘onlarning kofirligi va har kim bolasini usuli jadida maktabiga bersa, o‘zi kofir, xotini taloq bo‘lishi”ni e’lon qildi. Ulamoning buyrug‘i bilan e’lon qilingan bu takfir yashin tezligida butun Turkistonga tarqalib, jadidlar mushkul bir ahvolga tushib qoldilar.

Bunday murakkab vaziyatda Behbudiy singari oqil va fozil jadidlardan usuli jadida maktablari va ularning muallimlarini diniy dalillar ko‘magida himoya etish talab etilar edi. Mufti Behbudiy o‘z zimmasiga tushgan bu mas’uliyatli vazifani sharaf bilan ado etib, ulamoning o‘zini takfirdan, ya’ni jadidlarni kofir deb e’lon qilganidan tonishga majbur etgan.

1911-yili Behbudiy qalamidan chiqqan “Padarkush” pyesasi ham chor hukumatining qattiq qarshiligiga uchraydi. Tadbirkor dramaturg 1912-yili Borodino jangining 100 yilligi nishonlanayotgan kunlarda asarni ana shu sanaga bag‘ishlash orqali ishonchli do‘stlari yordamida matbuot ishlarining Tiflis qo‘mitasidan ruxsatnoma olib, uni chop etish va sahnalashtirishga erishdi.

1914-yilning 15-yanvarida Samarqanddagi Xalq uyida Ozarbayjon rejissyori Aliasqar Asqarov sahnalashtirgan “Padarkush”ning birinchi marta namoyish etilishi o‘zbek xalqining madaniy hayotida ulkan voqea bo‘ldi. Shu kuni o‘zbek milliy teatri dunyoga keldi. Behbudiy birinchi o‘zbek dramasining muallifigina bo‘lib qolmay, uni sahnalashtirishda ikkinchi rejissyor sifatida ham ishtirok etdi. Asarda o‘qimagan bolaning padarkushga – otasining qotiliga aylanish jarayoni tasvirlanar ekan, Behbudiy ilm-fanning shaxsning qanday inson bo‘lib shakllanishidagi rolini ko‘rsatib berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan edi.

Asardagi o‘qimagan bola minglab o‘zbek bolalarining birigina emas, balki ma’rifatdan bebahra qolib kelayotgan o‘zbek xalqining jonli timsoli ham. Behbudiy shu xalqqa murojaat etib, “Agar siz o‘qib, ilmli – ma’rifatli xalq bo‘lmasangiz, o‘zingizning qadr-qimmatingizga yetmasangiz, ota-bobolarimizdan qolgan muborak o‘lkaning bundan keyin ham xonavayron bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lasiz”, degandek bo‘ladi. Teatrni ibratxona, va’zxona deb bilgan adib teatr orqali xalq ommasiga ta’sir o‘tkazmoqchi, uning ongiga, miyasiga millat, vatan, hurriyat haqidagi tushunchalarni singdirmoqchi bo‘ldi.

“Padarkush” dramasi tez orada Turkistonning ko‘pgina shaharlarida namoyish etilib, yangi san’at turining katta istiqbolga ega ekanidan darak berdi. Behbudiy asardan tushgan mablag‘ning sarf-xarajatdan ortgan barcha qismini jadid maktablari foydasiga o‘tkazdi. Va shu fakt bilan ham hayotining birdan-bir maqsadi o‘zbek xalqini ma’rifat manzillari orqali milliy taraqqiyot dovonlariga yetaklash ekanini isbot qildi.

Behbudiy faoliyatining muhim bir qismini jurnalistika tashkil etadi. 1913-1914- yillarda “Samarqand” gazetasi va “Oyna” jurnalini nashr etgan adib astronomiya, arxeologiya, geografiya, etnografiya, tibbiyot, xalq xo‘jaligi singari rang-barang mavzulardagi maqolalari bilan o‘zbek ziyolilarining yangi bir avlodi yetishib chiqishiga sababchi bo‘ldi. “Ma’rifatsiz millat inqirozga mahkumdir”, degan uchqur so‘zlarni o‘ziga shior qilib olgan adib bu nashrlarning tom ma’noda o‘zbek ma’rifatparvarlarining minbari bo‘lib qolishi uchun tinimsiz qayg‘urdi.

Jurnalistika tarixidan bizga shu narsa ma’lumki, qozi Rashidxon Ibrohim o‘g‘li (Abdurashid Ibrohimov) 1902-1909-yillarda “Mir’ot” (“Ko‘zgu”) degan jurnalni nashr etgan. 1910-yili shu nom ostida Ozarbayjonda ham jurnal chiqib turgan. Behbudiy o‘z jurnali uchun “Oyna” nomini tanlar ekan, salaflari boshlagan ishni davom ettirib, jurnalni bir varakay to‘rt tilda – o‘zbek, fors, arab va rus tillarida chop etmoqchi va unga O‘rta Osiyoda yashovchi barcha ma’rifatparvar kishilarni jalb etmoqchi edi. Afsuski, u jurnalning faqat nishona soninigina to‘rt tilda nashr etib, keyingi sonlarida faqat o‘zbek va fors-tojik tillaridagi maqolalarni yoritish imkoniga ega bo‘ldi. Lekin u mushtariylarni Fransiya bilan Yaponiya oralig‘ida joylashgan mamlakatlar va xalqlar hayoti bilan tanishtirishga, o‘z “Oyna”sida XX asrning 10-yillaridagi jahon siyosiy-ijtimoiy, madaniy va maishiy hayoti lavhalarini aks ettirishga muvaffaq bo‘ldi. Hammasi bo‘lib, 68-soni nashr etilgan jurnalda yosh Cho‘lpondan tortib Fitrat, Abdulla Qodiriy, Sadriddin Ayniy, Tavallo, Hoji Muin, Xolmuhammad Oxundiy, Said Ahmad Vasliy, Faxriddin Rojiy, Vyatkinga qadar – o‘sha davrning ko‘zga ko‘ringan qariyb barcha ziyolilari ishtirok etishgan.

Behbudiy xayriya jamiyatlarini tashkil etib, tushgan ionalar hisobiga iste’dodli yoshlarni Qohira, Peterburg singari Sharq va Gʻarb mamlakatlaridagi ilmiy markazlarga yuborish, ularning nafaqat turkiy va forsiyni, balki arab va rus tillarini ham egallashlariga da’vat bilan chiqdi. U o‘zbek xalqining “jaded” va “qadim”ga, boy va kambag‘alga bo‘linishiga chek qo‘yish hamda vatan ravnaqi uchun xizmat qilish lozimligini uqtirdi. 1917-yil Fevral inqilobidan keyin esa rus senzurasining parishon holatidan foydalanib, xalqni muxtoriyat uchun kurashga da’vat etuvchi maqolalar bilan chiqdi. “Haq olinur, berilmas” degan shior birinchi marta 1917-yil iyulida Behbudiy tomonidan o‘rtaga tashlandi.

U “Hurriyat” gazetasining 1917-yil 19-noyabr sonida e’lon qilingan maqolasida quyidagi so‘zlarni shu paytgacha olib borgan ishlarning tantanasi sifatida shavq-zavq bilan yozdi: “27-noyabr Qo‘qonda Turkiston muxtoriyati umumiy musulmon s’yezdida e’lon qilindi. Muborak va xayrli bo‘lsin! Kamina ham majlisda bo‘lushdan iftixor etaman. Yashasin Turkiston muxtoriyati!”

Behbudiyning Turkiston muxtoriyatini tashkil etishdagi qizg‘in harakatlari o‘zbek jadidchilik harakatining, shu jumladan, Behbudiyning ham asosiy maqsadi ma’rifiy inqilob va ijtimoiy islohotlar orqali muxtoriyatga, muxtoriyat orqali esa milliy istiqlol va ijtimoiy taraqqiyotga erishish edi.

Behbudiy Turkiston Muxtoriyat hukumati tugatilgandan keyin ko‘p yashamadi. Shuning uchun ham uning keyingi hayoti va faoliyati sahifalari biz uchun qorong‘i. Biz uning shu vaqt ichida maorif sohasida ish olib borganini yaxshi bilamiz. Behbudiy bilan shu yillarda Samarqand shahar maorif muassasasida hamkorlik qilgan V.Shchigor familiyali kimsa bu haqda quyidagi ma’lumotni bergan:

“U qariyb har doim maktab komissiyasi yig‘ilishlariga hammadan ilgari kelar va uning ishida har doim faol ishtirok etar edi. Asosan Eski shaharda istiqomat qilgan musulmon aholisi o‘rtasida maorif ishlarini yo‘lga qo‘yish masalasi uning diqqat markazida bo‘lgan. U Eski Samarqand uchun maktab qurilishi loyihasini (komissiyaga) taqdim etgan edi. U qator boshlang‘ich maktablarni ochish bilan birga ayni paytda o‘qituvchilarni tayyorlash uchun qisqa muddatli kurslarni ochishni ham rejalashtirgan edi. Bu kurslarga esa Behbudiyning o‘zi singari yangi usul tarafdorlari bo‘lgan o‘qituvchilarni qabul qilish nazarda tutilgan edi”.

Afsuski, Behbudiyning sirli o‘limi bilan uning olamshumul rejalari amalga oshmay qoldi.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning fojiali ravishda halok bo‘lganligi haqidagi xabar yetib kelgach, 1920-yili Samarqandda chop etilgan “Mehnatkashlar tovushi” gazetasi bunday yozgan: “Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston degan o‘lkaning boshlig‘i edi. Mahmudxo‘ja Turkistonning yo‘lboshchisi edi. Mahmudxo‘ja o‘zining Turkiston bolasi ekanini tushungan bir yigit edi. Shuning uchun u bizga, Turkistonga har narsa edi... Mahmudxo‘ja Turkistonning yangilik davri tarixida yorug‘ bir chirog‘ edi. Mahmudxo‘janing oti Turkiston tarixida ziynatlik mumtoz o‘rinni olishga munosib bir otdir”.

“Ziynatlik mumtoz o‘rin”ga munosib ana shu zot o‘zbek xalqi tarixiga XX asr boshlarida keng qanot yoza boshlagan jadid ma’rifatparvarlari harakatining yo‘lboshchilaridan biri sifatida kiradi. Fayzulla Xo‘jayevning so‘zlari bilan aytganda, siyosiy, ijtimoiy faoliyati va bilimining kengligi jihatidan Turkistonning o‘sha vaqtdagi jadidlari orasida unga teng keladigan kishi bo‘lmagan.

Afsuski, Behbudiy va uning adabiy merosi so‘nggi yillarga qadar e’tibordan chetda qolib keldi. Faqat o‘zbek tuprog‘iga mustaqillik bahori kirib kelgandan keyingina Behbudiy haqida bor ovoz bilan, iftixor tuyg‘usi bilan so‘zlash imkoniyati tug‘ildi.

“Behbudiy hazratlari ko‘rinishda g‘oyat mahobatlik va salobatlik edi”, deb yozgan edi u haqda Sadriddin Ayniy.

1916-yilda Toshkentga ilmiy safar bilan kelgan akademik A.N. Samoylovich o‘sha kezlardagi adabiy jarayon bilan tanishib, “Turkistondagi yangi adabiyotning markazi Samarqandda bo‘lsa kerak, yosh yozuvchilarning bosh ilhomchisi sifatida esa... samarqandlik mufti Mahmud Behbudiyni e’tirof etish lozim”, deb yozgan. 1929-yilda Qozonda bosilgan “O‘zbek adabiyoti” kitobida esa “O‘zbek milliy adabiyotining tamal toshini Behbudiy bilan Fitrat qo‘ygan”, degan so‘zlarni o‘qiymiz.

Nazarimda, bu so‘nggi so‘zlarni bir oz tahrir qilib, XX asr o‘zbek adabiyoti poydevoriga dastlabki g‘ishtlardan birini Mahmudxo‘ja Behbudiy qo‘ygan, desak, to‘g‘riroq bo‘ladi.

O‘zbek jadidchilik harakatining rahbarlaridan biri, o‘zbek teatrining asoschisi, ma’rifatparvar adib va jurnalist Mahmudxo‘ja Behbudiyning ma’rifat va hurriyat haqidagi, istiqlol va istiqbol haqidagi orzu va umidlari bugun, mustaqil o‘zbek diyorida ro‘yobga chiqib turibdi.

Naim KARIMOV,

filologiya fanlari doktori, professor, akademik

Manba: “Millik tiklanish” gazetasi.


Print   Email