Umar Nasafiy — tafsir ilmi bilimdoni

Umar Nasafiy — tafsir ilmi bilimdoni

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, o‘z milliy va diniy qadriyatlarini to‘la o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Sobiq tuzum davrida o‘z o‘tmishi, tarixi, ota-bobolari qoldirgan ma’naviy merosni o‘rganishdan mahrum bo‘lgan xalq endi Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Mansur Moturidiy, Burhonuddin Marg‘inoniy, Abul Barakot Nasafiy, Abu Muin Nasafiy kabi nafaqat islom olamida, balki butun dunyoda katta shuhrat qozongan buyuk allomalarning hayoti va bebaho ijodlarini o‘rgana boshladi.

Mustaqillik yillaridan yurtimizda milliy-ma’naviy merosni o‘rganish sohasida e’tiborga molik ishlar qilindi. Bu esa avvalgi davrda olib borilgan tadqiqotlardan bir necha barobar ko‘p. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning  2017 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va O‘zbekiston Respublikasini 2018 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yig‘ilish nutqida “Hozirgi kunda O‘zbekistonimizning kitob fondlarida 100 mingdan ziyod noyob qo‘lyozma asarlar saqlanmoqda. Afsuski, bu nodir kitoblar hali to‘liq o‘rganilmagan, ular olimlar va o‘z o‘quvchilarini kutib turibdi. Biz jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish kerakligi haqida ko‘p gapiramiz. Bu to‘g‘ri, albatta. Lekin ma’rifat, ma’rifiy bilimlar qayerda — avvalo, ota-bobolarimiz bizga qoldirib ketgan mana shunday moʻtabar kitoblarda emasmi?...” degan so‘zlari ham bejizga aytilmadi.

Milliy qadriyatlarning bir qismini diniy qadriyatlar tashkil etib, ular asrlar davomida bir-birlari bilan chambarchas aloqada bo‘lgan. Jumladan, islom ta’limotida tafsir ilmi muhim o‘rin tutadi. O‘rta Osiyo hududida o‘rta asrlarda boshqa sohalar kabi tafsir ilmi doirasida ham milliy qadriyatlar va islom dini g‘oyalari orasida o‘zaro ta’sir, muloqot jarayonlari kechgan. Tafsir ilmi sohasida bir necha avlod mufassirlar faoliyati natijasida O‘rta Osiyo ma’naviy hayoti tafsirlar bilan chambarchas kechdi. Butun islom olami miqyosida e’tirof etilgan yirik islom ilm markazlaridan biri Nasafdir. Qashqadaryo vohasi, uning qadimiy Nasaf va Kesh shaharlari ilm-fan sohasidagi salmoqli ishlari bilan dovrug‘i dunyoga yoyilgan olimu fuzalolarga beshik bo‘lgan. Manbalarda birgina Kesh viloyatida VII asrdan XII asrgacha 60 dan ortiq muhaddis, mufassir, faqih va tarixchi olimlar yetishib chiqqani tilga olinadi.

Dunyoda 2700 yillik tarixga ega bo‘lgan shaharlar ko‘p emas. Viloyatning ikki shahri — Qarshi (Nasaf) va Shahrisabz (Kesh) ana shunday ulug‘ o‘tmishga ega. Bu vohaning boy tarixi va zafarlarga to‘liq bugungi kuni uning har bir farzandi qalbida yuksak iftixor tuyg‘ulari uyg‘otadi.

Bugungi Qarshi va Shahrisabz tarixi Markaziy Osiyoning eng ko‘hna shaharlari — Samarqand, Buxoro, Xiva tarixi singari qadimiy. Keyingi yillarda olib borilgan arxeologik qazilmalar, bizning kunimizgacha yetib kelgan yozma yodgorliklar, turli asrlarda barpo etilgan me’moriy inshootlar ana shundan dalolat beradi.

Afsuski, milodiy VIII asrgacha bo‘lgan yozma manbalar nihoyatda kam saqlanib qolgan. Voha tarixini yunon, xitoy va arab sayyohlarining solnomalarigina bir qadar yoritadi. Xitoyliklar Naxshabni “Nashebo”, Keshni “Si-shi” deb yozganlar. Arab tarixchilari Ibn Xavkal, Ibn Xurdodbeh, Istaxriy, Yoqut, Muqaddasiy, Samoniylarning asarlarida vohaning tarixi va madaniyati haqida qiziqarli ma’lumotlar bor.

VIII asr oxiri va IX asrning boshlarida Nasaf va Keshda yirik hadisshunoslik va fiqhshunoslik maktablari vujudga kelgan. Bu maktablarda islom olamining turli mamlakatlaridan kelgan talabalar bilim olgan. X asrda Ahmad ibn Muhammad at-Tadyoniy, Hammad ibn Shokir an-Nasafiy, Abdulmo‘min ibn Xalaf an-Nasafiy, al-Lays ibn Nasr al-Kojariy, XI asrda Abdulaziz ibn Muhammad an-Naxshabiy, Muhammad ibn Ahmad al-Baladiy, al-Hasan ibn Ali al-Hammadiy an-Naxshabiy kabi olimlar butun islom olamida shuhrat topgan edilar.

Qashqadaryo vohasidan chiqqan ko‘plab adib va ulamolar turli yillarda poytaxt bo‘lgan Buxoro va Samarqandda, ayrimlari esa taqdir taqozosiga ko‘ra, Hindiston, Eron, arab davlatlari va Rumda (Turkiya) yashab ijod etgan.

Bu diyorda islom diniga doir ilmlar bilan bir qatorda dunyoviy bilimlar ham  taraqqiy etib, o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi. Shu sababli bu zamindan ko‘plab faqih, muhaddis, kalom ilmi ulamolari kabi yetuk mufassir olimlar ham yetishib chiqdi va tafsir sohasi borasida dunyoga bebaho asarlarni taqdim qilishdi. Qur’on ilmlariga oid asarlar ta’lif etish an’anasi qadimdan shakllangan. Qur’onshunoslik va xossatan tafsir ilmlariga oid asarlar yozgan movarounnahrlik allomalardan Abu Mansur Moturidiyning “Ta’vilot ahl as-sunna”, Abu Lays Samarqandiyning “Tafsir as-Samarqandiy”, Mahmud Zamaxshariyning “Tafsir al-kashshof”, Abul Barakot Nasafiyning “Tafsir al-madorik” hamda Mavlono Ya’qub Charxiyning “Tafsiri Charxiy”, Husayn Voiz Koshifiyning “Tafsiri Husayniy” kabi asarlarini sanab o‘tish mumkin. Mazkur asarlar arab, fors, turkiy tillarda yozilgan bo‘lib, mufassirlar ularda Qur’oni karim oyatlarining ma’nolari, hikmatlari, islom dinining asl mohiyatini sharhlab xalqqa yetkazgan.

Shunday manbalardan biri tafsir ilmiga oid asar bo‘lib, u xalqning boy merosidan biri bo‘lmish Abu Hafs Umar Nasafiyning “Taysir fit tafsir” kitobidir. Ushbu qo‘lyozma asar yurtimiz miqyosida birinchi marotaba tadqiq qilinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida ham Umar Nasafiyning “Taysir fit tafsir” asarining yettita nusxasi saqlanadi. Bundan tashqari ushbu asarning dunyo qo‘lyozma fondlarida ko‘plab nusxalari mavjud. Birgina Turkiyaning Sulaymoniya qo‘lyozma fondida  zikr qilinayotgan manbaning yetmish ikkita nusxasi borligi aniqlangan. Umar Nasafiy islomiy ilmlar borasida qomusiy olim bo‘lgan deb aytsak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Chunki Olimning yozgan fiqh, hadis, kalom va tilshunoslik qoidalariga doir yozgan asarlari nafaqat o‘z zamonasida balki bizning davrimizda ham oliy o‘quv yurtlarda asosiy darslik sifatida o‘qitib kelinmoqda. Olimning tafsirga doir  uchta asari bo‘lib, ularning ikkitasi arab tili va bittasi fors tilida yozilgan. Umar Nasafiy tafsirshunoslik sohasida o‘ziga xos uslubni tanlagan bo‘lib, boshqa manbalarda uni topish qiyin. Olim Qur’oni karim suralarini tafsir qilishda avvalo suraning necha harifdan iboratligi, uning fazilati borasida kelgan hadisi shariflar va suraning madaniy yoki makkiy ekanligi hamda bu haqda olimlarning qarashlarini batafsil bayon qilib bergan.

Manbada asosan mazkur mintaqada ko‘p yillardan buyon amalda bo‘lib kelgan hanafiylik mazhabi va aqidada moturidiylik yo‘nalishining nozik jihatlari dalillar asosida ochiq-oydin bayon qilingan. Bundan tashqari asarda aqidaviy, tasavvufiy va fiqhiy hukmlar ham joy olgan bo‘lib, ularni chuqurroq o‘rganish hamda uni xalqqa yetkazish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Abdushukurjon MURATOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi doktoranti.

 


Print   Email