Uchinchi Renessans — milliy g‘oya sifatida

Uchinchi Renessans — milliy g‘oya sifatida

Jonajon diyorimiz O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29-yilligi munosabati bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tantanali tabrik nutqida taraqqiyotimizning maqsadi Uchinchi Renessans bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Nihoyatda jozibali mazkur strategik g‘oya o‘zining ulug‘vorligi, milliy yuksalish barcha jabhalarda qanday umumiy maqsadni ko‘zlamog‘i zarurligini ko‘rsatadi. Amalda davlat rahbari taraqqiyotning hozirgi bosqichida O‘zbekiston milliy g‘oyasining yangi va aniqlashtirilgan mazmunini ifodaladi.

Uchinchi Renessans g‘oyasini, avvalo, jamiyatimiz chuqur anglab olmog‘i kerak. Har jabhada, sohada qiladigan ishlarimiz, reja-yu istiqbol dasturlarimiz, ta’lim-tarbiya va kadrlar siyosati, investitsion siyosat — barchasi unga sharoit va muhit yaratishga qaratilmog‘i lozim.

Renessans nima? Nega Uchinchi Renessans deyilmoqda?

“Renessans” lug‘aviy fransuzcha “qayta tug‘ilish” degan ma’noni anglatadi. Atama sifatida uning mazmuni ancha keng: madaniyatda, ilm-fanda, san’atda, ta’lim-tarbiyada, umuman, jamiyat hayotida uzoq muddatli turg‘unlikdan keyin qayta jonlanib, tez rivojlanishni, ijtimoiy ong va qadriyatlar tizimi yangi sifat bosqichiga chiqishini bildiradi. Ilk bor atama Yevropada o‘rta asrlar mutaassibligidan keyin 15-16 asrlardagi rivojlanish davriga nisbatan qo‘llanilgan. Renessans atalmish mazkur ijtimoiy hodisa o‘zbek tiliga Uyg‘onish davri deb o‘girilgan.

Avstriyalik atoqli sharqshunos Adam Mesning 1909-yilda “Musulmon Renessansi” nomli fundamental asari chop etilgan. Shundan buyon Renessans faqat Yevropaga oid hodisa emasligi, uni Sharq xalqlari yevropaliklarga nisbatan avvalroq boshdan kechirgani to‘g‘risidagi qarashlar va tadqiqotlar paydo bo‘la boshladi. Rossiyalik buyuk sharqshunos akademik N. N. Konrad Renessans VII — VIII asrlarda Xitoyda boshlanib, VIII asrda Hindistonda davom etgani, undan IX-XII asrlarda islom mamlakatlari estafetani qabul qilgani, mo‘g‘ul istilosi tufayli ancha pasayib qolgan yuksalish Amir Temur va temuriylar davrida yana qayta gurkurab o‘sganini ta’kidlaydi. U O‘rta Sharq Uyg‘onish davrini Alisher Navoiy zamonasigacha cho‘zadi. Javoharlal Neru Boburni ham Renessansning tipik vakili, deb baholagan edi.

XV asrdan Renessans Yevropaga siljidi. Bu paytga kelib Yevropa 300 —350 yil davomida islom olimlari, jumladan, bizning buyuk ajdodlarimiz asarlarini, ayniqsa, Xorazmiy, Farg‘oniy va Ibn Sino asarlarini lotinchaga o‘girib, chuqur o‘zlashtirib olgan edi. Yevropa Uyg‘onishiga juda kuchli ta’sir ko‘rsatganlardan biri Ibn Rushddir. Yevropa falsafasi va ilmiy tafakkurida XVI asr o‘rtalarigacha averroizm (Ibn Rushd ta’limotiga asoslangan oqim) mavqeini saqlab turdi.

Afsuski, XVI asrning 30 — 40 yillarida bizda an’anaviy jamiyat uzil-kesil qaror topdi. Ilmiy, badiiy izlanishlarga ijtimoiy ehtiyoj pasayib ketdi. O‘tmish yutuqlari oldida qulluq qilish, ularni ideallashtirish va faqat takrorlashga urinish, yangiliklarga salbiy munosabat shakllandi. Asta-sekin chuqur turg‘unlik va inqiroz boshlandi. Ular noxush ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, diniy-mafkuraviy, regional nizolar va ayirmachilik kabi sabablar bilan qo‘shilib qoloq bo‘lib qolishimizga, XIX asr ikkinchi yarmida milliy mustaqilligimizni yo‘qotishga olib keldi. O‘tmishdan birinchi bo‘lib teran tarixiy xulosa chiqargan — jadid bobolarimiz edi. Ular taklif qilgan islohotlar millatni qayta uyg‘otish, taraqqiyot tomon burishni ko‘zladi. Ammo mustabid hokimiyat jadidlar harakatini avj olmasdan bo‘g‘ib qo‘ydi.

Mustaqillikka erishgandan keyin dastlab chorak asr davomida milliy tiklanish bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri keldi. Endilikda milliy tiklanishdan milliy yuksalishga o‘tganimizdan keyin, uchinchi Renessansga erishishni davlat rahbari strategik vazifa etib qo‘ydi. Haqiqatan tarixan olganda biz ikki Renessansni boshdan kechirdik: birinchisi IX — XII asrlar, ikkinchisi XIV asr oxirgi choragi — XVI asr birinchi choragi. Birinchi Renessansda yurtimizdan Farg‘oniy, Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshg‘ariy, Mahmud Zamaxshariy kabi buyuk daholar, buyuk muhaddislar — Buxoriy, Termiziy, mutakallimlar — Moturidiy va Abul Muin Nasafiy hamda boshqa atoqli dunyoviy va diniy allomalar shuuri olamni yoritdi.

Ikkinchi Renessansda — Ulug‘bek, Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Lutfiy, Jomiy, Navoiy, Behzod, buyuk me’morlar, bastakorlar, musavvirlar, tarixchilar chiqib, bugun ham dunyoni lol qoldirayotgan asarlar yaratdilar.

Har ikki Renessans davrida biz dunyoning ilg‘or, mutaraqqiy xalqlari qatorida edik. Agar yana shunday darajaga erishmoqchi bo‘lsak, Uchinchi Renessansni amalga oshirmog‘imiz zarur.

Uchinchi Renessans milliy g‘oyaga aylanishi zarur

Milliy g‘oya aslida muayyan xalqning oliy istiqbol maqsadini bir necha so‘zlarda yoki iborada mujassam ifodalovchi tushunchalar yoki shior, iboradir. U xalqni o‘sha maqsad yo‘lida birlashtiradi, safarbar etadi. Xalq barcha sa’y-harakatlarini, intilishlarini, bunyodkorlik faoliyatini unga muvofiqlashtiradi. Zarur bo‘lsa, iqtisodiy, ijtimoiy munosabatlarini, mamlakatning huquqiy, siyosiy, mafkuraviy asoslarini, ta’lim-tarbiya tizimini chuqur isloh qiladi. Milliy g‘oyaning asosiy vazifalaridan biri, avvalo, xalqning jipsligini, birligini, mamlakatning hududiy yaxlitligini saqlash va mustahkamlashdir. Ikkinchidan, millatning oliy maqsadini, rivojlanish marralarini, mo‘ljallarini umumiy tarzda aniqlaydi. Milliy g‘oya turli iboralarda ifodalanishi mumkin. Lekin ifoda shaklidan qat’i nazar, xalqqa istiqbolni, ijtimoiy mo‘ljalni ko‘rsatishi shart.

Istiqlolga erishganimizdan keyin dastlabki yillarda “O‘zbekiston — kelajagi buyuk davlat” shiori olg‘a surildi. U amalda milliy g‘oya vazifasini o‘tadi va xalqni birlashtirishda, safarbar etishda katta rol o‘ynadi. Mazkur jozibali shiorda urg‘u jamiyatga emas, davlatga berilgandi. Keyinchalik milliy g‘oya shaklan takomillashtirilganda “Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot” iborasi olg‘a surildi. Unda urg‘u siyosiy tashkilotga (davlatga) emas, balki har kishi uchun, siyosiy, mafkuraviy qarashlaridan qat’i nazar, birdek aziz Vatanga hamda shaxs va jamiyat hech qachon befarq bo‘lmaydigan erkinlikka va farovonlikka qo‘yildi. Milliy g‘oyaning bunday tushunchaviy ifodasi ancha mukammallik kasb etdi.

Ammo uning mazmunini, uni amalga oshirish vazifalarini ochib berishga yetarlicha mas’uliyat bilan yondashilmadi. Ayniqsa, u islohotlarning yo‘nalishlari, sohalari, turli bosqichlari, amaldagi va ehtimoldagi muammolari bilan bog‘lanmadi. Natijada u mafkuraviy chaqiriq, quruq shior darajasida qolib ketdi. Aniq muammolar va vazifalardan yiroqligi uchun odamlarga ta’siri asta-sekin susaya boshladi.

Katta qiziqish va xayrixohlik bilan kutib olingan “Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot” bugun iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayotimizga real ta’sir ko‘rsatayotirmi, degan savolga aniq javob berish ancha mushkul. Milliy g‘oyani jonlantirish uchun uni Uchinchi Renessans g‘oyasi bilan boyitish zarur. Faqat Uchinchi Renessansni amalga oshirib, biz ozod va obod Vatanda erkin va farovon hayotni barpo eta olamiz. Yoki, yana qulayrog‘i, Uchinchi Renessansga erishishni milliy g‘oyaning yangi ifodasi, deb e’lon qilish maqsadga muvofiq.

Milliy g‘oya joriy vazifalarni emas, balki strategik oliy maqsadni ifodalaydi. Shu ma’noda Uchinchi Renessans g‘oyasi istiqbolga intilishga juda mos keladi. Mazkur g‘oyaning safarbarlik kuchi, umuman, mafkuraviy salohiyati juda yuqori. Ayni chog‘da o‘tmish tariximizning shonli sahifalari, buyuk ajdodlarimizning bunyodkorlik va ijodkorlik salohiyati bilan bog‘lanadi. Bizga mazkur tushuncha kimlarning vorislari ekanimizni eslatib turadi. Yangi Renessans yo‘lida xalqimiz turli mayda, vaqtinchalik masalalarga, guruhbozlik, mahalliychilik, ayirmachilik, mafkuraviy mutaassiblikning har xil ko‘rinishlariga chalg‘imasligi kerak. Tarix saboqlarini unutishga haqqimiz yo‘q.

Uchinchi Renessans g‘oyasi milliy ruhiyatimizga, xalqimiz armon-orzusiga yaqin. Zotan, xalq ilgari oqqan daryosi yana oqishini astoydil istaydi.

Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotiy va ta’sirchan milliy g‘oyaga aylantirishni nimadan boshlamoq kerak?

Holva degan bilan og‘iz chuchimaganidek, Renessans degan bilan u sodir bo‘lib qolmaydi. Buning uchun har tomonlama puxta o‘ylangan siyosat olib borilishi, xalqda ruhiy ko‘tarilish, qat’iy irodali intilish yuz bermog‘i zarur.

Avvalo, tushuncha mazmunini aniq ochib berish, aholining barcha qatlamlari, avvalo, yoshlar ongiga yetkazish kerak. O‘tmish renessanslari davrida ajdodlarimiz nimalarga erishganini, jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini, boshqa xalqlar, mintaqalar yutuqlari bilan taqqoslab, jahonning yetakchi madaniyatlaridan, ilm-fani, san’ati va adabiyotlaridan birini, ilg‘or ijtimoiy fikru qarashlarini yaratganini qisqa, lo‘nda, dabdabali jumlalarsiz yoritish zarur.

Shuningdek, ularning inqiroz sabablari xolis tahlil etilmog‘i lozim. Buyuk geografik kashfiyotlar tufayli Buyuk Ipak yo‘lining to‘xtab qolgani obyektiv sabablardan biri bo‘lsa-da, ichki va tashqi nizolar, taxt talashlar, ayirmachilik va uch davlatga bo‘linib ketish, inson komilligi faqat insonning ichki dunyosiga qaratilib, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga yetarlicha e’tibor bermaslik kabi subyektiv omillar inqirozni keltirib chiqargan asosiy sabablar edi. Tarixdan saboq olish, tegishli xulosa chiqarish uchun bular yoshlar, aholi ongiga yetkazilishi kerak. Biz ko‘proq avvalgi uyg‘onish davrlarimizning yutuqlarini faxr bilan e’tirof etib, negadir ularning inqirozi sabablari haqida gapirishni unchalik xushlamaymiz.

Birinchi va ikkinchi renessanslarning tarixiy sharoiti va davri talablari, imkoniyatlarini haqqoniy baholab, Yangi Renessansning tarixiy sharoitlari va talablari mutlaqo o‘zgacha ekanini asoslash, dalillash maqsadga muvofiq.

Uchinchi Renessans to‘rtinchi sanoat inqilobi bilan muvoziy, bir vaqtda kechadi. Shu sababdan u, avvalo, texnologik inqilobni, yuksak rivojlangan raqamli smart (aqlli) iqtisodiyotni taqozo qiladi. O‘z navbatida, raqamli, smart iqtisodiyotga o‘tish uchun ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, avtomatlashtirish, robotlashtirish talab etiladi. Mazkur jarayon O‘zbekistonda qanday bosqichlarda amalga oshirilishi, uning moddiy-moliyaviy, insoniy, ilmiy va ilmiy-texnologik ta’minoti bo‘yicha istiqbolli aniq kompleks dasturlar yangi Renessans g‘oyasi bilan mafkuraviy jihatdan bog‘lanishi shart. Ilmiy, ilmiy-texnologik ta’minot taqozosidan kelib chiqib, ta’lim-tarbiya sohasining barcha bo‘g‘inlari uzluksiz isloh etib borilishi kerak.

Avvalgi ikkala Renessans mustahkam ma’naviy-mafkuraviy negizda, birinchi galda yuksak axloqiylik, adolat, ilmga tashnalik va bag‘rikenglik asosida yuz bergan. Islom halollik va to‘g‘rilikni, insof va adolatni, ilm va amaliy faollikni hamma narsadan ustun qo‘ygan. “Ilm izlab Chinga bo‘lsa-da, bor”, “Sendan harakat — mendan barakat”, “Bir soatlik adolat barcha insu jinslarning qirq kunlik ibodatidan ustun” va ko‘plab shu kabi hadislar, naqllar ajdodlarimizning ijtimoiy mo‘ljaliga aylangan edi.

“Baytul hikma”da 40 dan ortiq tarjimonlar qadimgi yunon tilidan, 14 nafar tarjimon sanskrit tilidan, 4 nafar tarjimon Xitoy tilidan ilmiy, tibbiy va falsafiy asarlarni arabchaga o‘girgan. Bundan tashqari, lotin, suryoniy, ibroniy tillardan tarjimonlar bo‘lgan. Ilmiy haqiqat diniy mansublikdan ustun qo‘yilgan. Bu asar ma’jusiylarniki, bunisi kofirlarniki deb inkor qilinmagan. Ajdodlarimiz til o‘rganib, ilm ortidan dunyoni kezgan. Mahdudlik qobig‘iga o‘ralib qolmagan, turg‘unlik, mahalliychilik ularga yot bo‘lgan.

“Baytul hikma”, Xorazm Ma’mun Akademiyasi, umuman, islom olami olimlari faoliyati o‘sha davrdagi xalqaro ilmiy integratsiyaning eng yorqin namunasidir. Birinchi va ikkinchi renessanslarning ma’naviy asoslarini va sabablarini hamda keyingi inqirozini chuqur o‘rganmasdan, biz Uchinchi Renessansni muvaffaqiyatli amalga oshira olmaymiz. Bugun ham bizga g‘oyaviy va ilmiy tolerantlik (bag‘rikenglik), ilmga, haqiqatga tashnalik, milliy mahdudlikni, g‘oyaviy mutaassiblikni tamomila inkor etish xos bo‘lmog‘i lozim.

Yuqoridagilardan ayonlashmoqdaki, Uchinchi Renessans bizdan xalqaro hamjamiyatga ilm-fan, texnologiyalar, axborot, madaniyat va iqtisodiyot sohalarida yanada chuqurroq integratsiya bo‘lishini talab etadi. Ammo o‘zligimizni, tilimizni, milliy xususiyatlarimizni, ma’naviyatimizni saqlab qolishimiz shart. Bu esa ta’lim-tarbiya tizimiga jiddiy e’tibor qaratishni bildiradi.

Inson — Yangi Renessans ijodkoridir

Har bir jamiyat o‘ziga zarur shaxsni tarbiyalaydi. Unga o‘z taraqqiyoti darajasi va tendensiyalaridan kelib chiqib axloqiy, e’tiqodiy, kasbiy-professional, huquqiy va boshqa qator talablar qo‘yadi. Jamiyat taraqqiyotining pirovard maqsadi ham inson, uning farovon, erkin va xavfsiz turmush kechirishidir. Jamiyat talabiga to‘liq javob beradigan kishi turli davrlarda har xil atalgan. Yusuf Xos Hojib uni “tugal er”, Forobiy “fozil kishi”, tasavvuf namoyandalari “komil inson” deb ataganlar. “Har tomonlama rivojlangan shaxs”, “uyg‘un rivojlangan shaxs” atamalari ham qo‘llanilgan.

Mustaqillikdan keyin biz shaxsga nisbatan “komil inson”, yosh avlodga nisbatan “barkamol avlod” atamalarini qo‘llay boshladik. Gap atamada emas. Qanday sifatni qo‘llamaylik, kelajak insonini tarbiyalashda biz, avvalo, jamiyat taraqqiyoti tendensiyalarini va ayni paytda milliy ma’naviyatimiz xususiyatlarini hisobga olmog‘imiz lozim. Binobarin, sun’iy intellekt va yuksak texnologiyalarga tayanadigan “to‘rtinchi sanoat inqilobi” insonga qo‘yadigan talablarini oldindan modellashtirishimiz va ta’lim-tarbiya tizimini ularga moslashtirishimiz kerak.

Xuddi shunday milliy identligimizni saqlab qolish uchun ona tilimizni, tariximizni, adabiyotimiz va san’atimizni yetarlicha o‘rgatishning optimal yo‘llarini topmog‘imiz lozim. Urf-odatlarimiz ham takomillashtirilishi va zamonaviylashtirilishi juda zarur. Ijtimoiy ongda, odamlarning xatti-harakatlarida burilish yuz berishi, yangi ideallar va qadriyatlar qaror topmog‘i darkor.

Uchinchi Renessans g‘oyasini o‘qitish va keng jamoatchilik ongiga yetkazishda nihoyatda ehtiyotkor bo‘lish, me’yordan oshirib yubormaslik talab etiladi. Mafkuraviy ishlarda sovet davridan qolgan bir illat bor: har qanday g‘oya targ‘ibotini kampaniyabozlikka aylantiramiz.

Bilganni ham, bilmaganni ham erta-yu kech tinimsiz gapirtiramiz, odamlarning me’dasiga tegib qolganini sezmaymiz. Gʻoyaning mazmunini asta-sekin jo‘nlashtiramiz, ba’zi jihatlarini esa beixtiyor soxtalashtirib qo‘yamiz.

Dialektika qonuniga binoan me’yor buzilsa, har qanday jarayon o‘zining inkoriga aylanadi. Oddiy tilda bu “qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarish” deyiladi. 2000-yilda e’lon qilingan milliy g‘oya ana shunday munosabatga uchradi. Shoshib uni ta’limning barcha bo‘g‘inlariga joriy qildik, lekin g‘oyaning ilmiy tadqiqotiga va asoslanishiga deyarli e’tibor bermadik. Islohotlarning aniq vazifalari va sohalarning xususiyatlari bilan bog‘lab, jonli mazmun bag‘ishlash xayolimizga kelmadi. Natijada u mafkurabozlik domiga tushib qoldi.

Uchinchi Renessans g‘oyasining oraliq bosqich vazifalari aniqlanishi kerak. Masalan, 2030-yilda, 2040 — 2050 yillarda biz aholi jon boshiga taxminan qancha yalpi ichki mahsulot ishlab chiqaramiz, jahon reytingida taxminan qanday o‘rinlarga ko‘tarilamiz. Ta’lim, madaniyat, ilm-fan sohalarida qanday ko‘rsatkichlarni, marralarni zabt etamiz. Ular bo‘yicha mo‘ljallar belgilanishi lozim. Shunda mazkur g‘oyaning safarbarlik ta’siri konkret va kuchli bo‘ladi. Ammo mo‘ljallar havoyi bo‘lmasligi, konkret raqamlardan tashkil topmasligi kerak. Yangi AKT, nanotexnologiyalar, biotexnologiyalar, sun’iy intellekt yaratish va shu kabi yo‘nalishlardagi vazifalar ham e’tibordan chetda qolmasligi zarur.

Har qanday buyuk rejalar, buyuk g‘oyalar inson ehtiyojlari, turmushi yaxshilanishi, erkinligi ortishi va ma’naviy kamoloti bilan bevosita bog‘lansagina, hayotiylik va reallik kasb etadi. Aks holda u havoyi orzu havasligicha qolib ketadi.

Prezidentimizning tabrik nutqida asosiy yo‘nalishlar va vazifalar belgilab berildi. Endi hammamiz, butun jamiyatimiz, ularni amalga oshirishga kirishmog‘imiz lozim.

Abdurahim ERKAYEV,

Oliy Majlis Senati a’zosi.

Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi rasmiy sayti.

 

 


Print   Email