Shukronalik va ishonch tuyg‘usi

Shukronalik va ishonch tuyg‘usi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish — Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotgani haqida alohida to‘xtaldi. Davlatimiz rahbari “Bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida so‘z ketganda “Yangi O‘zbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo‘yganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning e’tirofidir. Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish — Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Chunki bugungi O‘zbekiston — kechagi O‘zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas”, deya ta’kidlab o‘tdilar.

Avvalroq, 2020 yil 24 yanvar kuni Prezidentimizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik rivojlanishning eng muhim va dolzarb masalalari bo‘yicha Oliy Majlisga murojaatlarida O‘zbekiston Respublikasini 2020 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Xususan, 2020 yilning “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” deb atalishi alohida diqqat-e’tiborga, ilmiy tahlilga va mas’uliyatni safarbar qilishga sazovordir. Joriy yilning bunday atalishi bejiz emas, albatta, unda chuqur ramziy ma’no bor. Bu esa 2019 yilda boshlangan ishlarni mantiqiy davom ettirish, yuksak bosqichlarga ko‘tarish, tadbirkorlik, savdo-sotiq ishlari hamda tobora kuch-quvvatga to‘lib borayotgan islohotlarning davomi bo‘ldi. Boshqacha qilib aytganda, pandemiya sharoitidagi mavjud qiyinchilik va tahlikalarga qaramasdan 2020 yil jamiyatimiz hayotida iqtisodiy, ijtimoiy va ilmiy-ma’rifiy sohadagi rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarilish yili bo‘lmoqda.

Alloh taolo Qur’oni karimning Zuho surasi 11 oyatida “Rabbingizning (Sizga ato etgan barcha) ne’mati haqida esa (odamlarga) so‘zlang!”, deb marhamat qiladi. Ushbu oyatning hukmiga binoan o‘tgan yillar davomida yurtimizda amalga oshirilgan xayrli ishlar, erishilgan yutuqlarimizni yana bir karra eslab o‘tmog‘imiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Zero, erishilgan ne’matlarni zikr qilish ham shukronalik ne’mat hisoblanadi.

Ma’lumki, yurtimizda har sohada yangiliklar, xalq farovonligi yo‘lida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Shaxsan Prezidentimizning o‘zlari har bir soha rivoji uchun, mavjud muammolarni bartaraf etishni oqilona tarzda ko‘rsatib bermoqda. Jumladan, aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar qatorida kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan kishilarni ham alohida imtiyoz asosida uy-joylar bilan ta’minlab berilayotgani tahsinga sazovordir.

Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam boquvchisi yo‘q va miskinlarga yordam bergan kimsa haqida shunday deganlar:

“Beva va miskinlarni boqish yo‘lida sa’y-harakat qiluvchi kishi xuddi Alloh yo‘lida jiddu jahd qiluvchi kishidek va kunduzi ro‘zador, kechasi esa ibodatda qoim bo‘lgan kishidek (ajr-savobga ega bo‘ladi)”.

Dunyoda ilm-fan shiddat bilan rivojlanmoqda, yangidan yangi kashfiyotlar qilinmoqda. Tarixda buyuk ajdodlarimiz jahon xalqlariga ko‘plab kashfiyotlarni taqdim etganlar. Kashfiyotlarning ko‘pi aniq fanlarga to‘g‘ri kelgan, ya’ni matematika, geometriya, astronomiya, fizika, kimyo hamda tibbiyot fanlari rivojlangan.

Ma’lumki, dinimizda ilmni diniy va dunyoviyga ajratilmaydi. Qadimda ota-bobolarimiz bu qoidaga amal qilganlaridan ularning ichidan Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Muhammad Xorazmiy, Ibn Sino va Ulug‘bek kabi qomusiy olimlar yetishib chiqqan. Ular ham diniy ham dunyoviy ilmlarda peshqadam bo‘lganlar.

Barchamiz yosh avlod ta’lim-tarbiyasi borasidagi davlatimiz olib borayotgan izchil islohotlarni amalga oshirishda o‘zaro hamjihatlik ruhida sa’y-harakat qilsak, bu boradagi dunyoqarash va tasavvurlarni tubdan o‘zgartirsak, ko‘zlangan maqsad va natijalarga erishamiz.

Darhaqiqat, agar biz haqiqiy taraqqiyotga erishmoqchi bo‘lsak, ilmga bo‘lgan bugungi munosabatimizni tamoman o‘zgartirishimiz lozim. Hadisi shariflarda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

   “Hikmatli kalima mo‘minning yo‘qotgan narsasidir. Uni qayerda topsa ham olishga haqlidir”.

Ushbu hadisda har qanday foydali ilm, garchi bir kalima bo‘lsa ham mo‘min-musulmon kishi uchun yo‘qotib, qadrli buyumini izlab yurganga o‘xshatilmoqda. Uni qayerda topsak ham boshqalardan ko‘ra o‘zimiz haqli ekanimizni bilishimiz kerak.

Shu bilan birga, yurtimizda “Jaholatga qarshi — ma’rifat” shiori ostida amalga oshirilayotgan ishlarni nafaqat Islom olami, balki butun dunyo ekspertlari, siyosatchilar, tahlilchilar e’tirof etmoqda.

So‘nggi uch yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi faoliyat boshladi. Buxoroda tasavvuf, Qarshida aqida ilmi, Marg‘ilonda fiqh, Samarqandda kalom ilmi maktablari ochildi. Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilyapti.

Ma’rifatparvar Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek: “Har bir millatning taraqqiy etishi, yuksalishi, davlat va hukumatlarning bardavom bo‘lishi adolatga bog‘liqdir”. Ushbu fikrning isboti ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lib turibdi. Mamlakatimiz kundan-kun chiroy ochib, yurtdoshlarimizning ijtimoiy ahvoli yaxshilanib, eng muhimi — xalqimizda davlatga bo‘lgan ishonch tuyg‘usi mustahkamlanib bormoqda.

Muzaffar JABBOROV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti.


Print   Email