Ramazon – tarbiya oyi

Ramazon – tarbiya oyi

Ramazon – tarbiya oyi. Uning har bir kunida inson o‘y-hayollari va harakatlarini tartibga soladi, tafakkur qilishga undaydi. Ramazon oyining ta’riflari bisyor. Mo‘min-musulmonlar o‘n bir oy sog‘inch va ishtiyoq bilan kutadigan, oylarning sultoni, ezgulik va xayr, toatu ibodat fasli. Duolar ijobat bo‘ladigan, saxovatlar jo‘sh uradigan davr, Qur’on oyi muborak Ramazondir. Unga mashhurlikda, buyuklikda hech bir oy teng kela olmaydi. Shuning uchun hamki, uning kelishini intiqlik bilan kutiladi.'

Bu oyning fazilatiyu xislatlari ko‘p. Ularni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Ta’rifini har qancha keltirmang, kamdek ko‘rinaveradi. Bu oyda insonning ongu tafakkuri ma’nan yuksaladi. Shuning uchun ham Ramazon oyiga ma’naviyat va ma’rifat oyi, deb ta’rif beramiz.

“Ramazon – tarbiya oyi” deyilishiga bir qancha sabablar bor:

Birinchidan, bu oyda ilm bilan mashg‘ul bo‘linadi. Inson bilmaganini bilishga intiladi, anglaganlarini esa o‘zgalar bilan ulashishga alohida e’tibor qaratadi. Qur’oni karim o‘qiladi, hadislar aytiladi. Imom Termiziy “Kimki Qur’ondan bir harf o‘qisa, unga bir yaxshilik bo‘ladi. Bir yaxshiligi o‘n barobar bo‘ladi”, deb bejiz aytmaganlar.

Ikkinchidan, insonlar bir-birining holidan xabar oladi. Eski araz-ginalar unutiladi. Yolg‘on gapirishdan tiyiladi. Kechirimli bo‘linadi. Bir so‘z bilan aytganda, qalblar yaqinlashadi. Shirinso‘zlik oshadi. Chin ma’noda aytganda, odamlardagi hushmuomalalik yuksaladi. Birovni hafa qilishdan inson tiyiladi. Dillar yanada poklanadi. Hullas, ramazon shuning uchun hamki ma’naviyat va ma’rifat oyidir.

Uchinchidan, ramazon yordam, ko‘mak oyidir. Muhtojlar eslanib, ehtiyojmandlarga har doimgidan ko‘proq madad beriladi. Sir emaski, dunyo xalqlarini vahimaga solayotgan koronavirus, bizni ham chetlab o‘tmadi. Pandemik vaziyat tufayli ayrim yurtdoshlarimiz moddiy jihatdan qiyinchiliklarga duch keldi. Shunga qaramay xalqimiz bir-birimizga ham moddiy, ham ma’naviy yordam berishdan to‘xtagani yo‘q. Shubhasiz, bu oyda yanada hayr-ehsonlarning soni ortmoqda.

To‘rtinchidan, ramazon oyining sharofatidan inson o‘zida ezgu amallarni mujassam qiladi. Olimlaru yoshi ulug‘lar pand-nasihatlari, ma’naviyatiyu-ma’rifati bilan boshqalarga o‘rnak bo‘ladi. Har bir mo‘min borki, bu oyda mehr-muhabbat berishga oshiqadi.

Beshinchidan, ramazon – ogohlik, daxldorlik oyi. Bu oyda imon sinovdan o‘tadi. Atrofdagilarga o‘zgacha mehr-muhabbat, hurmat nigohi bilan qaraladi. Ayblar ko‘rinmaydi, kamchiliklar yopiladi. Atrofdagilarning har bir holatidan ogohlik kuzatiladi, ularning muammolari yechimida daxldorlik hissi kuchayadi.

Oltinchidan, bu oy g‘animat oyidir. Inson oldiga maqsad qo‘yib, berilgan vaqtni g‘animat bilib, muhim ishlarga bel bog‘laydi. Chunki har kim biladiki, bu oyning savobi har qachongidan ko‘p, duolarning bisyor ijobati bor. Savob uchun shoshiladi.

Yettinchidan, u ibodat oyi hisoblanadi. Aslida, ro‘za – ibodat. Qur’on o‘qish – ibodat. Bulardan tashqari, ushbu oyda tungi ibodatlarga keng o‘rin beriladi. Har bir mo‘min qo‘liga kitob oladi. Bilganicha o‘qiydi. Bilmaganlar esa o‘rganadi. Ma’rifati yuksaladi. Tafakkur qiladi.

Shuningdek, ramazon ruhan poklanish, axloqan yuksalish oyi hamdir. Ramazonda shaytonlar kishanlanib, insonni yomonlikka chorlovchi vasvasalari cheklanib, odamlarga o‘zlarini tarbiyalash uchun imkon beriladi. Binobarin, bu oyda qilingan gunohning jazosi og‘ir bo‘ladi. Shu bois, manbalarda Ramazonda barcha axloqsizliklar, gunohlardan poklanishga targ‘ib qilinadi.

Ramazon – sabr-bardosh oyi. Ro‘za tutib, bir qator noqulayliklarga, mashaqqatlarga qaramay, o‘zining eng muhim ehtiyojlarini tiygan kishi sabr va chidamning eng yuqori darajalarini o‘zlashtiradi. Ammo ovqatdan tiyilish bilangina maqsadlar hosil bo‘lmaydi. Buning uchun inson g‘oyaviy, ruhiy jihatdan ham tayyor bo‘lishi lozim.

Ramazon ro‘zasini tutishdan ham hikmatlar bor. Yozma manbalarning guvohlik berishicha, qiyomat kunida ro‘zaga ozgina riyozat bilan o‘zini qiynagan, nafsini tiygan, jahlini jilovlagan ro‘zador shafoat qilinadi. Bu esa muqarrar jannat Yaratganning mehru mukofotiga sazovorlik deganidir.

Muxtasar aytganda, ramazon – ulug‘, hikmatli. Unga munosib bo‘lish lozim. Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, ma’naviy poklik, shukronalik fazilatlari, muqaddas dinimiz arkonlarini e’zozlash, bugungi tinch va osuda hayotimizning qadriga yetish, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilishga, totuv va bahamjihat bo‘lib yashashga da’vat etadigan savobli amallar bilan o‘tkazish maqsadga muvofiq.

Bu zikr qilinganlar Ramazon oyining barcha fazilatlarini to‘la qamrab ololmaydi, balki mazkur fazilatlar oldida daryodan ayrim tomchilar, xolos. Zero, ramazonning ta’rifi cheksiz, fazilati beqiyos, samarasi ulkan. Eng muhim masala – unga munosiblik.

Shunday ekan, har bir inson atrofga boqsin, tafakkur qilsin. Ezgu amallardan mutaassir bo‘lib, o‘zlashtirsin, yomonlaridan xulosalar qilsin. Binobarin, atrof-olamga, o‘zga insonlarga ibrat nigohi bilan boqilsa, hayot go‘zallashadi, fikrlar teranlashadi. Qalblarda faqat ezgulik, yaxshilik va mehru muhabbat bilan to‘lsin. Shunisi bilan Ramazon – tarbiya oyidir.

 

Munira QAHHOROVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i


Print   Email