Ozodlikning qadri baland

Ozodlikning qadri baland

Bag‘rikenglik

Ozodlik, xotirjamlik, oila davrasida hayot kechirish naqadar ulug‘ ne’mat ekanini undan mosuvo bo‘lganda tushunib yetarkan inson. Bugun ana shu buyuk ne’matni qalban to‘liq his qilib, uni qadrlab yashayapman.

2016 yil ozodlikdan mahrum etilgan edim. 2017 yil dekabrda Prezidentimizning Afv etish to‘g‘risidagi Farmoniga asosan, ozodlikka chiqqanman. Hozirda tijorat ishlari bilan mashg‘ulman. Yosh bo‘lishimga qaramay hayotning og‘ir sinovlariga duch keldim. Juda katta xatoga yo‘l qo‘yib, bu yo‘lning nafaqat inson hayotini izdan chiqarishini, balki jamiyat farovonligini xavf ostiga qo‘yishini tushunib yetdim.

Qilmishim uchun 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edim. Panjara ortida o‘tgan davrimda xatolarimni tushunib yetdim. Agar astoydil tazarru qilsa, adashganini tushunib yetgan odamlar afv etilishini ommaviy axborot vositalari orqali ko‘rib, o‘qib, men ham qilmishimdan chin dildan pushaymon bo‘lib, iltimos bilan murojaat qildim. Iltimoslarim va to‘g‘ri xulosa chiqarganim hamda yaxshi tomonga o‘zgargan ijobiy xatti-harakatlarim inobatga olindi. Bir yil deganda davlatimiz rahbarining yuksak g‘amxo‘rligi bilan ozodlikka chiqdim.

Men bugun baxtliman. Barcha qiyinchiliklar ortda qoldi. Jamiyatda o‘z o‘rnimni topishda hokimiyat, mahalla, nuroniylar hamda jamoatchilik doimo xabar olib, menga yordam berib, kerakli maslahatlar berib turibdi.

Yaqinda Sergeli tumani hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yana bir bor hayotda o‘z o‘rnimni topish uchun davlat tomonidan imkoniyat yaratilgani menga katta kuch bag‘ishladi.

“Islombek hali yosh yigit ekansan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishingizni eshitib, xursand bo‘ldim, men tuman hokimi sifatida sizga tadbirkorlik faoliyatingizni rivojlantirish uchun yanada ko‘proq imkoniyat yaratib berishga harakat qilaman.

Sizga hozirgi kasanachilik faoliyatingizdan olayotgan daromadingizni 10 barobarga oshirish uchun birlamchi mahsulotni yordam sifatida olib beramiz. Agar tumanda tekstil sohasida faoliyatingizni kengaytirmoqchi bo‘lsangiz, bu borada ham imkoniyat yetarli, yordam beramiz. Tumandagi katta va tajribali tadbirkorlarga sizni shogird sifatida biriktirib, faoliyatingizni kengaytirishga ko‘maklashamiz”.

Tuman hokimi bilan bo‘lgan ushbu suhbatdan keyin davlatga nisbatan ishonchim yanada ortdi. Keyin bilsam hokimimiz mendan 3-4 yosh katta ekan, yosh rahbarga juda havas qildim. O‘z navbatida, tuman hokimining menga bergan maslahat va yo‘l-yo‘riqlari hayotimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib, katta maqsadlarimga erishishga undadi.

Aslida Yurtboshimiz yosh mutaxassisga shunday katta tumanni boshqarishni ishonib topshirganining o‘zi yoshlarga katta imkoniyat va sharoit yaratilganidan dalolat beradi.

Kelajakda yaxshi tadbirkor bo‘lib, o‘tmishdagi xatolarimni tuzatish va jamiyatga, xalqqa xizmat qilib, davlatimizning menga nisbatan ishonchini oqlash uchun bor kuch-g‘ayratimni bag‘ishlashga tayyorman. O‘tgan kunlar men uchun saboq bo‘ldi. Garchi xato qilgan bo‘lsam-da, davlatimiz, xalqimiz meni kechirdi va hayotimni yana qayta izga solishga, shuningdek, jamiyatda o‘z o‘rnimni topishga ko‘mak berayotgani Vatanga bo‘lgan sadoqatimni yanada mustahkamlamoqda.

Shu o‘rinda hayotga yengil-yelpi qaraydigan barcha tengdoshlarimga murojaat qilib aytamanki, qachonki har qanday tuyg‘u qalban his qilinsa, uning qiymati bo‘lakcha bo‘ladi. Mahkumlikdagi odam uchun esa ozodlik, oilasi bag‘rida bo‘lish katta baxt. Eng asosiysi, bu bag‘ri butunlikni hech narsa bilan almashtirib bo‘lmaydi. Shunday ekan, Vatanimizda biz yoshlarga berilayotgan imkoniyatlardan, ya’ni tadbirkorlik, ta’lim va ilm-fan sohasida yaratilgan sharoitlardan unumli foydalaning, yuksak natijalarga erishing, jamiyatda o‘z o‘rningiz va so‘zingizga ega bo‘ling!

Islombek SALOHIDDINOV.

Sergeli tumani

“Xalq so‘zi” gazetasi


Print   Email