Ogoh odam — oqil odam

Ogoh odam — oqil odam

Odamning qorni bir kosa ovqatga toʻyishi mumkin. Juda koʻp eshitganmiz “qornim rosa toʻyib ketdi”, degan soʻzlarni. Ayniqsa, bugungi maʼmurchilik davrida, toʻqchilik zamonida bu oddiy holatga aylanib ulgurdi. Rabbimizga behisob shukrlar boʻlsin. Lekin “mehrga toʻydim” degan soʻzni hech qachon eshitmaganmiz. Mehrga kim ham toʻyadi?!

Bu soʻzlarni bejiz keltirmayapman. Bugun shaxsan men mehrga tashna, tinchlikka zor, xotirjamlikka intiq yurtdoshlarimizning yuzu koʻzlariga boqib, mehr, tinchlik-xotirjamlik qanchalik ulugʻ neʼmatlar ekanini yana bir karra his etdim. Shu bilan birga, tinch yurtda, farovon hayotda tanti xalq bilan birga yashayotganim uchun Yaratganga shukronalar keltirdim.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari va bevosita topshiriqlari bilan kuni kecha “Mehr 5” operatsiyasi doirasida Suriyaning jangovar harakatlar davom etayotgan qismidan jami 93 nafar yurtdoshimiz – 24 nafar ayol va 69 nafar bola – Vatanimizga qaytarildi.

Avvalroq, “Mehr 1”, “Mehr 2”, “Mehr 3” va “Mehr 4” gumanitar operatsiyalari doirasida 320 dan ortiq vatandoshlarimiz Oʻzbekistonga qaytarilgan edi.

Yurtimizda davlatimiz tomonidan yaratilgan shart-sharoitlarga qanoat qilmay, hukumatimizning, diniy idoralarning, imom-xatiblarimizning ogohlantirishlariga quloq solmay, chet ellarga borib, qoʻli qonga botgan razil kimsalarning, insoniylik qiyofasini yoʻqotgan odam shaklidagi iblislarning tazyiqlariga giriftor boʻlgan yurtdoshlarimiz xatolarini kech anglab yetishyapti, koʻzlari kech ochilyapti.

Ular muqaddas dinimizning asl mohiyatini anglab yetmagani, amaldagi qonunlarimizga rioya etmagani, xalqimizning ming yillik qadriyatlarini toptagani uchun ana shunday koʻrguliklarga duchor boʻlmoqda.

Shuncha ogohlantirishlar, tanbehlarga qaramay, hali-hanuz ekstremistik tashkilotlarning tuzogʻiga tushib qolayotgan yurtdoshlarimiz, nahotki, paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning: “Moʻmin kishi bir teshikdan ikki marta chaqilmaydi” (Imom Buxoriy rivoyati), degan muborak hadislarini yoki xalqimizning “Koʻr hassasini bir marta yoʻqotadi” degan maqolini eshitmagan boʻlsa?!

Axir, bugun oynai jahon orqali, ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlarida yot gʻoyalarning taʼsiriga tushib qolib, qilmishini kech anglab yetgan yurtdoshlarimizning taqdiri namoyish etilgan koʻrsatuvlar, maqolalar, xabarlarni koʻrmagan, oʻqimagan kishi boʻlmasa kerak.

Har birimiz, avvalo, oʻzimizdan, farzandlarimizdan ogoh boʻlishimiz shart. Loqaydlik va eʼtiborsizlik koʻp balolarning boshidir. Xalqimiz bejizga “Soʻnggi pushaymon – oʻzingga dushman”, demaydi. Pushaymon boʻlmaslik uchun, avvalo, sergak va ogoh boʻlish talab etiladi.

Bugun har qadamda fitnalar urugʻini sochishni kasb qilib olgan gʻalamislarning “soxta hijrat” tushunchalaridan juda ehtiyot boʻlishimiz shart. Bu xoinlar, manfur, buzgʻunchi kimsalar din nomidan gapirib, sof eʼtiqodimiz va qadriyatimizni qoralashga zoʻr bermoqda. Ularning asl maqsadi musulmonlarning orasini isloh qilish emas, balki nifoq chiqarishdir.

Alloh taolo ular haqida: «Ular oʻzlarining (yolgʻon) qasamlarini qalqon qilib olib, (odamlarni) Allohning yoʻlidan toʻsdilar. Bas, ular uchun (oxiratda) xor qiluvchi azob bordir»(Mujodala surasi, 16-oyat), deb marhamat qiladi.

Qolaversa, turli tomondan yogʻilib kelayotgan mafkuraviy, diniy, tahdidlardan ogoh boʻlishimiz shart. Ulugʻ bobomiz Alisher Navoiy hazratlarining quyidagi dono soʻzlari hamon dolzarbdir:

Erursen shoh ‒ agar ogohsen sen,

Agar ogohsen sen ‒ shohsen sen.

Suriyadan keltirilgan yurtdoshlarimiz orasida 7 nafar chin yetimning ham borligi yurak-bagʻrimizni ezib yubordi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Men va yetimni kafilligiga olgan kishi jannatda mana shunday boʻladi”, dedilar va koʻrsatkich hamda oʻrta barmoqlariga ishora qilib, bu barmoqlari orasini bir-biriga yaqin tutdilar» (Imom Buxoriy rivoyati), deb marhamat qilganlar.

Boshqa bir hadisda: “Musulmonlarning uyi ichida eng yaxshisi yetimga yaxshi munosabatda boʻlingan uydir. Musulmonlarning uyi ichida eng yomoni yetimga yomon munosabatda boʻlingan uydir” (Imom Ibn Moja rivoyati), deyilgan.

Odamlarga yaxshilik qilaman, mehr koʻrsataman deb jonini halokatga qoʻyib boʻlsa ham urush oʻchoqlaridan oʻz yurtdoshlarini sugʻurib olib kelgan kishilarni, bu ishning boshida turgan rahbarlar, ayniqsa, muhtaram Yurtboshimiz BUGUNNING QAHRAMONLARIdir.

Alloh taolo bu xayrli ishlarga bosh qoʻshayotgan barcha-barchani Oʻz panohida asrasin. Qilgan savobli ishlarining ajrlarini koʻpaytirib bersin. Har doim sogʻ-salomat qilsin. “Mehr” operatsiyalari, oʻylaymanki, yurtdoshlarimizni yana-da hushyorroq boʻlishga, turli oqimlar taʼsiriga tushib qolmaslikka chorlaydi.

 

Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Manba


Print   Email