Mustaqillik kurashchisi

Mustaqillik kurashchisi

XX asr dunyoga juda koʻplab siyosiy arboblar, islohotchilar, shuning barobarida, mustamlakachilik kishanlaridan ozod boʻlish va oʻz mamlakatining mustaqilligi uchun kurashchilarni yetkazib berdiki, endilikda ularning nomlari insoniyat tarixidan abadiy oʻrin olgan.

Ozodlik va istiqlol uchun buyuk kurashchilarning mana shu safida Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Choʻlpon, Fayzulla Xoʻjayev, Bobooxun Salimov, Polvonniyoz hoji Yusupov, Abdulla Qodiriy kabi oʻzbek xalqining koʻplab asl farzandlari, maʼrifatchilar ham bor edi.

Ajabki, yaqin-yaqinlarga qadar ulardan aksariyatining nomi nafaqat xorijda, hatto oʻz vatandoshlarining keng doirasida ham unchalik tanish emas edi. Shunday boʻlishi oʻz-oʻzidan tushunarlidir. Chunki uzoq yillar mobaynida bu zoti shariflarning nomlari ataylab tilga olinmay kelindi. Oʻquvchi oʻsha paytdagi oʻttiz jildli Katta sovet ensiklopediyasida bu odamlarning tarjimayi holiga bagʻishlangan biror bitikni topolmaydi. Rasmiy tarixshunoslikda oʻz yurtining bu haqiqiy vatanparvarlari xalqning ashaddiy dushmanlari, burjua millatchilari sifatida taʼriflanardi.

Mana, hozir jadidlar davridan ajratib turgan vaqt choʻqqisidan qarab va ular orzu qilgan mustaqillik tufayli, nihoyat, bu ulugʻ insonlar bizga qanday bebaho maʼnaviy boylik qoldirganliklari hamda endilikda u milliy mulkimizga aylanganini bir qadar toʻliqroq baholash imkoniyatiga ega boʻldik.

Ana shunday buyuk siymolardan biri — Mahmudxoʻja Behbudiy XIX va XX asrlar chorrahasida, Yevropa hamda Osiyo uzra oʻzgarishlar shamoli alohida kuch bilan esa boshlagan davrda yashadi.

Oʻsha paytda hamma narsa Chor imperiyasining moʻrt boʻlib qolgan tuzilmasi hamda Buxoro amirligi va Xiva xonligidagi feodal tartibotlarning kuni bitganidan darak bermoqda edi. Xuddi shu davrda Oʻrta Osiyo osmonida bir insonning tiniq yogʻduli yulduzi porlab chiqdi. Taniqli sharqshunos Laziz Azizzoda 1926-yilda: “Agar Oʻzbekistonda fan va madaniyatda Navoiy va Ulugʻbekdan keyin uchinchi shaxsning nomini abadiylashtirish kerak boʻlsa, bunday yodgorlik, hech shubhasiz, Behbudiyga qoʻyilmogʻi lozim”, deb aytgan edi. Bunday taʼrif Mahmudxoʻja Behbudiyni haqli ravishda Sharqning Ulugʻbek hamda Navoiy singari eng buyuk insonparvarlari va mutafakkirlari qatoriga qoʻyadi.

1903-1904-yillarda Behbudiy Sankt-Peterburg, Moskva, Qozon, Orenburg, Qrimga safar qildi. Rossiya tajribasi, ayniqsa, tatarlarning maʼrifat sohasida amalga oshirayotgan ishlari, atoqli arbob Ismoil Gasprinskiy bilan tanishuvi uning intilishlarini uzil-kesil aniqlab berdi hamda jamiyatni gumanitar jihatdan qayta qurishdan iborat rejalarni roʻyobga chiqarish uchun yoʻnaltirib yubordi.

Bu paytda Turkistonda taraqqiyot tarafdorlari, emin-erkin va maʼmurchilikda yashashni, xuddi rivojlangan mamlakatlardagi singari maʼrifatli boʻlishni chin dildan istayotgan odamlar soni koʻpayib bormoqda edi. Ular nafaqat chorizmga, balki islomning sofligini himoya qilish shiori ostida eski anʼanalarga mahkam yopishib olgan, har qanday rivojlanishni inkor etayotgan ruhoniylarning johil qismiga qarshi chiqa boshlagandilar. Ravnaq istovchilarni tugʻilib kelayotgan burjuaziyadagi dindorlar, dehqonlar, hunarmandlar — aholining barcha tabaqasi orasida uchratish mumkin edi. Ular milliy oʻzini oʻzi anglashning oʻsishdagi birinchi darajali asoslarini maʼrifat va fandan izladi. Anʼanachilarning qarshiligini sindirgan bu chinakam vatanparvar maʼrifatchilar joylarda yangi usuldagi bilim oʻchoqlari ochdi, ularda eski maktablarga, anʼanalarga qarama-qarshi oʻlaroq, dindan tashqari dunyoviy fanlardan ham dars berishdi.

Mahmudxoʻja Behbudiy mana shunday maʼrifatchilik faoliyatiga astoydil kirishib ketdi hamda yangi ilm maskanlarini ochishda jonbozlik koʻrsatdi. U bunday maktablardan birini uyida ham ochdi. Oʻquvchilar uchun «Risolai jugʻrofiya umroniy», “Tarixi islom”, «Kitobatul atfol» va boshqa darsliklar yaratdi.

Ommaning oʻzini oʻzi milliy anglashini oʻstirish va uygʻotish endilikda uning hayoti mazmuniga aylanib qolgan edi. Mahmudxoʻja Behbudiy oradan koʻp vaqt oʻtmasdan Turkistondagi mana shu kurashning bayroqdoriga aylandi. Uning atrofida tobora koʻplab maslakdoshlar jipslasha boshladi.

Ana shu vaqt mobaynida u oʻz bilimlarini boyitish ustida ishladi. Uning ilmiy manfaatlari doirasi juda keng edi. Behbudiy qiziqqan sohalar teologiya, tarix, falsafa, pedagogika, sotsiologiya, adabiyot, etnografiya va boshqalar, yaʼni hozirgi paytda “ijtimoiy fanlar” deb ataladigan jamiki fanlar edi. Uning safdoshlaridan biri Fayzulla Xoʻjayev keyinchalik taʼkidlab oʻtganidek, Behbudiy bilimlarining kengligiga koʻra buyuk shaxs boʻlib, oʻsha davrda Turkiston jadidlari orasida unga teng keladigan odam topilmasdi.

Tahlil qilish qobiliyati kuchli boʻlgan bu insonga hamma zamonlar uchun noyob hisoblangan fazilat — nazariy fikrlash xususiyatidan ham Alloh bergan edi. Yuzlab kitoblar, turli-tuman mavzulardagi maqolalar uning qalamiga mansubdir. Aksariyat chiqishlarining asosiy mavzu doirasi Vatan, uning taqdiri va tarixi, erk uchun kurash, milliy manfaatlarga xizmat qilish, qoloq anʼanalarni qoralash, xalq maʼrifatini koʻtarish, Chor Rossiyasining avtokratik boshqaruvi hamda uning Turkiston va Buxoro amirligidagi tartibotlarini tanqid ostiga olishdan iborat edi.

U xalqni yagona millatga birlashtirish uchun yangi usuldagi maktablarni ochishning oʻzi kifoya qilmasligini, balki milliy matbuot va milliy teatrni rivojlantirish zarurligini ham tushunib yetgan edi. Behbudiy matbuot, nashriyot masalalari bilan astoydil shugʻullanishga kirishdi. 1913-yili “Samarqand” gazetasini, oʻsha yilning avgust oyida esa “Oyina” jurnalini chiqara boshladi. Mazkur jurnal Tatariston, Kavkaz, Qrim, Eron, Afgʻoniston, Hindiston va Turkiyada ham tarqatilardi. Shuningdek, Behbudiy «Nashriyoti Behbudiya» nashriyotini tashkil etdi, uning qoshida «Kutubxonai Behbudiya» deb nomlangan kutubxona ham ochdi. Va u tez orada Oʻrta Osiyodagi eng yirik kutubxonalardan biri boʻlib qoldi.

“Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnali xalqning oʻzini oʻzi milliy anglash, uygʻonishida, oʻzbek xalqi milliy gʻururining tiklanishida juda katta rol oʻynadi. Ammo gazeta ham, jurnal ham uzoq yashab keta olmadi, bunga, asosan, senzura sabab boʻldi.

1917-yilga kelib, jadidizm maʼrifatchilikdan siyosiy harakat darajasiga koʻtarila boshladi. Turkistondagi siyosiy ahvolga Mahmudxoʻja Behbudiyning munosabati shunday ediki, uni siyosiy maqomni tubdan oʻzgartirish, mustaqillikni qoʻlga kiritish bilan bogʻliq holda koʻrgandi. Behbudiy oʻz maqolalarida rus chorizmi va Muvaqqat hukumatning mustamlakachilik siyosatini fosh etdi, ularning qonunlarini tanqid qildi.

Behbudiy mustaqillikka kurashsiz erishib boʻlmasligini yaxshi bilardi. U ilgari surgan “Haq olinur, berilmas” degan mashhur shior butun millatga daʼvat boʻlib yangradi.

Aksariyat jadidlar kabi Behbudiy ham mustamlakachilikka qarshi qon toʻkilmaydigan kurash tarafdori, har qanday inqiloblar dushmani boʻlib, parlamentdagi kurash yoʻli bilan koʻp narsaga erishish mumkin, deb hisoblardi. Muxtoriyatning otashin targʻibotchisi sifatida u Turkiston demokratik Rossiya federativi tarkibida mustaqillikni qoʻlga kiritishi mumkin, degan nuqtayi nazarda edi hamda taraqqiyot sari olgʻa siljishda evolyutsion usulni maʼqul koʻrardi. Behbudiy oʻz Vatanining tomiri qanday urayotganini boshqa har qanday odamga nisbatan yaxshiroq his etar hamda uning siyosiy haroratini oʻlchay bilardi. U boshqa jadidlar singari Rossiyadagi fevral inqilobini quvonch bilan kutib oldi. Siyosiy, milliy va iqtisodiy manfaatlarni himoya qilish jadidlar, xususan, Behbudiy faoliyatida ustuvor yoʻnalish boʻlib qoldi.

“Biz Turkiston musulmonlari mahalliy ruslar, yahudiylar va boshqalar bilan birgalikda Rossiya belgisi ostida oʻz Turkiston hukumatini tashkil etishlarini, oʻz Birlashgan Kengashiga ega boʻlishlarini istaymiz. Turkiston musulmonlari shariatga, oʻz urf-odatlari, din qonunlariga muvofiq yashashlari lozim. Turkistonda yashab turgan yahudiylar, xristianlar va musulmonlar farovonligini koʻzlaydigan qonunlar tuzilishi kerak”, deb yozgan edi Behbudiy oʻsha paytda. U siyosiy kuchlarning, milliy harakat tarafdorlarining birlashuvini yoqlab chiqdi. Ayni vaqtda Behbudiyning bolsheviklarga nisbatan munosabati salbiy edi: “...biz, musulmonlar uchun bu guruhga qoʻshilish oʻta zararlidir. Ularning dasturidagi moliyaga oid moddalar maʼlum darajada oʻzgartirilmas va shaxs, oila haqidagi fikrlari shariatga muvofiqlashtirilmas ekan, bizga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi», degan edi u oʻz tarafdorlariga.

Tez orada 1917-yili Petrogradda roʻy bergan oktyabr davlat toʻntarishi milliy-ozodlik harakatini boshqa oʻzanga burib yubordi. Oʻsha yilning noyabrida boʻlib oʻtgan musulmonlarning oʻlka favqulodda qurultoyi Turkistonni Rossiya Federativ Respublikasi bilan birlashgan holda hududiy Muxtoriyat, deb eʼlon qildi. U keyinchalik “Turkiston muxtoriyati” nomini oldi. Hukumat tuzildi, uning tarkibiga Behbudiy ham kirdi.

Ammo Qoʻqon hukumati, bor-yoʻgʻi, 72 kun yashadi. U Qoʻqonni hujum bilan olgan bolsheviklar tomonidan tor-mor etildi. Shahar alanga ichida qoldi: bolsheviklar toʻplardan ketma-ket oʻqqa tutaverdi. Uch kun mobaynida 10 mingdan ortiq odamlar halok boʻldi.

Mahmudxoʻja Behbudiy koʻp qirrali isteʼdodi va kuch-gʻayrati ayni barq urgan pallada halok boʻldi. Oʻshanda u 45 yoshda edi. Oʻlimidan birmuncha vaqt avval Behbudiy siyosatdan uzoqlashgan va Xalq maorifi komissarligining Samarqand boʻlimida ishlayotgandi. Mana shu yillar mobaynida u sukut saqlab, siyosiy faoliyat bilan shugʻullanmay qoʻygan edi. Boisi uning bolsheviklarga munosabati salbiy edi. Ehtimol, Turkiston muxtoriyatining tor-mor qilinishi va minglab begunoh odamlarning oʻlimi Behbudiyga kuchli darajada ruhiy taʼsir etgan boʻlishi mumkin...

1919-yili u navbatdagi haj safariga otlandi. 25-mart kuni Buxoro amirligi chegarasini kesib oʻtdi va Shahrisabzga borganida amir maʼmurlari tomonidan qoʻlga olinib, Qarshiga joʻnatildi-da, oʻsha yerda qatl etildi. Amir va uning qurshovidagilarni bir necha bor qattiq tanqid qilgan Behbudiyga ular dushmanlik kayfiyatida edilar.

Behbudiy to umrining oxirigacha oʻzining sevimli ishi — maʼrifatga sodiq qoldi, hatto, halok boʻla turib, maʼnaviy vasiyat yozishga va uni erkka chiqarib yuborishga muvaffaq boʻldi. Oʻz vasiyatida doʻstlarini maʼrifat, madaniyat, fanni rivojlantirishga, taraqqiyotga xizmat qilishga daʼvat etdi.

Behbudiy oʻzining soʻnggi maktubida: “Sizlarga vasiyatim shu: Turkiston farzandlari nodon boʻlib qolishlari mumkin emas. Hamma-hammaga Ozodlik yoʻlini koʻrsating!” deb yozgan edi.

Buyuk mutafakkir, maʼrifatparvar va islohotchi, jadidlar harakatining peshvosi shu tariqa hayotdan koʻz yumdi.

Insonning umri uni esdan chiqarmagunlaricha davom etaveradi, deyishgani rost. Behbudiyni hamon eslashadi. Bugungi kunda ham uning nomini xalq chuqur hurmat-ehtirom bilan tilga olmoqda. Uning merosi hamda taqdiri esa Germaniya, Turkiya, Amerika, Yaponiya, Oʻrta Osiyo davlatlari va albatta, oʻz Vatani olimlarining tadqiqot mavzuiga aylangan.

Soʻnggi yillarda milliy qadriyatlarimizni qadrlash, ardoqlash borasida zalvarli ishlar amalga oshirilmoqda. Qanchadan-qancha tarixiy meʼmoriy obidalarimizning tiklangani, ular xalqimizning chinakam muqaddas ziyoratgohiga aylangani maʼnaviyatimizni mustahkamlashga munosib hissa boʻlib qoʻshilmoqda.

Shular sirasida 2020-yili buyuk bobokalonimiz Mahmudxoʻja Behbudiyning 145-yilligi keng nishonlangani, ushbu maʼrifatparvar insonning ibratli hayoti va ijodiga bagʻishlangan ulkan badiiy polotno — bebaho filmning yaratilishi maʼnaviyatimiz dargʻalaridan biri haqida xalqimiz yangi maʼlumotlarga ega boʻlishida muhim ahamiyat kasb etdi. Oʻz navbatida, bu millatimiz qadriyatlarini qadrlash bardavom ekaniga, inson shaʼni va qadrini ulugʻlashga qaratilgan tub islohotlar yoʻlidan ortga qaytmaslikka ishonch bagʻishladi.

Shavkat MIRALIMOV,
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy
universiteti dotsenti,
tarix fanlari nomzodi.

Manba: "Xalq so‘zi" gazetasi sayti


Print   Email