Millatlararo totuvlik — yurt ravnaqi

Millatlararo totuvlik — yurt ravnaqi

Bagʻrikenglik

Vatanimiz qit’alararo madaniy-tijoriy aloqalarni yaxshilashga xizmat qilgan Buyuk ipak yo‘lining qoq markazida joylashgan. Bu yerda turli xalqlarning milliy an’ana va urf-odatlari o‘zaro uyg‘unlikda rivojlangan. Demak, o‘zbekona bag‘rikengligimizning ildizlari juda qadim zamonlarga borib taqaladi va bu borada biz hamisha jahon ahliga namuna bo‘lib kelganmiz.

Xalqimiz sho‘rolar zamonida qatag‘on, quvg‘inga uchragan ko‘plab millat vakillariga boshpana berdi, og‘ir damlarda bir burda nonini ular bilan baham ko‘rdi. Natijada koreys, nemis, polyak, yunon, qrim-tatar, turk, tojik va boshqa ko‘plab millat vakillari o‘zbek elida muqim yashab qolishdi. Ularning zurriyotlari esa shu zaminda tug‘ilib-o‘sib, shu yerda ta’lim-tarbiya oldilar.

 Siyosiy barqarorlik va  millatlararo totuvlikni ta’minlashda, fuqarolarimizda Vatan tuyg‘usini  shakllantirishda,  yurt istiqboliga daxldorlik hissini kamol toptirishda xalqimizning bag‘rikenglik xislati asosiy omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mustaqil taraqqiyot yillarida mamlakatimizda barqarorlik, tinchlik, ijtimoiy totuvlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni ta’minlash borasida juda ko‘p ishlar amalga oshirildi. Qolaversa, yurtimizda milliy istiqlol mafkurasining asosiy g‘oyalaridan biri millatlararo totuvlik, deb belgilanganligi ham bu yo‘lda O‘zbekistonning o‘z yo‘li borligini tasdiqlaydi.

Millatlararo totuvlik — umumbashariy qadriyat. U nafaqat turli xalqlar birgalikda istiqomat qiladigan mintaqa va davlatlar milliy taraqqiyotini belgilaydi, balki butun dunyoda tinchlik va taraqqiyotning kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Bir millatli davlatlarga nisbatan ko‘p millatli davlat madaniy, ma’naviy boy deyish mumkin. Chunki mamlakat ichidagi milliy madaniyatlar muloqoti ularni boyitadi. Har bir millatning boshqa millatlardan o‘rganadigan, namuna bo‘ladigan jihatlari bor.

Istiqlol yillarida erishgan eng katta boyligimiz xalqimizning tinch va osuda hayotidir. Jamiyatimizdagi o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik kabi oliyjanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga uyg‘un yashash tamoyili tobora mustahkamlanib borayotgani jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilmoqda.

Vatanimizda yashayotgan turli xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, teng huquqlilik va hamjihatlikni mustahkamlashga, uning qonuniy asoslarini yaratishga jiddiy e’tibor qaratildi. Ushbu tamoyillar O‘zbekiston Konstitutsiyasi va barcha qonunlarimizda aniq va qat’iy muhrlab qo‘yildi. Jumladan, Konstitutsiyamizning 4-moddasida O‘zbekiston davlati o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odat va an’analari hurmat qilinishini ta’minlashi, ularning rivoji uchun sharoit yaratishi alohida ko‘rsatib o‘tildi.

Konstitutsiyamizning 18-moddasida esa mamlakatimizning barcha fuqarolari bir xil huquq va erkinliklarga egaligi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi belgilab qo‘yildi.

Mamlakatimizda bir yuz o‘ttizdan ortiq millat va elat vakillari yagona oila farzandlaridek ahil yashaydi. Ana shunday ko‘p sonli millat va elat vakillarining birgalikda, hamkor va hamjihat bo‘lib umr kechirishi natijasida ularning har biri ma’naviy va madaniy jihatdan boyib, o‘zaro munosabatlar ta’sirida ko‘p millatli xalqimizning turmush tarzi yanada yuksalmoqda.

Zamonaviy davlatning maqsadi jamiyatda hamjihatlik va barqarorlikni, inson huquq va erkinliklarining samarali himoya qilinishini ta’minlashdan iborat. Zero, mamlakatimizning taraqqiy etishi avvalambor undagi barqarorlik, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitining saqlanishiga bog‘liq. Bu masalalarga Prezidentimiz turli yig‘ilish va anjumanlarda, shu qatori xalqaro maydonda ham tinimsiz xalqimiz va jahon hamjamiyatining e’tiborini qaratib kelmoqda.

2017-yilning 19-may kuni davlatimiz rahbarining “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizdagi milliy madaniy markazlar hayotida, shuningdek, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirish borasida yangi istiqbollarni ochib berdi, bu sohadagi ishlarda tub burilish yasadi.

Farmon bilan Respublika baynalmilal milliy-madaniy markazi negizida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etildi. Toshkent shahridagi eski Bobur bog‘i Do‘stlik bog‘iga aylantirildi.Respublikadagi milliy markazlar uchun alohida bino ajratildi.

Qo‘mita zimmasiga jamiyatda millatlararo hamjihatlik va bag‘rikenglikni ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatini izchil amalga oshirish, do‘stlik va ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usi muhitini mustahkamlash, mamlakatimizning muvaffaqiyatlarini keng targ‘ib qilish vazifasi yuklandi.

Farmonda xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlarni, chet eldagi hamyurtlarimiz va turdosh tashkilotlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlash vazifalari belgilangan. Qo‘mita mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy tashkilotlar va diplomatik vakolatxonalar, xorijiy davlatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan turdosh tashkilotlar bilan samimiy va o‘zaro hurmatga asoslangan aloqalar o‘rnatish hamda izchil rivojlantirish borasida tizimli ishlarni amalga oshiradi. O‘zbek xalqining boy tarixi, madaniyati, ma’naviy qadriyatlari va an’analari, shu zaminda tug‘ilib-o‘sgan buyuk olim va mutafakkirlar merosi, ularning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini keng namoyish etish bo‘yicha tadbirlar o‘tkaziladi.

 Farmon qoidalarining hayotga tatbiq etilishi mamlakatda millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha yaxlit tizimni rivojlantirish, milliy madaniy markazlar uchun yanada qulay va keng imkoniyatlar yaratish, ularning bunyodkorlik tashabbuslari va intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Birodarlik, diniy bag‘rikenglik, do‘stlik va hamkorlik insoniylik fazilatlardan biri sifatida, ajdodlarimizdan bizga juda katta ma’naviy meros bo‘lib qolgan. Barcha milliy-madaniy markazlarning samarali faoliyat olib borishi uchun davlat tomonidan har tomonlama ko‘mak berilyapti, turli millat vakillarining o‘z ona tili, madaniyati, san’ati, hunarmandchiligi va milliy qadriyatlarini rivojlantirishga e’tibor qaratilyapti.

Yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik albatta turli millat vakillari va xalqlarimizning o‘zaro do‘stlik va birodarlik fazilatlariga asoslangan. Prezidentimiz bu borada, “O‘zbekiston millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik sohasida o‘z an’analariga doimo sodiq bo‘lib, bu yo‘ldan hech qachon og‘ishmasdan ilgari boradi. Mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik va ahillik muhitini mustahkamlashga birinchi darajali e’tibor qaratiladi. Bu — bizning eng katta boyligimiz va uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash barchamizning burchimizdir”, deb ko‘rsatar ekan, biz ushbu boylikni yanada mustahkamlash zarurligini anglashimiz zarur. Bu borada olib borayotgan madaniy-ma’rifiy ishlar samaradorligi shu kun talabi ekanligini his qilgan holda faoliyat olib borishimiz muhimdir.

Dunyoning qariyb barcha mamlakatlari ko‘p millatlidir. Bugun O‘zbekistonda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari ahil-inoq yashab, jamiyat hayotini ravnaq toptirish yo‘lida samarali mehnat qilayotir. Demak, mamlakatlarning aksariyati bir millat nomi bilan atalsa-da, shu mamlakat ko‘p millatli fuqarosining yagona Vatani bo‘lib kelmoqda. O‘zbekiston ham ana shunday boy, turfa madaniyatlar gullab-yashnayotgan mamlakatlardan biri ekanligi odamga iftixor baxsh etadi.

Ming afsuski, hozirgi vaqtga kelib, ba’zi davlatlarda milliy-etnik munosabatlarda ziddiyatlarning yuzaga kelishi turli ko‘rinishdagi nizo va kelishmovchiliklarga olib kelayotganini barchamiz eshitib, ko‘rib turibmiz. Yurt osoyishta bo‘lishi, turli millatlar ahil yashashi uchun eng avvalo, millatlararo munosabatlarda bag‘rikenglik, bir millatni boshqasidan ustun qo‘ymaslik tamoyillariga amal qilinishi lozim.

Xulosa qilib aytganda, yurtimizda millatlararo va davlatlararo totuvlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan yangi g‘oya va tashabbuslarning paydo bo‘layotganligi do‘stlik va hamjihatlik qo‘rg‘onining yanada mustahkam bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbari e’tirof etganidek, “O‘zbekistonning boyliklari ko‘p, lekin bizning eng katta boyligimiz, eng yuksak qadriyatimiz jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikdir”.

 

Gʻayratulla SHUKUROV,

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi axborot xizmati boshlig‘i

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2021-yil 22-mart 58-son.

 


Print   Email