Jadid bobolarimiz orzu-armonlari ushaladigan davr keldi

Jadid bobolarimiz orzu-armonlari ushaladigan davr keldi

Moziy — haqiqatning tarozisi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini takomillashtirish, jamiyatimizda o‘qituvchi va pedagog xodimlar, ilmiy va ijodkor ziyolilarga bo‘lgan hurmat-e’tiborni yanada oshirish ustuvor masalaga aylandi. O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida jahon miqyosidagi raqobatga bardosh bera oladigan milliy ta’lim tizimini yaratish va uni kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash maqsadlariga katta kuch va mablag‘lar yo‘naltirilmoqda.

Bugungi modernizatsiya jarayonlari, islohot va o‘zgarishlar natijadorligi maktab ta’limiga, yangi avlod kadrlarini yetishtirish masalasiga borib taqaladi. Davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim tizimiga umumxalq ishi, deb qaralishi belgilandi. Ta’lim sohasidagi muammolar, ularni hal etish, ta’lim sifatini oshirishga oid vazifalar belgilab olindi. O‘tgan yil 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimda Prezidentimiz tarixga nazar solib, IX-XII asrlarda yurtimiz hududida Birinchi, XV asrda Ikkinchi Renessans porlaganini ta’kidlab, “Ko‘pchilik ziyolilar qatorida men ham bir fikrni hamisha katta armon bilan o‘ylayman: mamlakatimizda Uchinchi Renessansni XX asrda ma’rifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Ular “Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas”, degan hadisi sharifni hayotiy e’tiqod deb bildilar, milliy istiqlol, taraqqiyot va farovonlikka, avvalo, ma’rifat orqali, dunyoviy va diniy bilim, zamonaviy ilm-hunarlarni chuqur egallash orqali erishish mumkin, deya ta’kidladi. Darhaqiqat, XX asr boshlarida mustamlaka sharoitida, hukmron siyosiy mafkura doirasida qoloqlikdan qutulishning yagona yo‘li — madaniy yo‘nalish orqali taraqqiy etish mumkinligini tushungan milliy ma’rifatparvarlarimiz, eng avvalo, madaniy va maishiy hayotdagi qoloqlikni tugatish, milliy ongni isloh etishda an’anaviy madaniyatni dunyo madaniyati tizimida qayta ko‘rib chiqish zaruriyatini olib chiqdilar. Ularning aksariyati o‘z asarlarida Turkiston xalqi madaniyatini rivojlantirish, ma’rifatga chaqirish, Vatan taqdiri va uning istiqboli uchun qayg‘urish kabi muammolarni ko‘tarib chiqqan edilar.

Jadid bobolarimiz Turkiston aholisining ijtimoiy-siyosiy fikr doirasini kengaytirish, xalqning dunyoqarashida madaniy-ma’rifiy o‘zgarishlar yasashning muhim omili sifatida maktab islohotini birinchi zaruriyat deb belgilab olgan edi. “Millatning taraqqiysianing avval muntazam maktablaridan boshlanur. Agarda biz dinimizni, millatimizni yaxshi ko‘rub, muhofaza qilmoqchi bo‘lsak, avval saodat eshigi bo‘lgan maktabimizni zamong‘a muvofiq isloh qilish kerak”, deb yozgan edi Hoji Muin Shukrullo. Haqiqatan ham, maktablar islohi masalasi jadid bobolarimizning keng va qamrovli munozaralariga sabab bo‘ldi. Turkiston maktablari qanday bo‘lishi kerak, ular qaysi yo‘nalishda rivojlanishi zarur, degan masalalar millatparvarlarning diqqat markazida bo‘ldi. Millatning madaniy taraqqiyotini ziyolilar boshqa xalqlar taraqqiyoti bilan qiyoslashga harakat qilib, ularning yutuqlari sabablarini aniqlashga, namuna olishga da’vat etganlar. “Ibtidoiy maktablarimizning tartibsizligi yoxud taraqqiyning yo‘li” maqolasi muallifi Niyoziy Rajabzoda o‘lkadagi boshlang‘ich maktablarning zamon talabiga javob bera olmayotganini, Angliya, Germaniya mamlakatlari ilm-fan taraqqiysi natijasida “yer yuzining boyliklarini o‘zlariga qoratub olibdurlar, ilm-ma’rifatdan mahrum bo‘lgan millat esa san’at va hunar sohibi bo‘lgan millatlarning oyog‘i ostida ezilurga majbur bo‘ladurlar”, deb qayd etgan edi.

“Agarda har millatning istiqbolini bilmak xohlansa, ul millatni bolalarig‘a nazar va... alarning sihatlariga va husni tarbiya va ta’limlarig‘a” katta e’tibor zarurligi Abdusalom Azimiyning “Ta’lim va tarbiya” maqolasining bosh mavzusi bo‘lgan. N.Yovishevning “Hozirgi madrasamizda o‘quv” maqolasida XX asr boshlaridagi Turkiston oliy o‘quv dargohlari va mudarrislari haqida tanqidiy so‘z borib, ular Ulug‘bek, Navoiy kabi allomalar davridagi madrasa va mudarrislar bilan qiyoslanadi. Qadimda Sharq mamlakatlari, xususan, Movarounnahrdagi madrasalarda yirik faylasuflar, o‘tkir hakimlar, mutafakkirlar, jumladan, Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi jahonshumul olimlar dars o‘qitishgani, dunyoviy bilimlarga katta ahamiyat berilgani, lekin bunday xayrli an’analar yo‘q bo‘lib ketgani alam va iztirob bilan bayon qilinadi. Mahmud Badayliy o‘z maqolasida Turkiston yoshlarining Ovrupaning ilg‘or fan-texnikasini o‘rganish o‘rniga, ularning yaramas odatlarini juda tezlikda o‘zlashtirayotganidan afsuslangan. Farg‘onalik taraqqiyparvar Saidahmad Vasliy o‘zining “Taraqqiyot yo‘li” maqolasida Turkistonni Yevropa bilan qiyoslaydi, mamlakatdagi tanazzul va ilg‘or mamlakatlardagi yuksalish sabablarini tahlil qiladi. Uningcha, “ilgarilab ketgan xalqlar tajribasini joriy etish milliylikni yaxlitligicha saqlab qolgan holda amalga oshirilmog‘i lozim” va “taraqqiy deganlari din ilmi hamda hunar birla bo‘lur”. “Maorifdan, funun va madaniyatdan mahrum qolgan xalq jaholat panjalarining orasida ezilur”, deb yozadi Abdulla Avloniy.

Milliy taraqqiyot muammosini inson tarbiyasi bilan uzviy bog‘liqlikda talqin qilgan Xolid Sayyid “Tarbiyat ilmu a’zamdur” maqolasida millat ravnaqi, yurt taqdiri komil insonlar qo‘lidadir, taraqqiy odamlarni tarbiyalamoq, ilm hunarga o‘rgatmoq orqaligina paydo bo‘ladi, degan mazmunga urg‘u beradi. Tarbiyaning qudrati haqida u yozadi: “Yerda bir qobiliyat, ya’ni ko‘kartirmoq qobiliyati bordur. Lekin bu qobiliyat, agar yer yaxshi tarbiya qilinmasa, maydonga chiqmas yoki chiqsa ham maqsadga muvofiq chiqmas. Haydalmagan, chopilmagan bir yerga ekin ekilsa ko‘karmas, giyoh ko‘karsa ham samara bermas”. “Adab va tarbiya” maqolasi muallifi Muhammad Said insonning “komil bo‘lmog‘i uchun yetti narsa, ya’ni ilm, nomus, vijdon, sa’y-harakat, g‘ayrat, tarbiyat va ta’lim lozimligi”, bularni shakllantirishda ota-ona hamda muallim birdek mas’ul ekani haqida fikr bildiradi. Milliy taraqqiyparvarlarimizning orzusi turkistonliklarni tanazzuldan chiqarish, ilg‘or xalqlar qatori jahon madaniyati tizimidan joy olish, o‘z madaniyatini dunyo ommasiga tanitishdan iborat edi. Ularning madaniy taraqqiyot va tanazzul haqidagi fikrlari bevosita ilm-fan, maktab, maorif, ta’lim-tarbiya masalalari bilan chambarchas ravishda tahlil etilgan. Ular bu sohada milliy xususiyatlarni saqlab qolgan holda Sharq va Gʻarb madaniyatini taraqqiy ettirishga intilganlar va o‘z faoliyatlari davomida mamlakatda taraqqiyot, yuksalish, rivojlanish uchun ilm-fan, maorifni eng birinchi zaruriyat deb bilganlar. Chunki jadidlar xorij mamlakatlariga qilgan sayohatlari davomida Gʻarb va Sharq mamlakatlari o‘rtasida tafovutni angladilar va taraqqiyot yo‘lining eng birinchi yo‘nalishi ilm-fan va texnika zaruriyati ekanini xalqqa tushuntirishga harakat qildilar.

Ming afsuski, jadid bobolarimiz o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadlarni amalga oshirishga mavjud vaziyat, ijtimoiy tuzum yo‘l bermadi. Ular uchun maorif, ilm-fanning taraqqiyoti, milliy yuksalish orzu-armon bo‘lib qoldi. Bugungi kun O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish asosiy maqsad qilib belgilangan ekan, Prezidentimiz ta’kid laganidek, “Buyuk ajdodlarimizning orzulari ushaladigan davr keldi. Ularning betakror va noyob ilmiy-ma’naviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu o‘lmas meros hamisha yonimizda bo‘lib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bag‘ishlashi lozim. Avvalambor, milliy ta’lim tizimini ana shunday ruh bilan sug‘orishimiz kerak”.

Nodira Mustafoyeva, O‘zFA Ijtimoiy gumanitar fanlar bo‘limi rahbari, tarix fanlari doktori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2021-yil, 6-yanvar, 3-son.


Print   Email