Insonparvarlik, bag‘rikenglik va mehr-oqibat namunasi

Insonparvarlik, bag‘rikenglik va mehr-oqibat namunasi

FARMON VA IJRO

Adashganni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, yiqilganni suyash, xato qilganni kechirish xalqimizning ezgu qadriyatlaridan sanaladi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy islohotlar jarayonida bu kabi an’analarimizning bardavomligini ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor inson huquq va manfaatini muhofazalash, jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlashda muhim omil bo‘layotir.

Prezidentimiz tomonidan “Navro‘z” umumxalq bayrami arafasida imzolangan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmon bu borada yana bir muhim huquqiy hujjat bo‘ldi.

—  Bir tasavvur qilib ko‘raylik, bir mahkumning afv etilishi uning ota-onasi, oilasi, farzandlari, qarindosh-urug‘lar, qolaversa, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘yga qancha xursandchilik olib keladi, — deydi Oliy Majlis Senatining sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov. — Zero, bir mahkumning afv etilishi ortidan o‘nlab, balki, yuzlab  xonadonlarga xursandchilik, ertangi kunga ishonch va baraka kirib keladi. So‘nggi yillarda to‘rt ming yetti yuzdan ortiq fuqarolarimiz bu imkoniyatdan foydalangani jamiyatimizda insonparvarlikka yo‘naltirilgan islohotlarning muhim ahamiyatini yaqqol namoyon etadi. O‘ylaymizki, afv etilgan har bir shaxs o‘ziga bildirilgan yuksak ishonchni oqlab, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga munosib hissa qo‘shadi, jamiyatda o‘z o‘rnini topadi. Shu bilan bir qatorda, ushbu farmon ijrosini ta’minlash borasida huquq-tartibot, mahalla va bandlikni ta’minlash organlariga bir qator vazifalar yuklatilgan. Ularning so‘zsiz bajarilishini nazorat qilishda biz, parlament a’zolari, mahalliy kengashlar deputatlari ham faol ishtirok etishimiz lozim.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, muhim huquqiy hujjat hisoblangan afv to‘g‘risidagi farmonni imzolashgacha bo‘lgan ishlar bosqichma-bosqich qator vazifalarni amalga oshirishni taqozo etadigan muhim jarayondir. Zero, ushbu jinoyat ishlari ortida minglab insonlarning taqdiri yotadi. Bu ishlarni batafsil o‘rganish mutaxassislardan katta mas’uliyat talab etadi. Qolaversa, mahkumlarning o‘z xatosini anglab yetgani va qilmishiga chin dildan pushaymonligi, tuzalish yo‘liga qat’iy kirgani batafsil o‘rganiladi. Ana shunday bosqichma-bosqich o‘rganishlar asosida qabul qilingan mazkur farmon, avvalo, Konstitutsiyamizda belgilangan tamoyillar, inson huquq va manfaatlarini muhofazalashga xizmat qiladi. Qolaversa, ushbu huquqiy hujjat odamlarning hayotdan rozi bo‘lishida, farzandlar taqdirida, oilada, jamiyatda ma’naviy muhit yaxshilanishida muhim omil bo‘ladi. Buni ozodlikka chiqib, oilasi bag‘riga qaytgan insonlar, ularning yaqinlarining dil so‘zidan ham anglash qiyin emas.

— Xato qildim, qilmishimga ming bora pushaymonman, inson uchun oilasi, yaqinlari rizoligidan ortiq baxt yo‘q ekan, — deydi Komil Toirov. — Meni kechirib, afv qilgan Prezidentimizga va xalqimizga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Bu imkoniyatni yuksak qadrlayman va halol mehnatim bilan oqlayman.

— Olti yildirki oilamdan uzoqdaman. Mana, nabiralarim ham katta bo‘lib qolibdi. Afsuski, ular ulg‘ayayotganida yonida bo‘lolmadim, — deydi Fatxulla Ziyoyev. —  Prezidentimizning g‘amxo‘rligi tufayli muddatidan ilgari ozodlikka chiqib, oilam bag‘riga qaytmoqdaman. Bu ishonchni oqlash uchun halol mehnat qilaman, farzandlarim va nabiralarimga bosh bo‘laman.

— Shu choqqacha qalbimiz kemtik, ko‘nglimizga chiroq yoqsa yorishmas edi. Bu yilgi Navro‘z xonadonimizga o‘zgacha surur baxsh etdi, — deydi Go‘zal Asqarova. — Chunki, ayni Navro‘z kuni otam ozodlikka chiqib bag‘rimizga qaytdi. Bugun barchamizning dilimizda kechayotgan quvonchni so‘z bilan ta’riflashga ojizman.  Buni avvalo biz, farzandlarning kelajagini o‘ylab qilingan ezgu ish deb bilaman. Bu g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizga chin dildan minnatdorlik bildiraman.

— Afv etilganlar orasida yoshlar ham bor. Bu ularga berilgan katta imkoniyat va ishonch, — deydi Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Sarvar Ashurov. — Buni oqlash uchun yoshlar yurtimizdagi bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etib, el-yurtimizga munosib xizmat qilishi lozim.

Endilikda afv etilganlar bilan tizimli ish olib borish muhim vazifamizdir. Buning uchun, avvalo, ularning hayotga moslashishini ta’minlash, sog‘lig‘i haqida g‘amxo‘rlik qilish, bandligini ta’minlash lozim.

Har qanday jazo va afv mazmun-mohiyatan, avvalo, insonga xatosini anglatish, halol mehnati bilan jamiyatda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashishni anglatadi. Shu bois, bugungi kunda jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarga kasb-hunar o‘rgatish maqsadida turli to‘garaklar, kasb-hunar markazlari tashkil etilgan. Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Abduhoshim Ziyovuddinovning aytishicha, bunday to‘garak va markazlarda  haykaltaroshlik, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, yog‘och o‘ymakorligi kabi hunarlar o‘rgatilyapti. Mahkumlar ozodlikka chiqqach, bu yerda o‘rgangan hunari tufayli jamiyatga oson moslashadi, qayta jinoyat sodir etilishining oldi olinadi.

Qolaversa, afv etilgan shaxslar uchun kvotalangan ish o‘rinlari ajratish, bandligini ta’minlash uchun imtiyozli kreditlar berish amaliyoti joriy etilgan. Tabiiyki, bu imkoniyatlar jamiyatimizda inson huquqlarini muhofazalash, ma’naviy-ma’rifiy muhit barqarorligini ta’minlash, o‘zaro mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlash, eng muhimi, xalqimizning davlatimiz siyosatidan rozi bo‘lib, islohotlarga munosib hissa qo‘shishiga xizmat qilmoqda.

 

Bahor Xidirova,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

 


Print   Email