Imom Moturidiy — kalom ilmining sultoni

Imom Moturidiy — kalom ilmining sultoni

 

Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1150 yilligiga

Samarqandda Abu Mansur Moturidiy asos solgan kalom ta’limoti yillar o‘tib butun islom olamiga tarqalib, sunniylikdagi ikki yirik maktabning biriga aylanadi. Moturidiya ta’limoti XI asrdan boshlab islom olamida shuhrat qozonadi va shu davrdan allomaning shaxsiga qiziqish kuchayadi. Ushbu ta’limotning mazmun-mohiyatini, tarixini o‘rganishdan avval Moturidiyning hayoti va jamiyatda tutgan mavqeini chuqur tadqiq qilish kerak.

Manbalarda yozilishicha, Abu Mansur Moturidiy asli Samarqandning Moturid qishlog‘ida tug‘ilgan, to‘liq ismi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiydir. U Abu Bakr Juzjoniydan hanafiy fiqhini, an’anaviy islom mezonlari va uni atroflicha qamrab olish, izchil tahlil qilish, aqlan fikr yuritib, ilohiyot borasida munozaralar olib borishni esa Abu Nasr Iyodiydan o‘rganadi.

Abu Mansur Moturidiyning hayoti Samarqandda ilohiyot ilmi rivojining keyingi davriga to‘g‘ri keladi. Bu paytda shaharda bir necha e’tiborli mutakallimlar guruhi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ular orasida donishmandlar (hukamo) guruhiga mansub Abulqosim Hakim Samarqandiy ijodiga qiziqish katta edi. Ikkinchi guruhda Abu Bakr Juzjoniy maktabi namoyandalari – Abu Abdulloh ibn Abu Bakr Juzjoniy, Abu Mansur Moturidiy, Abulhasan Rustufag‘niy, Abu Salama Samarqandiylar bor edi. Uchinchi guruhni esa iyodiylar sulolasi vakillari – Abu Nasr Iyodiy, uning farzandlari Abu Ahmad va Abu Bakr Iyodiylar tashkil etardi. Bu guruhlar o‘rtasidagi bahslar turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ldi va bu kalom ilmi rivojiga ijobiy ta’sir etdi.

Ma’lumki, kalom ilmida mutakallimlar mavqeini belgilashda ularning ijtimoiy-siyosiy masalalardagi qarashlari muhim o‘rin tutgan. Hakimlar davlat bilan hamkorlikni rad etmay, uning vakillari bilan birga faoliyat ko‘rsatgan. Masalan, Abulqosim Hakim Samarqandiyning "Kitob as-savod al-a’zam" asari somoniylar taklifi asosida yozilgan va bu kitobdan o‘sha davrda Movarounnahrda asosiy qo‘llanma sifatida foydalanilgan.

Maqola boshida ta’kidlaganimizdek, Moturidiy hijriy 333 (milodiy 944-945) yilda vafot etgan va Samarqanddagi Chokardiza qabristonida dafn qilingan. Shahar aholisi, ayniqsa, o‘rta qatlam orasida mashhur bo‘lgan ulamolar, jumladan, Moturidiyning safdosh va shogirdlari ham shu yerga dafn qilingan. Solih ulamolar guruhi faoliyatini tadqiq qilishda ushbu qabriston va u bilan bog‘liq ma’lumotlar muhim ahamiyatga ega.

Turk admirali Saydi Ali Rais XVI asrda Osiyo bo‘ylab sayohatga chiqib, Samarqanddagi Chokardiza qabristonini ham ziyorat qiladi. Bu haqda esdaliklarida bayon etadi. Shuningdek, XVIII-XIX asrlarda yozilgan "Samariya" va "Qandiya xurd" asarlarida ham Chokardiza va unda dafn etilgan ulug‘ allomalar haqidagi ma’lumotlar uchraydi. V.Bartold ham xotiralarida 1920 yildagi Samarqand safari davomida ushbu qabristonda bo‘lgani va u yerda Moturidiy maqbarasini ko‘rganini ta’kidlaydi.

Yuz yillar davomida faqih, shayx va ulamolar dafn etilgan Chokardiza qabristoni sho‘rolar davrida aholi yashaydigan manzilga aylantiriladi. Natijada ko‘plab qabrtosh va qayroqlar yo‘qolib ketadi. Moturidiy maqbarasini tiklash jarayonida esa faqih va ulamolarning qabrtoshlari topildi. Ularning aksari qoraxoniylar davriga mansub bo‘lib, biz uchun ko‘plab yangi ma’lumotlarni berishi tabiiy. Hozir mazkur qabrtoshlar islomshunos olimlar B.Bobojonov, A.Mo‘minov, U.Rudolf tomonidan o‘rganilib, maxsus tadqiqot chop etildi.

XI-XII asrlar hanafiy mutakallimlari Moturidiya ta’limotini qayta tiklash jarayonida uning ijtimoiy qarashlarini aks ettiruvchi fikrlarini e’tibordan chetda qoldirishadi. Keyinchalik Moturidiy fiqh va kalom masalalari bilan qiziqib, hanafiy mazhabi olimlaridan dars olib, o‘z bilimini yuksaltiradi. Bu jarayonda ko‘plab mashhur faqih va muhaddislar bilan muloqot va munozarada bo‘ladi, shu sohaga oid asarlar yozadi.

Mahmud ibn Sulaymon Kafaviyning "Katoib ul-a’lom al-axyor fi taboqot fuqaho va mashoyix mazahab an-Nu’mon" ("Nu’mon mazhabiga mansub bo‘lgan taniqli alloma faqihlar va shayxlar haqidagi kitob") nomli asarida Abu Mansur Moturidiyning qayerda va qachon vafot etgani hamda uning asarlari haqida ma’lumot beradi. Muallif imom Moturidiyning "Kitob ut-tavhid" ("Allohning yakkayu yagonaligi borasidagi kitob"), "Kitob al-maqomat", "Kitob rad avomil lil adila lil ka’biy" ("Ka’biy zalolatlarining boshlanishini rad qilishga bag‘ishlangan kitob"), "Kitob bayon va hum ul-mu’tazila" ("Mu’tazila g‘avg‘olari va undan qo‘rqmaslik haqidagi kitob bayoni"), "Ta’vilot ahli as-sunna" ("Qur’on ta’vili") kabi asarlarini sanab o‘tadi.

Abu Mansur Moturidiyning ko‘p asarlari bizgacha yetib kelmagan, yetib kelganlari ham xorijdagi kutubxona va qo‘lyozma fondlarida saqlanadi. Islom olamida mashhur bo‘lgan "Kitob ut-tavhid" asari 1970 yilda Fathulloh Xulayf tomonidan Bayrutda, keyinchalik esa Turkiyada bir necha bor nashr etiladi. So‘nggisi Bekir Tuplu o‘g‘li va Muhammad Aruchi kabi olimlar tomonidan 2003 yil Anqarada chop etilgan.

Mutakallim islom dinidagi sunniylarning to‘rtta asosiy mazhabi asoschilarining asarlarini o‘rganib, o‘zi ham arab tilida tafsir va e’tiqodga oid "Ta’vilot ahli as-sunna"ni yozadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad "Ahl as-sunna va al-jamoa" ta’limotiga zid qarashlarni rad qilishdir. Bu asardan e’tiqodiy masalalar hamda fiqhda keng foydalaniladi. Abu Mansur Moturidiy bu asarini yozishda asosan Abu Hanifaning qarashlariga suyanadi. Ushbu kitobning nusxasi O‘zRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi. "Kitob ta’vilot" asarining birinchi jildi 1971 yilda Sayid va Ibrohim Avadaynlar tomonidan nashr etildi. Xuddi mana shu kitob bangladeshlik olim A.A.Rahmon tomonidan 1981 yil yangi qo‘shimchalar bilan qayta nashr qilindi. Asarning chop qilinishi Moturidiy kalomiga oid bir qator maqolalarning yozilishiga sabab bo‘ldi. F.Sezgin o‘zining "Arab qo‘lyozmalari tarixi" kitobida "Kitob ta’vilot" asarining dunyo fondidagi nusxalari haqida qimmatli ma’lumot beradi. So‘nggi yillarga kelib uning to‘liq nashrlari ham amalga oshirildi. 2004 yil Fotima Yusuf Xaymi tomonidan 1-5 jildlari Bayrutda nashr etildi. Yana biri Mujdiy Baslum tomonidan tayyorlangan bo‘lib, 2005 yil Qohirada "Maktabat ul karamat" nashriyotida chop etilgan. Eng so‘nggi 2008-2009 yillardagi ilmiy nashri Turkiyadagi "Darul mezon" nashriyotida yetti jildda chop etildi.

Xo‘sh, kalom o‘zi nima va u qanday ilm? Kalom ilmi o‘rta asrlarda falsafiy-diniy fikrlar va dinning nazariy asoslarini o‘rganish, islom aqidalariga e’tiqod etish haqidagi bilimlarni ifodalagan. Biron-bir dinga mansub shaxs uchun majburiy hisoblangan, har qanday sharoitda muhokama qilmasdan e’tiqod qilinishi lozim bo‘lgan diniy talablar majmuiga nisbatan aqliy mulohaza yuritish jarayonida u maxsus bilimlar tizimi sifatida vujudga keldi. Kalom – "ilmul kalom" atamasi keng ma’noda o‘rta asrlar musulmon adabiyotida diniy-falsafiy mavzularda (jumladan, nasroniylik va yahudiylikda ham) erkin fikr yuritishga nisbatan qo‘llangan, tor ma’noda esa aqidaparastlik, ya’ni dinda obro‘-e’tiborli hisoblangan shaxslar – payg‘ambar, sahobalarga taqlid yo‘li bilan emas, balki Qur’on va sunniy ta’limotni aql-idrokka mos talqin etish, tafakkurga suyanib ish yuritishga nisbatan ishlatilgan. Hadis ilmi payg‘ambarimiz tomonidan rivoyat qilingan gap va ishlarni, fiqh ilmi shariat qonunchiligini, kalom ilmi esa islom dinida e’tiqod qanday bo‘lishini o‘rgatadi.

Moturidiya aqidasi Qur’on, hadis va aql-idrok, mantiq va haqiqatga yaqin ekani bilan boshqa ta’limotlardan ajralib turadi. Abu Mansur Moturidiy o‘z ta’limoti bilan bog‘liq aksariyat fikrlarini "Kitob tavhid" asarida bayon etgan. Xususan, o‘zga toifadagi firqalarga qarshi shunday so‘zlarni aytadi: "Ular tafakkur va tadqiq bilan qarasalar edi, Alloh taolo ham bandalarini tafakkur va tadqiqot, ibrat va tajriba bilan ish qilishga buyurganini tushunar edilar, ibrat va tafakkur esa ilm manbalaridan biridir".

Bu ta’limot mu’taziliylar kabi faqat aqlga suyanish emas, balki naqldan ham qo‘shib foydalanishni zarur deb biladi. Aqida borasida qo‘shgan yana bir hissasi shuki, o‘sha davrlarda juda ko‘plab firqalar e’tiqod borasida o‘z fikrlari bilan musulmon ahlini turli yo‘llarga boshlagan. Moturidiy shunga chek qo‘yadi va bu o‘lkada yagona aqida tizimini (ya’ni hanafiya mazhab asosida) o‘rnatadi. U barcha aqidalar orasidagi bahsli mavzularni har bir firqaga dalillar asosida isbotlab beradi. Natijada turli xildagi mayda oqimlar ko‘payishining oldi olinadi.

Mutakallim islom ilohiyotidagi qazo va qadar (ya’ni inson taqdiri) haqida ham mulohazalarini bayon etgan. U insonda tanlash erkinligi bor degan iborani qo‘llagan. Ya’ni inson qanday ishni lozim topsa, o‘shani bajarishi kerak. Alloma inson qanday yo‘lni tanlashi o‘z ixtiyorida ekaniga alohida urg‘u beradi. Bu esa hozirgi demokratiyaning asosini tashkil etadi.

Moturidiy o‘z ta’limoti va ilmiy asarlari bilan Movarounnahr ilohiyot maktabi rivojiga katta hissa qo‘shdi. Shuningdek, hanafiya ta’limotining O‘rta Osiyo xalqlari urf-odatlari bilan chambarchas bog‘liq ekanini o‘z qarashlari orqali ko‘rsatib berdi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, ul zot asos solgan diniy ta’limot – moturidiya maktabi Sharq mamlakatlarida katta shuhrat topishiga sabab shuki, unda ilgari surilgan g‘oyalar islom dinining mohiyatini to‘g‘rilik, ezgulik, insoniylik deb biladigan jamiki mo‘min-musulmonlarning qarashlari va intilishlari bilan hamohang edi.

 

Shovosil ZIYODOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot

markazi direktori,

tarix fanlari nomzodi.


Print   Email