Imom al-Buxoriyning adolati

Imom al-Buxoriyning adolati

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021-yilning 29-yanvar kuni O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi chog‘ida mamlakatimizning shonli tarixi, allomalarimizning dunyo xalqlari madaniyatini yuksaltirishga qo‘shgan buyuk xizmatlarining e’tirofi sifatida bunday degan edi: “Bugun bu yerga kelishimdan maqsad – muqaddas dinimizning ezgulik, insonparvarlik dini ekanini, ma’naviyatga, ilmga undashini, ota-bobolarimiz bunga beqiyos hissa qo‘shganini tasdiqlovchi ilmiy natijalarni ko‘rish va yangi tadqiqotlarga zamin yaratish. Hozir mahobatli bino qurish oson bo‘lib qoldi. Mana, bobolarimizga munosib bino qurdik. Endi bobolarimizga munosib ilmiy muhit yaratishimiz kerak”.

Bu so‘zlar Islom dini va hadisshunoslik rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan alloma Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy hazratlarining bebaho ma’naviy xazinasiga ham tegishlidir. Zero, muhtaram Prezidentimiz yer yuzidagi barcha muhaddislarning sultoni bo‘lmish bu zotning ma’naviy va ilmiy merosiga, pokiza ruhiyatiga alohida hurmat ko‘rsatib kelmoqda. Jumladan, 2020-yil 24-yanvar kuni Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida bu borada to‘xtalib: “Imom Buxoriy bobomizning Samarqanddagi yodgorlik majmuasini bu moʻtabar zotning musulmon dunyosidagi ulug‘ maqomiga mos ravishda mutlaqo yangi loyiha asosida qayta barpo etish ishlarini ham  boshlaymiz”, degan edi. Oradan bir yil o‘tib, bu so‘zlar amaliy natijalarga erishdi. Davlatimiz rahbari joriy yilning 11-fevral kuni Samarqandning turizm salohiyatini, shu jumladan, ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha taqdim etilgan loyihalar bilan tanisharkan, o‘z Murojaatnomasida ilgari surgan g‘oyasi – Imom Buxoriy majmuasini qayta ta’mirlash borasida amalga oshirilajak ishlar yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi.

Yaqin kunlarda ish boshlanadigan Imom al-Buxoriy majmuasining yangi ko‘rinishi, albatta, dunyo afkor ommasining tahsiniga sazovor bo‘lajak. Chunki davlatimiz rahbari ilgari surgan ushbu g‘oyada tabarruk zotdan qolgan ilmiy merosga xalqimiz yillar davomida ko‘rsatib kelayotgan munosib ehtirom namunalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Imom al-Buxoriyning kamtarona turmush tarzida bugungi avlod amal qilishi lozim bo‘lgan ibratlar juda ko‘p. U zotning ilm xazinasiga kirar ekanmiz, jamiyat rivoji uchun zarur bo‘lgan sifatlarning barchasi mujassam ekanini ko‘ramiz. Ayniqsa, “Uchinchi uyg‘onish davri” deb nisbat berilayotgan bugungi kunda bu ma’naviy merosga ehtiyojimiz katta.

Imom al-Buxoriy hazratlari, avvalo, vaqtning qadriga yetdi. Behudaga qadam bosmadi. Ustozning doimiy uyg‘oq qalbida millat tashvishi bezovta edi. O‘zlariga yuklatilgan buyuk va sharafli vazifani kamchiliksiz bajarish yo‘lida o‘ta ehtiyotkorlik bilan ish tutdilar. Kunlik tanovulda halol bilan haromga jiddiy e’tibor qaratdilar. Shu tufayli luqmasiga qilchalik ham shubhali narsalar soya tashlay ololmadi. Ibodati, ilmi qanchalik mukammal bo‘lsa, hayotdagi adolati, kamtarligi, saxiyligi shu qadar tengsiz edi.

Muhaddislar sultonidagi bu kabi fazilatlar bugungi kunimizda har birimiz uchun ibrat maktabidir. Ayniqsa, muhtaram Prezidentimiz olib borayotgan shaffof siyosat zamirida adolatli jamiyat qurish yo‘lida bu maktab saboqlari suv bilan havodek zarur!

Hududlardagi hokimlar, huquq-tartibot idoralari, korxona va tashkilot rahbarlaridan kamtarlik va ilm-ma’rifat talab etilayotgan kunlarda u kishining hayot tarzi, halollik kodeksi, qat’iyatli adolati, mukammal iymoni yo‘lchi yulduzdir.

Kitob o‘qimaslik kishilarni ma’naviy qashshoqlikka duchor qiladi. Ilmsiz odam esa kunduzi ham yo‘ldan adashadi. Shu tufayli jamiyatimizdagi ayrim rahbarlar, mahalla oqsoqollari poraxo‘rlik dardiga mubtalo bo‘lishdi. Tadbirkorlar savdo-sotiqdan katta foyda topish ilinjida bozorlarda narx-navoni sun’iy oshirishni shunchaki tirikchilik zaruriyati deb baholashmoqda. Aslida, bular naqadar katta gunoh ekanligi hazrat asarlarida mukammal bitilgan.

Imom al-Buxoriy mazlumlarga, muhtojlarga, musofirlarga, qarzdorlarga doimo ko‘makchi, jamiyatning eng quyi qatlami bilan hukmdorlar o‘rtasidagi adolat posboni edilar. U kishi qarshisida manman degan olimlar tiz cho‘kib hurmat ko‘rsatardi. Amir-u hukmdorlar u kishining duolari barokotidan umidvor bir holda, saltanatiga tashrifini yillar davomida kutib yashardi. Imom al-Buxoriy esa saroylarga borishdan qochib, oddiy xalq orasida umr o‘tkazishni hush ko‘rardilar. U kishi Buxoro yaqinida bir rabot qurdirdi. Buni eshitgan xalq, bu savobli ishda ko‘makchi bo‘lish uchun sel kabi yog‘ilib keldi. Muhaddislar peshvosi bunga kifoyalanmay, o‘zlari yeng shimarib, ustalarga g‘isht tashib berib turdi.

Imom al-Buxoriy ilmni, adolatni juda-juda sevar va qadrlardi. Bugungi avlodga bebaho boylik sifatida yozib qoldirgan asarlari “Jome’us-sahih” kitobiga bunday baho bergandilar: “Uni o‘zim bilan Alloh azza va jallaning orasida hujjat qildim”. Na qadar buyuk xizmat va oltin satrlar...

 

Shodiyor MUTAHAROV,

O‘zbekiston xalqaro islom akdemiyasi mustaqil tadqiqotchisi

Manba: “Ishonch” gazetasi 2021-yil 23-fevral 25-son 4-bet.


Print   Email