Ilmga e’tibor — kelajakka e’tibor

Ilmga e’tibor — kelajakka e’tibor

Yer yuzi bir dasht-u sahro bo‘lsa, gulzori ilm,

Sahnai olamni bo‘lmoqda namudori ilm.

Ilm-u fan birla qurollanmoqda sardori ilm,

Ilm o‘qi, hech bir jonga yetkurmaydi ozor ilm.

ORAZIY

Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng xalqimizning milliy va ma’naviy qadriyatlari tiklanish barobarida qo‘lyozma manbalarni o‘rganish, tadqiq etish ishlari amalga oshirila boshlandi. Allomalarimiz ilmiy merosining o‘rganilishi ma’naviyatimiz yuksalishiga ulkan hissa qo‘shdi.

Tarixdan ma’lumki, Markaziy Osiyo mintaqasi ilm-fan o‘chog‘i hisoblangan. Bir necha allomalar yurti hisoblangan ushbu hududda ikki bora renessans davri bo‘lib o‘tgan. Mamlakatimiz prezidenti Shavkat Mirziyoyev mustaqilligimizning 29-yilligiga bag‘ishlangan tadbirda yurtimizda uchinchi renessans davri boshlanganini ma’lum qildi. Nima uchun ushbu davrni uchinchi renessans deya nomlandi, degan savol tug‘iladi.

Barchamizga ma’lumki, Yangi O‘zbekiston davrida ilm-fanga e’tibor kuchaydi. Zotan, 2015-2016-yillar oralig‘ida O‘zbekistonning ilm-fan o‘chog‘i hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va uning tarkibidagi institutlar faoliyati tugatilish arafasida 2017-yil boshiga kelib, Davlatimiz rahbarining akademiklar va olimlar bilan o‘tkazilgan ilk yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va uning tarkibidagi bo‘lgan institutlar akademiya tarkibiga qaytarilishi haqida qaror imzolandi. Ikki yil avval akademiklikka saylov o‘tkazildi va 32 ta akademik saylandi. Ularning gonorarlari uch barobarga oshirildi. Shuningdek, yosh olimlarga bo‘lgan e’tibor kuchayishi natijasida “Prezident sovg‘asi” sifatida bir necha yosh olimlarga bepul uylar va imtiyozli ipoteka kreditlari ajratildi. Bu esa yoshlarning ilm-fan bilan yanada ko‘proq shug‘ullanishlariga olib keldi. Bundan tashqari, Toshkent islom universitetining O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi maqomiga ko‘tarilishi ham xorijiy oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari singari akademiya talabalari diplomi ham xalqaro maqomga ega bo‘ldi. Ijtimoiy-gumanitar sohalarda O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi va ushbu tashkilot faoliyati uchun maxsus bino qurilishi ilm-fanga bo‘lgan e’tiborning natijasidir.

Allomalarimiz ilmiy merosini o‘rganish nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham tadqiqot olib borayotgan yosh olimlarning yurtimizga tashrif buyurib, o‘z ilmiy faoliyatlarini ham olib borishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida qo‘lyozma manbalarni saqlash, tadqiq qilishni takomillashtirish borasida ham Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 24-mayda chiqarilgan “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ayni shu maqsadga yo‘naltirilgan. Bu masalaga katta e’tibor qaratilishining sababi kuchli demokratik davlat tuzish yo‘lidan borayotgan millatimiz uchun bu jarayonlarda o‘z tarixiy ildizlariga, boy ijobiy tajribasiga tayanish zaruratidir. Ushbu qaror ijrosi sifatida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodim va mutaxassislari tomonidan aholidan qo‘lyozma manbalarni yig‘ish, sotib olish, restavratsiya qilish, saqlash va tadqiq etish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Arxeografik ekspeditsiyalar natijasida aholimizga qo‘lyozmalarni saqlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi va ro‘yxati tuzildi. Ilm-fanda faoliyat olib boruvchi ilmiy xodimlari moliyaviy jihatdan qo‘llab quvvatlash borasida ham bir qancha ishlar amalga oshirildi, xususan ilmiy unvonga ega bo‘lgan xodimlar maoshlari ikki barobarga oshirildi. Davlatimiz rahbari tomonidan mustaqilligimizning 29 yilligi bayramida ziyolilar va olimlarni yuksak mukofotlar bilan taqdirlaganligi ham olimlarga bo‘lgan e’tiborni bildiradi. Olimlarning qo‘llab-quvvatlanishi davlat darajasiga ko‘tarilganligi ilmda yuksak marralarni egallashga ishtiyoq uyg‘otadi.

Prezidentimiz tomonidan hatto hududlarda muzeylar tashkil qilish, qishloq o‘quvchilariga o‘z tarixini eksponatlar yordamida o‘rganish imkonini yaratish uchun tarixiy yodgorliklardan iborat muzeylar tashkil qilish ishlarini yo‘lga qo‘yish bilan birga allomalarimiz nomlari ham abadiylashtirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taklifi va tashabbusi bilan To‘raqo‘rg‘on tumanida Ibrat muzeyi, Ibrat bog‘i va Namangan davlat universiteti qoshida xorijiy tillarni o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan Ibrat maktabi tashkil etildi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida atoqli ma’rifatparvar Is’hoqxon Ibrat nomidagi yodgorlik majmuasini tashkil etish to‘g‘risida”gi  2017-yil 13-apreldagi Qarori, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “To‘raqo‘rg‘on tumanida Is’hoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.

Shuningdek, Axsikent shahri tarixini o‘rganish borasida ham amaliy ishlarga kirishildi. 2017-yil 16-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida “Axsikent” arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va tadqiq etish yodgorlik majmuasini tashkil etish to‘g‘risida” Qarori qabul qilindi. Ushbu qaror asosida majmuani saqlash, uning ish faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida viloyat hokimligi muassisligida davlat unitar korxonasi shaklidagi “Axsikent” arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi tashkil etildi. Ushbu direksiya axsikentlik allomalarning ilmiy merosini o‘rganish bilan birga xorijda saqlanayotgan qo‘lyozma manbalaridan nusxa olib yurtimizga keltirish, allomalar ilmiy meroslarini bir necha tillarga tarjima qilib, nashr qilish ishlari ustida ish olib boradi. Hozirgi kunda bizlarga ma’lum bo‘lgan axsikentlik allomalar bir nechtani tashkil qilmoqda:

Ibrohim ibn Yusuf ibn Imomuddin Axsikatiy, Muhammad Yusuf ibn Imomuddin Axsikatiy, Mavlono Poyanda Oxun Axsikatiy, Sayfiddin Axsikatiy, Tojuddin Abu Bakr Axsikatiy Xo‘jandiy, Asiruddin Axsikatiy, Abul Vafo Axsikatiy, Abul Qosim Mahmud ibn Muhammad So‘fiy Axsikatiy, Muhammad ibn Umar Husomuddin Axsikatiy shular jumlasidandir.

O‘zim ham Axsikentlik allomalar ilmiy merosini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishim tufayli Muhammad ibn Umar Husomuddin Axsikatiyning usul al-fiqh ilmida yozgan “Muntaxab al-Husomiy” asarining Farg‘ona fiqh maktabida tutgan o‘rnini ilmiy ishimga mavzu qilib tanladim.

Allomaning to‘liq ismi Imom Muhammad ibn Muhammad ibn Umar Husomuddin al-Axsikatiy bo‘lib, Abu Abdulloh kunyasi bilan mashhur. Husomuddin al-Axsikatiyning vafoti manbalarda turlicha keladi. Ayrim manbalarda allomaning vafoti 624/1227 yil deya ko‘rsatilsa, yana boshqa manbalarda 644/1247 yil deya keltiriladi. Alloma  Movarounnahrda ilm-fan  taraqqiyoti yuksaklikka ko‘tarilgan bir davrda yashagan. Alloma Husomuddin al-Axsikatiy haqida Ibn Qutlubg‘o o‘zining “Toj at-Tarojim” nomli asarida shunday deyiladi: “U fozil shayx, furu’ va usul ilmlarining imomidir”. U haqda boshqa olimlar ham ijobiy fikrlar keltirganlar. Bizga Axsikatiyning sanoqli asarlari yetib kelgan bo‘lib, “Al-Muxtasar fi usul al-fiqh” (“Fiqh ilmi asoslari haqidagi qisqartma”) (“al-Muntahab fi usul al-Hanafiya” yoki “Muntahab al-Husomiy” nomi bilan ham mashhur) asari mashhurdir. Undan tashqari “Miftah al-usul” (“Fiqh ilmi asoslari kaliti”), “Gʻoyat at-tahqiq” (“Izlanish cho‘qqisi”), “Daqoiq al-usul vat-tabyin” (“Manbalardagi aniqlik va anglatish”) asarlari ham bizgacha yetib kelgan.

Husomuddin al-Axsikatiy turli ilmlarni egallagan ma’rifatli inson, usul olimi, faqih va mutakallim bo‘lgan. Bugungi kunda alloma qalamiga mansub asarlardan ikkitasi, jumladan, “Tahqiq al-Husomiy” (“Husomiy dalillari”) va “Muxtasar al-Husomiy” (“Husomiy qisqartmalari”) O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalari xazinasida saqlanadi. Bundan tashqari “Muxtasar al-Husomiy” asarining qo‘lyozmalari turli Gʻarb va Sharq mamlakatlaridagi fondlarda ham mavjud. Allomaning ilmiy merosi haqida qancha gapirsak, shuncha kam. Bugungi kundagi ilmga berilgan yuksak e’tibor va ilmiy ish qilish uchun yaratilgan qulay sharoitlar biz yoshlarga umrimizni allomalarimiz ilmiy merosini o‘rganish, tadqiq qilish va nashr qilishga sarflashga undaydi.

Dildora NISHANOVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti.


Print   Email