Ilm-fan — Uchinchi Renessans poydevori

Ilm-fan — Uchinchi Renessans poydevori

Aks sado

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-yanvar kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi jarayonini ko‘zdan kechirar ekan, mazkur muassasa oldiga qo‘yilgan vazifalar haqida so‘z yuritib, u ilm-fan taraqqiyoti tarixini ifoda etishi, aniqrog‘i, mamlakatimizda ro‘y beradigan Uchinchi Renessansga ilmiy fundament yaratishi lozimligini ta’kidladi.

Hech shubha yo‘qki, islom dini Makkai mukarramada “tug‘ilgan”, Madinai munavvara uning beshigi vazifasini o‘tagan bo‘lsa, ko‘hna Movarounnahr muqaddas dinimiz ta’limotini ilmiy quvvatlantirgan zamindir. Sahobai kiromlar va tobeinlarni hisobga olmaganda, islom ilmlarining aksariyat ulamo-ustunlari bizning zaminimizdan yetishib chiqqan.

Aytadilarki, Imom Buxoriydek yoki Imom Moturidiydek allomalar hayotga bir marta keladi. Movarounnahr zamini dunyoga hali-hamon yuksak aql-zakovat va chuqur tafakkur egalarini taqdim etishga qodir. Imom Buxoriyning quvvai hofizasi yoxud Imom Moturidiyning mantiqiy falsafasi singari sifatlarga ega yurtdoshlarimiz bugun ham mavjud ekaniga barchamiz qat’iy ishonamiz.

Ta’kidlanganidek, islomning yirik ulamolari aynan Movarounnahrdan yetishib chiqqan. Olti buyuk muhaddisning to‘rt nafari vatandoshimizdir. Binobarin, mana shunday ulug‘ ajdodlari bo‘lgan xalq bugun hech bir mubolag‘asiz uchinchi Renessansni yaratishga haqli. Nafaqat haqli, balki bunday buyuk maqsadni belgilash uchun ota-bobolar xotirasi oldida burchlidir.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy ilmiy-tadqiqot markazlari, Xalqaro islom akademiyasi, Hadis ilmi maktabi ochilgani bu yo‘ldagi g‘oyat muhim qadamlar bo‘ldi. Poytaxtimizda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qad rostlayotgani esa bu boradagi ishlarni yangi darajaga ko‘tardi. Ya’ni yangi O‘zbekiston Uchinchi Renessans uchun ilmiy-ma’naviy poydevorni mukammal asosda, kompleks tarzda mustahkamladi, deyish uchun bugun barcha asoslar mavjud. Bu muassasalarning hammasi va har biri belgilangan ezgu buyuk maqsad yo‘lida bor ilmiy salohiyatini safarbar etib, jo‘shqin faoliyatga kirishib ketdi.

Markaz tomonidan shu choqqacha 7 ta xalqaro konferensiya va 14 ta onlayn seminar tashkil etildi. Markazning ilmiy xodimlari yurtimizda va xorijda bo‘layotgan ilmiy anjumanlarda faol ishtirok etib, forum qatnashchilari bilan alohida tadbirlar o‘tkazishni an’anaga aylantirmoqda. Jumladan, Buyuk Britaniyada o‘tgan xalqaro ijtimoiy fanlar festivali doirasida Lester universiteti bilan hamkorlikda O‘zbekistonning madaniy va tarixiy merosini targ‘ib qilish, islom dinining insonparvarlik tamoyillarini ochib berish maqsadida “Sahihul Buxoriy” asari asosida “Buxoriy: islom san’ati” xalqaro onlayn ko‘rgazmasi tashkil qilindi.

Bunday sa’y-harakatlar xorijda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatiga qiziqishni orttirmoqda. Masalan, Turkiyaning Marmara universiteti bilan o‘tkazilgan “Sahihul Buxoriy”ning Turkiya fondlarida saqlanayotgan nusxalari va buxoriyxonlik” mavzuidagi seminar Misrdagi “Al-xabar al-yavm” axborot saytida “Imom Buxoriy tavalludi munosabati bilan O‘zbekistonda onlayn-seminar bo‘lib o‘tdi” sarlavhasi bilan yoritildi.

Alloma ajdodlarimiz barcha foydali – diniy va dunyoviy ilmlar ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgani jahonda e’tirof etilgan. Bugungi ilm-fanda “Al” bilan boshlanuvchi atama borki, barchasi arab tiliga ishora qiladi. Ularni yaratganlarning aksariyati esa Movarounnahrda tavallud topgan. “Algebra” va “algoritm” so‘zlarining o‘zi ko‘p narsadan darak beradi.

Insoniyat tarixidagi ilk ilm-fan markazlaridan biri – Ma’mun akademiyasi ham o‘zining shon-shavkati, yuksak ilmiy salohiyati uchun Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino kabi allomalarimiz oldida qarzdor. Mirzo Ulug‘bek tadqiqotlaridan foydalanayotgani ilmi nujum ahli ham hali-hanuz mana shu bobomiz oldidagi qarzini uza olgani yo‘q.

Bularning barchasi bugungi avlodga faxr va g‘urur bag‘ishlaydi. To‘g‘ri, biz bunga haqlimiz. Lekin Prezidentimiz aytganidek, faqat faxr va g‘urur bilan cheklanib qolmaslik kerak. Ajdodlarning boy merosini chuqur o‘rganish, keng targ‘ib qilish, eng muhimi, ularga har tomonlama munosib bo‘lish lozim. Munosib bo‘lish mas’uliyati keng qamrovli vazifa va burchlarni keltirib chiqaradi. Ya’ni o‘rganish va targ‘ib etish barobarida yangi ilmiy kashfiyotlar qilish, ilm-fanning mutlaqo yangi dovonlarini zabt etish, jahonda ulug‘ ajdodlarimiz kabi buyuk iqtidor va iste’dod orqali nom qozonish zarur.

Davlatimiz rahbari Uchinchi Renessansning poydevori ilm-fan bo‘lishini ta’kidlaganida aynan mana shunday ulug‘ maqsadlarni nazarda tutganini bugun har bir yurtdoshimiz qalban his qilishi, o‘ziga shunga mos vazifa, majburiyat va mas’uliyatni belgilab olishi lozim.

 

Shovosil ZIYODOV,

 

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

 

Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi.

 

 


Print   Email