Har qarich tuprog‘i muqaddas zamin

Har qarich tuprog‘i muqaddas zamin

Qadriyat

Ko‘hna Movarounnahr ham dunyoviy, ham diniy ilmlarda yuksak cho‘qqilarni zabt etgan yuzlab zabardast allomalar yetishib chiqqan zamin. Afsuski, Chor Rossiyasi, undan keyin sho‘rolar saltanatining iskanjasida qolgan xalqimiz bir yarim asr davomida ulug‘ ajdodlar merosidan mosuvo bo‘lib qoldi.

Istiqlolgacha xalqimiz faqat dunyoviy ilmlarda bemisl g‘ayrat-shijoat ko‘rsatgan allomalarimizni tanir, ular haqida ozmi-ko‘pmi tasavvurga ega edi. Oyni etak bilan yopib bo‘lmaganidek, ularning tadqiqot va kashfiyotlarini inkor etishning yoki maxfiy tutishning imkoni yo‘qligi sababligina shunday bo‘ldi. Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” yoki Mirzo Ulug‘bekning “Ziji Ko‘ragoniy” asari avval ruscha nashr etilgani, keyin noiloj o‘zbek tiliga o‘girilgani shundan dalolat beradi.

Ilmiy merosga bunday yondashuv xalqni yupatib, oz-oz xo‘rak bilan aldashga urinishdan boshqa narsa emas. Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asari o‘zbek tiliga tarjima qilinmagani, rus tilidagi nusxasi yurtimizda sotuvga chiqarilmaganini boshqacha izohlash mumkin emas.

Ayniqsa, keyingi yillarda ma’naviy-ma’rifiy merosimizni tiklash, o‘rganish, hayotimizga tatbiq etish va dunyoga targ‘ib qilishga davlat e’tibori kuchaydi.

Insonning ma’naviy dunyosini boyitmay turib, ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmasligi tarixdan barchaga yaxshi ma’lum. Zero, dunyoviy ilmlarni puxta egallagan, lekin insoniy fazilatlarga ega bo‘lmagan kishi bashariyat tamaddunini xayoldan faromush qilib, o‘z qobig‘idagi tor manfaatlarga chalg‘ib qolishi mumkin.

Shuni inobatga olgan holda, davlatimiz rahbari yangi-yangi kasb-hunar va bilimlarni o‘rgatadigan ta’lim muassasalarini, xorijdagi nufuzli akademiya, universitet va institutlarning filiallarini ochish bilan birga, boy ma’naviy-ma’rifiy merosimizni tadqiq etib, keng afkor ommaga yetkazadigan markazlarni ta’sis etmoqda, ulug‘ ajdodlarimiz qo‘nim topgan muqaddas qadamjolarni tiklab, atrofini obodonlashtirmoqda.

Ochiq e’tirof etish kerakki, xalqimiz Buxoriy, Moturidiy, Termiziy nomlarini eshitgan, lekin ularning hayoti va ilmiy jasoratidan mutlaqo bexabar edi. Dunyo musulmonlarining aksar qismi e’zozlab ulug‘laydigan, nomlarini chuqur hurmat bilan tilga oladigan allomalar o‘z ona Vatanida e’tibordan chetda qolib kelayotgan edi.

Endilikda yangi tashkil etilgan ilmiy markazlar shu buyuk merosni yangidan kashf qilib, teleradio va matbuot orqali, risola va kitoblar bilan jamoatchilikka yetkazmoqda. “Imom Buxoriy saboqlari” dasturi an’anaga aylandi, Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy”, Moturidiyning shoh asari — “Ta’vilot al-Qur’on” ilk bor o‘zbek tiliga o‘girildi va nashr qilindi.

Shunday xayrli ishlarning samarasi o‘laroq, bugun “Hadis ilmida Amirul mo‘minin” kimu “Imomul hudo” kim ekanini, ular qanday xizmatlari uchun milliarddan ziyod inson oldida shunday yuksak martabaga ko‘tarilib turganini bilamiz.

Bu yo‘nalishdagi ishlar mantiqan bir-biriga bog‘lanib, uzviy silsilani hosil qilib bormoqda. Davlatimiz rahbarining bu borada belgilagan yo‘li o‘z vaqtida odillik va oqillik bilan tanlanganini hayotning o‘zi tasdiqlamoqda.

Namangan viloyati Chortoq tumanidagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi ham uzoq yillar davomida qarovsiz qolgan, atrofi ko‘rimsiz chakalakzor edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu maskanni obod qilish, ziyoratchilar uchun zarur shart-sharoit yaratish tashabbusini ilgari surganidan so‘ng katta hajmdagi qurilish-obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Hech qancha vaqt o‘tmay, kishi ko‘zini yashnatib, ko‘nglini ko‘taradigan, ruhiy xotirjamlik baxsh etib, yaxshilikka undaydigan moʻtabar ziyoratgoh barpo bo‘ldi.

Endilikda xalqimiz Sulton Uvays Qaraniyni ham yaqindan tanib, uning merosidan boxabar bo‘ladi. Manbalarda keltirilishicha, islom olamining tabarruk avliyolaridan biri sifatida e’tirof etib kelinadigan, tarixiy kitoblarda “Ikki jahon quyoshi”, “Yaman yulduzi”, deya ulug‘langan Sulton Uvays Qaraniy payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bilan zamondosh bo‘lgan. Payg‘ambarimiz o‘zlarining muborak chakmonlarini Qaraniyga meros qilib qoldirgan, sahobalarni uning duosini olishga chaqirganlar. Shundan ham uning martabasi naqadar ulug‘ ekanini anglash mumkin.

Ikkinchi hayotini boshlayotgan ziyoratgoh bugun tamomila o‘zgacha qiyofa kasb etgan. Maqbara butunlay qayta qurildi. 1 400 o‘ringa mo‘ljallangan masjid va tahoratxona, muzey va kutubxona, favvoralar, dam olish ayvonchalari va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etildi. Bir vaqtda qadamjodan janubiy tomondagi Hazratning onasi xoki qo‘yilgan “Bibi-Naima ona” ziyoratgohi ham to‘liq qayta qurildi.

Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohining ochilish marosimida ishtirok etgan olimlar, dinshunoslar, ulamolar, xorijlik tadqiqotchilar va yoshlar ham qisqa muddatda amalga oshirilgan ishlardan benihoya katta taassurot olganini ta’kidladi. Yaxshi niyat bilan majmuaga Namangan viloyatining yangi “tashrif qog‘ozi” deya ta’rif berildi.

Biz oldimizga baland va ulkan marralarni qo‘yganmiz. Mamlakatimizda “Uchinchi Renessans” poydevori yaratilmoqda. “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” g‘oyasi hayotimizning bosh mezoniga aylangan. Taraqqiyotni esa ilm-ma’rifatsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Shunday ekan, ajdodlarning boy merosi, yuksak ma’naviyat va yetuk ilm-u ma’rifat barchamiz uchun porloq istiqbolga boshlovchi yorqin va so‘nmas mayoq bo‘lib qolaveradi.

 

Shovosil ZIYODOV,

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi

2021-yil 3-mart, №44 (300)

 

 


Print   Email