Globallashuv sharoitida O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik

Globallashuv sharoitida O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik

16-noyabr – “Xalqaro bag‘rikenglik kuni”

O‘zbekiston – qadimdan turli millat va elat hamda konfessiya vakillari o‘zaro tinch-totuv yashab, o‘z diniy ibodat va rasm-rusumlarini emin-erkin bajarib kelgan bag‘rikeng diyor sifatida qadrlanadi. Ana shu jihatlarni e’tiborga olgan holda, yurtimizda faoliyat olib borayotgan barcha konfessiya vakillariga bir xilda e’tibor qaratilib kelinadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’kidlanganidek, “Jamiyatimizda diniy konfessiyalar o‘rtasida hamjihatlik va fuqarolar totuvligini mustahkamlashni biz bundan buyon ham eng dolzarb va ezgu vazifamiz deb bilamiz”.

1995-yil 16-noyabrda UNESCOning 28-sessiyasida qabul qilingan “Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi” dunyoda tinchlik va totuvlikni ta’minlash, inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligini kafolatlash, teng huquqlilik hamda o‘zaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjat qabul qilingan sana — 16-noyabr butun dunyoda Xalqaro bag‘rikenglik kuni sifatida keng nishonlanib kelmoqda.

Ko‘p millatli (polietnik) va xilma-xil diniy konfessiyali (polikonfessional) O‘zbekiston sharoitida milliy totuvlik va bag‘rikenglik o‘zaro do‘stona muhitni yanada yuksaltiradiki, bu jihat taraqqiyotning muhim omildir. Mamlakatimizda qo‘lga kiritilayotgan barcha muvaffaqiyatlar zamirida jamiyat barqarorligini mustahkamlash, milliy va diniy bag‘rikenglik muhitini qaror toptirishga qaratilayotgan e’tibor natijasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Harakatlar strategiyasida belgilangan konseptual vazifalar asosida milliy totuvlik va bag‘rikenglik g‘oyasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ushbu hududda millatlarning tadrijiy takomiliga, ularning ijtimoiy hayotda tutgan o‘rniga, turfa millatlar tafakkurida yagona fuqarolik mentalitetini yanada yuksaltirish masalalariga to‘xtalish, millatlar faoliyatini millatlararo munosabatlarning ijobiy rivojini ta’minlashga yo‘naltirish, buning uchun esa o‘rganilayotgan masalaning ijtimoiy-tarixiy mohiyatiga e’tibor qaratishga to‘g‘ri keladi.

Jamiyat hayotida tenglik va adolat g‘oyalarining ustuvor bo‘lishi va amaliyotda o‘z ifodasini topishi ko‘zlangan maqsadlarga erishishga, belgilangan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy mo‘ljallarning barcha uchun birdek qadr-qimmat kasb etishiga, fuqarolar o‘rtasida birdamlik va hamjihatlik, totuvlik, o‘zaro bir-birini tushunish va hurmat ruhi qaror topishiga zamin yaratadi. “Bag‘rikenglik tamoyillari Deklaratsiyasi”da ta’kidlanganidek, “Bag‘rikenglik bo‘lmasa, tinchlik bo‘lmaydi, tinchliksiz esa taraqqiyot va demokratiya bo‘lmaydi”.

Bag‘rikenglik (tolerantlik) tushunchasi o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra keng qamrovli tushuncha sifatida jamiyatning barcha sohalaridagi mavjud munosabatlarni qamrab oladi. Tolerantlik tafakkuri insonlarning turli iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, mafkuraviy, ma’naviy, ruhiy munosabatlarini ularning millati, irqi, nasl-nasabi, iqtisodiy ahvoli, dini va e’tiqodiga qaramasdan muvozanatda saqlash me’yorlarini anglatadi.

Diniy bag‘rikenglik esa turli din vakillari e’tiqodidagi mavjud aqidaviy farqlardan qat’i nazar ularning yonma-yon, o‘zaro tinch-totuv yashashi hamda har bir diniy ta’limotga hurmat bilan qarashni ifodalaydi.

2017-yil 19-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 72-sessiyasida yuksak minbardan turib, sessiya ishtirokchilariga “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyaning asosiy maqsadi – barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat ekanligi, ushbu rezolyutsiya bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur tashabbusi Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo 193 ta davlat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi va 2018-yil 12-dekabr kuni “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilindi. Ushbu “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiya dunyo jamoatchiligini bezovta qilayotgan terrorizm, ekstremizm, zo‘ravonlik, murosasizlik kabi bugungi kunning o‘tkir muammolariga yechim sifatida ilm-ma’rifat, o‘zgalarga adolatli va bag‘rikeng yondashuv hamda tinchlikparvar siyosatni targ‘ib qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur ishlar yuzasidan mamlakatimizda ko‘plab islohotlar o‘tkazildi. Jumladan,   2018-yil 16-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5416-sonli Farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Diniy-ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish axborot-tahlil markazi tashkil etildi.

2018-yil 31-mayda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatidan o‘tkazish va tugatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 409-son qarori qabul qilindi.

2018-yil 16-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Milliy madaniy markazlar hamkorligida “O‘zbekiston – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti” mavzusida konfessiyalar va millatlararo ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonda turli millat va elatlar, diniy konfessiya vakillari o‘rtasidagi ahil-inoqlik, hamjihatlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, tinchlik-osoyishtalik, barqarorlikni saqlash yo‘lida olib borilayotgan oqilona islohotlar, amaliy chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.

Yurtimizdagi millatlararo va konfessiyalararo do‘stlik va totuvlik, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, islohotlar samaradorligini oshirish, Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirishning muhim omili hisoblanadi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasi va qonunlarimizda O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari millati, tili va dinidan qat’i nazar teng huquq va erkinliklarga ega ekani mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lib, ularga o‘z milliy madaniyati, an’ana va urf-odatlarini saqlash va har tomonlama rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarning ta’minlanishi belgilab berilgan.

Xulosa qilib aytganda, bugungi tinchlik va taraqqiyotimiz ko‘p millatli O‘zbekiston jamiyatining bag‘rikengligi asosida jamiyatda totuvlikka asoslangan xalqparvar siyosat tantanasidan dalolatdir. Bag‘rikenglik o‘zbek xalqi ma’naviyati va madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Mazkur islohotlar madaniy taraqqiyotning asosiy poydevori bo‘lgan hamjihatlik, ijtimoiy barqarorlik, zaminimizda istiqomat qilib kelayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirishga xizmat qiladi.

Ibrohim NIGʻMATULLAYEV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabasi


Print   Email