Dunyo imomining mashhur ustozi

Dunyo imomining mashhur ustozi

Yurtimiz qadimdan ulug‘allomalari, olim-u fuzalolari bilan butun dunyoga dong taratgan. Dunyo ilm-fani taraqqiyotiga Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino qanchalik katta hissa qo‘shgan bo‘lsa, dinimiz ravnaqi yo‘lida Imom Baykandiy, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulamolarning xizmatlarini hech narsa bilan taqqoslab bo‘lmaydi.

Bular orasida, ayniqsa, hadis ilmiga katta hissa qo‘shgan ulamolarning hayoti va faoliyati bevosita Imom Baykandiy bilan bog‘liq, desak xato bo‘lmaydi. Chunki Imom Baykandiy dunyo imomi – Imom Buxoriyning ustozidir.

Movarounnahr muhaddislarining eng dastlabkilaridan biri Imom Baykandiy hisoblanadi. Uning ismi Muhammad ibn Salom ibn Faraj Buxoriy, Abu Abdulloh Baykandiydir. U hijriy 162, milodiy 769 yili Buxoroning Baykand (Poykand) shahrida tavallud topgan.

Baykandiy umrining dastlabki yillarida tijorat bilan shug‘ullangan. So‘ng hadis ilmini o‘rganishga rag‘bat qiladi. Ilm talabi yo‘lida Islom o‘lkalariga safar qiladi. U safarini Buxoroga qo‘shni Xorazmdan boshlaydi. U yerda Abdulkarim ibn Asvad Basriy va Mug‘iyra ibn Musodan ilm o‘rganadi.

Daryo orti mamlakatlarida barcha ilmlarni egallaganidan so‘ng u Islom olamining markazi – Bag‘dodga yo‘l oladi. U yerda Abu Ahvas Salom ibn Salim, Abu Ishoq Fazoriy, Sufyon ibn Uyayna va boshqa ulamolar suhbatida bo‘ladi.

Muhammad ibn Salom Hijozdan Misrga safar qilib, u yerda Ali ibn Ja’d, Hasan ibn Suvari va boshqalardan ilm o‘rgangan.

Ta’kidlash joizki, Ibn Salom ilm olishga juda haris bo‘lgan. Uning hayoti davomida qiziqarli voqealar ham sodir bo‘lib turgan. Jumladan, Imom Zahabiy “Tarixul Islom” kitobida yozishicha, Muhammad ibn Salom ilm majlislarining birida qalamini sindirib qo‘yadi va bir dinordan qalam sotib olishini aytib, jar soldiradi. Shunda unga qalamlar uchib keladi.

U o‘zi haqida bunday deydi: “Ilm olish yo‘lida qirq ming va uni tarqatish uchun yana qirq ming dinor sarfladim” (Ibn Safadiy. “Al-vofiy bil vafiyot”, 3/96).

Ibn Salom ilm olishga muhabbat bilan kirib keldi va unga bu yo‘lda mol-dunyoning qizig‘i bo‘lmadi. U bunday deydi: “Qirq yil mobaynida Baykandning bozorida o‘tirmadim”. Shu bilan birga, u Zahabiy aytganidek, molk-mulk egasi bo‘lgan kamtar inson edi (“Siyarul a’lom an-nubalo”,10/629).

Muhammad ibn Salom Baykandiy Islom olamida ishonchli muhaddis sifatida shuhrat qozondi. Uning huzuriga ilm toliblari ko‘p kelishdi va olimning ilmidan sipqorib, xulqidan ibrat olishdi.

Imom Baykandiy hijriy 225, milodiy 839 yilning dekabr oyida yakshanba kuni Misrda vafot etdi. Alloh rahmat qilsin.

Xulosa shuki, Muhammad ibn Salom Islom olamining ulug‘ maskanlarida bo‘ldi va zamonasining ko‘plab mashoyixlaridan dars oldi. Hatto, Zahabiy aytganidek, uning ustozlarining soni 400 nafargacha yetadi. U daryo orti mamlakatlaridan tortib Misrgacha bo‘lgan uzoq davom etgan dunyo bo‘ylab safarida ko‘plab hadislar to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.

Mansur O‘ROLOV,

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti

maxsus sirtqi bo‘limi 3-kurs talabasi

Manba: “O‘zA”.

 

 


Print   Email