Dabusiyning ilmiy jasorati

Dabusiyning ilmiy jasorati

Buyuk ajdodlarimiz

Qadimshunoslarning bildirishicha, Buxoro hanafiya mazhabi ilmiy markazining vujudga kelishi musulmon olamida ulug‘ alloma sanalgan Muhammad ibn Hasan Shayboniyning shogirdi, buyuk faqih Abu Hafs Kabir va u tarbiyalab yetishtirgan olimlar bilan bog‘liq bo‘lsa, Samarqand ilmiy markaziga asos solinishida Imom ad Dorimiy, Abu Mansur Moturidiy, Imom al Buxoriyning xizmatlari katta bo‘ldi.

Bu ikki ilmiy markazdan islom olamida mashhur bo‘lgan ko‘plab allomalar yetishib chiqqan. Ular ichidan Abu Hafs Kabir O‘rta Osiyoda fiqh ilmiga asos soldi, Imom Buxoriy hadis ilmining sultoni darajasiga yetdi, Abu Mansur Moturidiy kalom maktabini yaratdi, Burhoniddin Marg‘inoniy fiqh ilmining qonunlarini hujjatlashtirib berdi, Abu Bakr Kolobodiy tasavvufning ilmiy asoslarini ishlab chiqdi.

Shu davrda har ikki ilmiy markazning eng yaxshi an’analarini davom ettirgan ulug‘ allomalardan biri buyuk faqih, vatandoshimiz Abu Zayd Dabusiy bo‘ldi.

Uning nomi tarixiy asarlarda Abu Zayd Ubaydullo ibn Umar ibn Iso al-Qoziy ad-Dabusiy deb keltiriladi. Ismidagi Abu Zayd Ubaydullo allomaning kunyasi va nomini anglatsa, Dabusiy uning tug‘ilgan joyi ma’nosini bildiradi. Muarrixlar qadimiy bitiklarida u tug‘ilgan joy Dabusiyani goh qishloq, goh qal’a, goh shahar deb tilga oladilar. Abu Bakr Muhammad Narshaxiy “Buxoro tarixi” asarida: “Hali Buxoro shahri vujudga kelmagan, lekin qishloqlardan ba’zilari paydo bo‘lgan edi. Nur, Harqonrud, Vardona, Tarnovcha, Safna va Isvona o‘sha qishloqlar jumlasidandir. Podshoh turadigan katta qishloq Boykand edi. Dabusiy katta qal’a bo‘lib, shahar deb shuni atar edilar”, deb ma’lumot beradi.

Boshqa bir muarrix Iyso ibn Muso Abu Ahmad Buxoriy Gʻunjor “Buxoro tarixi” asarida “Dabusiya o‘z arkiga, shahristoni va rabotlariga ega, o‘nlab madrasalari mavjud ilm shahri edi”, deb yozadi. Haqiqatan ham, Samarqand va Buxoro shaharlari oralig‘ida, Paxtachi tumani hududida, Zarafshon daryosi sohilida joylashgan Dabusiyaning 160 gektardan oshiq xarobalari uning qadimda nihoyatda ulug‘vor shahar bo‘lganini ko‘rsatadi. Bo‘lg‘usi alloma ana shu shaharda hijriy 367, milodiy 978 yilda dunyoga keladi. Dastlabki ta’limni Dabusiyadagi ilm dargohlarida oladi. Keyin tahsilni Samarqand va Buxoro madrasalarida davom ettiradi. Fiqh ilmini mukammal o‘rganadi. Bu borada u ikki buyuk faqih — Abu Bakr Muhammad ibn Fazl Buxoriy va Abu Ja’far ibn Abdullo Ustrushoniy o‘ziga ustozlik qilganini alohida ehtirom bilan e’tirof etadi.

Abu Zayd Dabusiy islom olamida fiqh, usul, xilof, jadal va tasavvuf ilmlari bo‘yicha nihoyatda iqtidorli alloma sifatida ulug‘langan. U ilmning bu sohalarida ko‘plab asarlar yaratish bilan cheklanib qolmadi. Fanning yangi tarmoqlarini, yo‘nalishlarini kashf qildi, fiqh ilmini yanada yuksak darajaga ko‘tardi. Shuning uchun uning ilmiy iqtidori, salohiyati barcha davrlarda ko‘plab olimlar tomonidan tan olingan. Tarixchilarning “Vafoyot ul-a’yon”, “Toj ut-tarojim”, “Javohir ul-muziya”, “Favoid ul-bahiya” kabi asarlarida keltirilishicha, u har doim Buxoro, Samarqand, Dabusiya shaharlarida mashhur va taniqli olimlar bilan fanning turli sohalarida munozaralar o‘tkazgan, bu bahslarda g‘olib bo‘lgan.

Dabusiy fiqh sohasida ilmiy yo‘nalishdan tashqari amaliy faoliyat bilan ham shug‘ullangan. Buxoroda qozilik qilgan. Musulmon olamida mashhur bo‘lgan Buxoroning yetti qozisi (quzzoti sab’a)dan biri hisoblangan. Hanafiya mazhabidagi faqihlar Dabusiyni nafaqat quzzoti sab’aning vakili, balki uning raisi deb ulug‘laganlar. Shu sababli allomaning nomiga “al-Qoziy” nisbasi doimo qo‘shib aytilgan. Bu nom uning shaxsiga nisbatan ehtiromni bildirgan.

Allomaning o‘nta asari haqida ma’lumot yetib kelgan. Ularning aksariyati fiqh ilmiga — islom qonunshunosligiga bag‘ishlangan. Bular orasida “Ta’sis un-nazar” (“Qarashlarni asoslash”), “Taqvim ul-adilla” (“Dalillarni baholash”), “Kitob ul-asror fil-usul val-furu’” (“Fiqh ilmi asoslari va tarmoqlari sirlari haqida kitob”), “Al-amad ul-aqso” (“Eng olis maqsad”) asarlari alohida ajralib turadi. Ularning nodir qo‘lyozmalari dunyoning turli kutubxonalari xazinalarida saqlanib qolgan. Ulardan ikkitasi — “Ta’sis un-nazar” va “Taqvim ul-adilla” bugungi kunda mukammal holda nashr qilingan. Qolgan ikki asarining ayrim qismlari chop etilgan.

Bulardan tashqari, allomaning “Xizonat al-hudo” (“Hidoyat xazinasi”), “Sharh “Al-Jomi’ al-Kabiyr” (“Jomi’ al-kabir”ning sharhi”), “Al-anvor fi usul il-fiqh” (“Fiqh asoslarini ochuvchi nurlar”), “An-nuzum fil-fatovo” (“Fatvolardagi tartib-qoidalar”), “Tajnis ud-Dabusiy” (“Dabusiyning tartib va tasnifi”), “At-ta’liqa” (“Hoshiya”) kabi asarlari nomlari turli manbalarda ko‘rsatilgan, lekin qo‘lyozmalari shu paytgacha topilmagan. Shu bilan birga, uning munozara va tasavvuf ilmiga oid asarlari bo‘lganligi haqida ham ma’lumotlar bor. Ammo hozircha bu asarlarning nomi ham, o‘zi ham mavjud emas. Shunga qaramay, mavjud asarlarning o‘zi allomaning ilm-fan olamidagi nufuzi yuksak bo‘lganidan dalolat beradi.

Abu Zayd Dabusiy O‘rta Osiyo faqihlari orasida o‘ziga xos yangi ilmiy asoslari va teran falsafiy tafakkuri bilan shuhrat qozongan alloma hisoblanadi. U asarlari orqali fanning usul ul-fiqh (huquqshunoslik asoslari), ilm ul-xilof (qiyosiy huquqshunoslik), furu’ ul-fiqh (huquqshunoslik tarmoqlari) va tasavvuf ilmi sohalarida katta yangiliklar yaratdi. Alloma “Ta’sis un-nazar” (“Qarashlarni asoslash”) asarida huquqshunoslikning o‘ziga qadar o‘rganilmagan “ilm ul-xilof” (qiyosiy huquqshunoslik) deb atalgan qismi xususida so‘z yuritadi. U asarida bir huquqiy masala yoki muammoni o‘rtaga tashlaydi. Uni hal qilishda faqihlar turli fikrlar, g‘oyalarga asoslanganini ko‘rsatib beradi. Natijada bir huquqiy muammoni hal qilishda ko‘plab faqihlar, turli fiqhiy maktablar vakillari, har xil mazhablar allomalari o‘rtasida bir-biridan farq qiluvchi qarashlar, ixtiloflar yuzaga kelganini aniqlaydi.

Alloma ixtilofli masalalarni 8 qismga ajratadi. Fiqhiy masalalar yuzasidan kelib chiqqan ixtiloflarni, qarama-qarshiliklarni 84 ta umumiy qoida asosida tartibga soladi. Har bir qoidani amaliy masalalar bilan izohlaydi. Boshqacha aytganda, u ilm ul-xilof(qiyosiy huquqshunoslik)ning ilmiy nazariyasini ishlab chiqdi va bu fanning asoschisiga aylandi. Abu Zayd Dabusiydan keyin fiqh sohasida xilof ilmidan allomalar nihoyatda ko‘p foydalangan. Buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniy “Hidoya” asarini yaratishda uni o‘ziga asos qilib olganini ehtirom bilan yozadi. Qiyosiy huquqshunoslik dunyo ilmida XX asrning ikkinchi yarmiga kelganda, alohida fan sifatida rivoj topdi. Bularning bari vatandoshimiz bo‘lgan ulug‘ allomaning ming yillar ilgari yaratgan ilmiy nazariyasining hayotbaxshligini ko‘rsatadi.

Uning fiqh ilmidagi yana bir muhim kashfiyoti “usul ul-fiqh” (huquqshunoslik asoslari) sohasida ishlab chiqqan yangi ilmiy yo‘nalish bilan bog‘liq edi. Shariatda qonunlar islomning asosi bo‘lgan Qur’oni karim, hadislar, fatvolar va boshqa manbalardan mantiqiy hukmlar chiqarib olish natijasida belgilangan. Bu fiqh ilmida naqliy rivoyatlar asosida hukm chiqarish deb atalgan. Usul ilmi ana shunday hukmlar chiqarish uchun asos, metod vazifasini bajargan. Abu Zayd Dabusiy esa hukm chiqarishda naqliy rivoyatlar bilan birga, aqliy rivoyatlardan ham foydalanish yo‘llarini yaratgan. Ya’ni har bir hukmni islomiy manbalardan tashqari hayotda ro‘y bergan voqea-hodisalar, muammolar mohiyatini chuqur o‘rganish, tahlil qilish orqali chiqarishga erishgan. Bu usul ilmini, huquqshunoslik asoslarini boyitishga, uni yangilashga, islom qonunlarini esa hayotiy asosda mukammallashtirishga xizmat qilgan.

Shu bilan birga, alloma fiqh ilmiga qiyos usulini, qonunlarni va qonunlar uchun asos bo‘lgan voqeliklarni qiyosiy o‘rganish jarayonini ham olib kirdi. Natijada ilm ul-xilof (qiyosiy huquqshunoslik)ni usul ul-fiqh (huquqshunoslik asoslari)ning bir qismi deb belgiladi. “Taqvim ul-adilla” asarida qiyos usulining imkoniyatlarini, unga oid barcha muhim va murakkab atamalar, qonun-qoidalarni izohlab berdi. Allomaning bu ilmiy fikri nafaqat usul ilmi rivojida tub burilish yasadi, balki o‘z davri uchun ilmiy jasorat ham edi.

Shu bois, arab allomasi Ibn Xaldun: “Hanafiy imomlaridan Abu Zayd Dabusiy qiyos bo‘yicha barchadan ko‘ra, keng ko‘lamli asarlar yaratdi, bu ilmga tegishli bo‘lgan barcha bahs-munozaralarga yakun yasadi. Shu yo‘sinda usul ul-fiqh ilmi mukammal darajaga ko‘tarildi, unga tegishli masalalar yechimini topdi, qoidalar tartibga keltirildi. Alloma musulmon olamida fiqh ilmi peshqadamlaridan biriga aylandi”, deb yozgan edi.

Keyingi davr allomalarining barchasi Dabusiyning usul ilmidan foydalangan holda asarlar yaratdilar. XX asr tadqiqotchisi Brokkelmanning fikricha, endilikda dunyo huquqshunosligi rivoji asosida ham alloma kashf etgan usul ilmi qoidalari muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Davrlar o‘tishi bilan islom dinida turli firqalar, mazhablar yuzaga kelgan. Ular vakillarining qarashlarida har xilliklar, hatto o‘zaro ziddiyatlar, ixtiloflar paydo bo‘lgan. Jumladan, islomiy ilmlar — hadis, kalom, tafsir, usul ul-xilof, usul ul-fiqh va boshqa shu kabi sohalarda yaratilgan asarlarga firqalar, mazhablar nuqtai nazaridan baho berilgan. Ya’ni biror alloma hanafiya mazhabi vakili bo‘lsa, uning asari hanafiylar tomonidan ulug‘langan, shofi’ylar, molikiylar tomonidan esa tan olinmagan yoki bu asar tanqid qilingan.

Islom olamida kamdan-kam allomalarning asarlari barcha mazhablar vakillari e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Ana shulardan biri Abu Zayd Dabusiy edi. Alloma merosining tadqiqotchilari uning asarlari barcha mazhab vakillari uchun doimiy qo‘llanma vazifasini o‘taganini ta’kidlaydilar. Xususan, shofi’iy mazhabi vakili alloma Abdulkarim as-Sam’oniy Dabusiyni o‘ziga ustoz deb qaraydi. Uning “Taqvim ul-adilla” asaridan foydalanib, “Qavoti’ ul-adilla” (“Qat’iy dalillar”) asarini yaratadi.

Allomaning “Kitob ul-asror filusul val-furu’” asari Ispaniyaning Andalusiya hududlarigacha yetib borgan, andalusiyalik tasavvuf olimi Ibn al-Arabiy Bag‘dod shahriga kelib, Dabusiyning asarlaridan nusxa ko‘chirib, Shimoliy Afrika — Mag‘rib mamlakatlariga olib borib tarqatgani uning islom olamida mashhurligidan dalolat beradi. Yoxud arab faylasufi Ibn Rushd asarlarida Dabusiyning ilmiy g‘oyalari ta’siri yaqqol namoyon bo‘ladi. Uning asarlari deyarli barcha mazhablar vakillari tomonidan sharhlangan. Bularning bari ulug‘ ajdodimizning musulmon dunyosida alloma sifatidagi nufuzini ko‘rsatadi.

Tarixiy bitiklarda buyuk allomaning 1039 yilda hayotdan ko‘z yumgani va Buxoroda imom Abu Bakr Tarxon maqbarasi yaqinida dafn etilgani haqida ma’lumot beriladi. O‘sha davrda allomaning vafoti ilm ahli o‘rtasida nihoyatda katta yo‘qotish deb baholangan. Tadqiqotchi Xalil al-Malisning yozishicha, Abu Zayd Dabusiyning “Taqvim ul-adilla” asari qo‘lyozmalaridan birining hoshiyasida alloma vafoti munosabati bilan Abu Ali ibn Sinoning unga bag‘ishlab bitgan marsiyasi saqlanib qolgan, deyiladi. Arab tilida bitilgan mazkur marsiyada: “Agar butun koinot ko‘ksini yirtib, qo‘llari bilan yuziga urib, qon yig‘lab motam tutgan kishidek tasavvur qilinsa ham Qozi Abu Zaydga munosib aza tutish haqqi ado qilinmagan bo‘lardi”, degan fikr bildirilgan.

Ammo bu ma’lumotda biroz soxtalik bor. Ibn Sino 1037 yilda vafot etgan. Abu Zayd Dabusiy esa 1039 yilda hayotdan ko‘z yumgan. Demak, bu marsiyani Ibn Sinoga nisbat berib bo‘lmaydi. Lekin bu marsiyada allomaga bunday yuksak ehtiromning ifodalanishi ulug‘ vatandoshimiz, fiqh ilmining sultoni Abu Zayd Dabusiyning ilm-fan olamidagi xizmatlari beqiyos ekanini ko‘rsatadi. Uning ilmiy merosini tadqiq etish, o‘rganish, alloma xotirasini abadiylashtirish kelgusi avlodlar uchun ham qarz, ham farz hisoblanadi.

Kamol MATYOQUBOV


Print   Email