Buxoriy taratayotgan ma’rifat nuri xalqimiz ko‘nglini ravshan qiladi

Buxoriy taratayotgan ma’rifat nuri xalqimiz ko‘nglini ravshan qiladi

2020-yil insoniyat uchun haqiqiy sinov davri bo‘ldi. Ancha vaqtdan buyon olg‘a qadam bosib kelayotgan bashariyat qaydadir sustlashdi, qaydadir to‘xtadi, qaydadir ortga ham qarab ketdi. Koronavirus ayrimlarga yaqinini yo‘qotish musibatini keltirgan bo‘lsa, butun dunyoga hisob-kitobini hali-beri ado qilib bo‘lmaydigan tashvish va zarar olib keldi. Karantin choralari turizm, sanoatning qator tarmoqlari, ko‘ngilochar maskanlar biznesi kabi ko‘plab sohalarni keskin oqsatdi. Koronavirus ta’sirida faqat iqtisodiyot emas, ijtimoiy sohada ham muammolar yuzaga keldi. Hattoki, eng rivojlangan davlatlarning ham bunday ofatga tayyor emasligi yaqqol ko‘rinib qoldi.

Shukrki, O‘zbekistonda o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar, qabul qilingan muhim qarorlar tufayli kasallikning tarqalish sur’ati xorijiy mamlakatlardagi ko‘rsatkichlarga nisbatan past bo‘ldi, iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlik mustahkamligi saqlab qolindi.

Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, “Buyuk ajdodimiz Imom Moturidiy hazratlarining “Tiriklik hikmatini sog‘liqda deb bilgin”, degan chuqur ma’noli so‘zlari naqadar to‘g‘ri ekanini hayotning o‘zi bugun qayta-qayta isbotlamoqda”. O‘zbekistonda inson salomatligini muhofaza qilish uchun pandemiya tufayli karantin choralari joriy qilindi. Ayni paytda karantin sababli iqtisodiyot susayishi va ijtimoiy hayotdagi faollik oqsashining oldi olindi. Eng yorqin misollarni keltiradigan bo‘lsak, shifo maskanlari va boshqa muassasalarda zudlik bilan shakllantirilgan karantin zonalari kasallanganlarni tezkor davolash, yuqori saviyada tashkil qilingan onlayn darslar barcha bo‘g‘indagi ta’limni izchil davom ettirish imkonini berdi. Karantin sharoitida odamlarning turmush darajasi tushib ketmasligi uchun ishbilarmonlarga imtiyozlar belgilandi, soliq va boshqa to‘lovlarga preferensiyalar joriy etildi, ko‘plab muhim qaror va choralar qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi pandemiyaning dastlabki davrida yurtimizdagi barcha muassasalar qatori karantin sharoitida faoliyat ko‘rsatganiga qaramay, zamonaviy texnologiyalardan keng foydalangan holda yangi muhitga imkon qadar tez moslashish choralarini ko‘rdi. Natijada 2020-yilning mart oyidan keyingi davrda ham markazda ilmiy faoliyat va xorijiy aloqalar to‘xtab qolmadi. Mo‘ljallangan barcha ishlar onlayn amalga oshirildi.

Umuman, davlatimiz rahbarining 2019-yil 11-yanvardagi tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar asosida markazda buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish, keng targ‘ib etish, nufuzli xalqaro markazlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tizimli ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Qiyos uchun umumiy ko‘rsatkichlar va pandemiya davridagi tadbirlarni keltirib o‘tish o‘rinli bo‘ladi. Xususan, xalqaro hamkorlik yo‘nalishini oladigan bo‘lsak, shu choqqacha markazda yetti xalqaro konferensiya va o‘n to‘rta onlayn seminar tashkil etildi.

Videokonferensiya shaklidagi ana shunday anjumanlarning bevosita pandemiya davrida o‘tkazilganiga e’tibor qarataylik. Anqara Yildirim Boyazid universiteti bilan “Hadislarning yozma manbalari: Imom Buxoriyning ustozi Humayd ibn Zanjuyaning “Kitob ut-targ‘ib” asari misolida”, Anqara ijtimoiy fanlar universiteti bilan “Imom Moturidiyga ko‘ra tavhid tushunchasi: “Movarounnahr (Xuroson)da botiniylik”, Karabuk universiteti bilan “Hanafiy mazhabining Movarounnahrga kirib kelishi”, Qozog‘istondagi Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro universitet bilan “Ahmad Yassaviyning falsafiy qarashlari”, Turkiyaning Ilmni qo‘llab-quvvatlash assosiatsiyasi, Usmonli ilmlar akademiyasi bilan birgalikda “Movarounnahrda ilmiy hayot”, Marmara universiteti bilan “Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” asarining manbalari”, Malayziya islom sivilizatsiyasi instituti bilan “O‘rta asrlarda islomda ta’lim tizimi”, al-Azharning Islom tadqiqotlari majmuasi bilan “Movarounnahrdan yetishib chiqqan allomalarning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzularida onlayn seminarlar tashkil qilindi.

Ayni paytda tadqiqotchi va olimlarning ilmiy aloqalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi olimlari bilan Turkiyaning Marmara universiteti, Malayziya islomni anglash instituti, Turkiyaning islom tafakkuri instituti vakillari o‘rtasida onlayn muloqotlar o‘tkazildi.

Xorijdagi taniqli ilm odamlari bilan alohida uchrashuvlar uyushtirish o‘zaro tajriba almashish, ilmiy salohiyatni yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuni inobatga olgan holda, markaz tomonidan naqshbandiylik va tasavvuf ilmlari bo‘yicha taniqli olim, Turkiyaning Marmara universiteti professori Nejdat Tosun ishtirokida naqshbandiya asarlari va ularning Turkiyadagi tarjimalariga, AQSHning Indiana universiteti bibliograf-professori, doktor Akram Habibullayev bilan islomshunoslik tadqiqotlari uchun manbalar va bibliografik qo‘llanmalarga, Qur’on, tafsir ilmlari bo‘yicha taniqli olim, moturidiyshunos, Turkiyaning Fotih Sulton Mehmet universiteti doktori Ahmad Damanhuriy ishtirokida ilmiy seminar tashkil etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi yurtimizda va xorijda bo‘layotgan ilmiy anjumanlarda faol ishtirok etib, ayrim forum qatnashchilari bilan alohida tadbirlar o‘tkazishni an’anaga aylantirmoqda. Jumladan, 3-4 mart kunlari Samarqandda o‘tkazilgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida taniqli moturidiyshunos olim, “Ta’vilot al Qur’on” asarining turk tiliga tarjimoni, Marmara universiteti professori Yusuf Shavqiy Yavuz bilan Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” asari tarjimasi va tahriri bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish maqsadida ilmiy seminar tashkil qilindi.

Buyuk Britaniyada o‘tgan xalqaro ijtimoiy fanlar festivali doirasida Lester universiteti bilan hamkorlikda O‘zbekistonning madaniy va tarixiy merosini targ‘ib qilish, islom dinining insonparvarlik tamoyillarini ochib berish maqsadida “Sahih ul-Buxoriy” asari asosida “Buxoriy: islom san’ati xalqaro onlayn ko‘rgazmasi” tashkil qilindi.

Markaz xodimlari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Ozarbayjon ilohiyot instituti hamkorligida o‘tkazilgan “Diniy bag‘rikenglik davlat va jamiyat rivojlanishining muhim omili” mavzusidagi onlayn video konferensiyada ishtirok etdi.

Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Malayziyaning Islomni anglash instituti hamkorligida o‘tkazilgan diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ilmiy-tadqiqot masalalariga bag‘ishlangan onlayn muloqotda qatnashdi. Yana bir e’tiborli tomoni shundaki, ushbu tadbir yakunida Malayziyaning Islomni anglash instituti bilan o‘zaro hamkorlikka oid memorandum imzolandi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatiga xorijda qiziqish ortayotganini alohida ta’kidlash joiz. Masalan, Turkiyaning Marmara universiteti bilan o‘tkazilgan “Sahih ul-Buxoriyning Turkiya fondlarida saqlanayotgan nusxalari va buxoriyxonlik” mavzusidagi seminar Misrdagi “Al-xabar ul-yavm” axborot saytida “Imom Buxoriy tavalludi munosabati bilan O‘zbekistonda onlayn-seminar bo‘lib o‘tdi” sarlavhasi bilan yoritildi.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasining Bulg‘or islom akademiyasi bilan aloqalarimiz ham faollashmoqda. Ikki muassasa ilm ahlining muloqoti natijasida ushbu akademiyaning magistr va doktorantlari uchun “Markaziy Osiyoda islom ta’limoti” mavzusida qator ilmiy ma’ruzalarni o‘zida mujassam etgan besh kunlik o‘quv kurslari uyushtirildi. Yakunda Bulg‘or islom akademiyasi rektori Doniyor Abdurahmonov Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasiga minnatdorlik bildirgani kurslarning yuqori saviyada tashkil etilganidan yorqin dalolat bo‘ldi.

Markazning nashr ishlari ham izchil davom ettirilmoqda. Xalqaro munosabatlar yo‘nalishida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) hamkorligida o‘tkazilgan “O‘zbekistondagi qo‘lyozma fondlar: muhofaza qilish, kataloglashtirish va mutaxassislar malakasini oshirish” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy o‘quv-seminari maqolalari yaxlit to‘plam holida nashr etilganini qayd qilish joiz.

Vaqt o‘tishi bilan markaz mehmonlarining safi kengayib bormoqda. Xususan, Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Ruslanbek Kazakbayev, Ispaniya poytaxti Madridning Islom madaniyati markazi direktori o‘rinbosari Hussam Siddiq Xo‘ja shular jumlasidandir.

Bir so‘z bilan aytganda, markaz xalqimizning “Intilganga tole yor”, degan dono naqliga amal qilgan holda pandemiya sharoitiga imkon qadar tez moslashib, o‘z ilmiy faoliyati va xalqaro hamkorligini susaytirmaslik yo‘lidan bormoqda.

Shovosil Ziyodov,

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi,

2020-yil 31-dekabr, 256-son


Print   Email